O‘zbekiston-Afg‘oniston savdo aylanmasi yaqin yillarda 3 mlrd dollarga yetishi mumkin
Olam
−
17 avgust
4127Bugun, 17 avgust kuni Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi Afg‘onistonga bordi. Bu haqda hukumat portalida ma’lum qilindi.
Tashrif doirasida Qobul shahrida “Tolibon” muvaqqat hukumati bosh vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Abdul G‘ani Barodar, uning ma’muriy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdul Salom Xanafiy, siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdul Kabir va tashqi ishlar vaziri Amir Xon Mutakiy bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazilgan.
Uchrashuvlarda Afg‘oniston bilan savdo aloqalarini rivojlantirish, energetika sohasidagi samarali hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish, mis, temir, neft-gaz konlarini birgalikda o‘zlashtirish loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, transport-logistika, qishloq va suv xo‘jaligi, ta’lim, hududlararo munosabatlarni yanada chuqurlashtirish yuzasidan atroflicha fikr almashilgan.
Shuningdek, o‘zaro savdo aylanmasini 2024 yilda 1 milliard dollarga, yaqin yillarda esa 3 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha barcha imkoniyatlar mavjudligi, buning uchun ishga solinmagan resurslarni o‘zaro manfaatli asosda amaliyotga izchil tatbiq etish lozimligi alohida ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov Afg‘onistonga borgani xabar qilingandi. Qobul aeroportida Abdulla Aripovni “Tolibon” muvaqqat hukumati bosh vazirining ma’muriy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdul-Salom Hanafiy kutib oldi. Qobulda Bosh vazir Abdulla Aripov hamda “Tolibon” muvaqqat hukumati rahbariyati o‘rtasida 5 ta shartnoma imzolandi. Aripov uchrashuvda O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
LiveBarchasi