O‘zbekistonlik shifokorlar Tojikistonga yo‘l oldi
Jamiyat
−
08 may 2020
7378Avvalroq, O‘zbekiston bir guruh virusolog shifokorlarini Tojikistonga koronavirus infeksiyasini yengishda yordam berish uchun yuborishi haqida xabar bergan edik.
Bugun, 8 may kuni Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish, ushbu kasallikka chalingan bemorlarni samarali davolashda katta tajriba va malakaga ega bir guruh shifokor mutaxassislarimiz Tojikiston Respublikasiga yo‘l olishdi. Ularni Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov kuzatib qo‘ydi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi mustahkam hamkorlik samarasi o‘laroq Tojikistonga yo‘l olgan o‘zbekistonlik shifokorlar COVID-19 ning oldini olish, nazorat qilish va davolashni tashkil etishda tojikistonlik tibbiyot xodimlariga yaqindan ko‘maklashadi.
Do‘st va yaqin qo‘shni Tojikiston Respublikasiga yo‘l olgan tibbiyot guruhi tarkibiga anesteziolog-reanimatolog, pulmonolog, epidemiolog, infeksionist, virusolog, hamshira kabi koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda katta tajriba to‘plagan malakali tibbiyot xodimlari jam bo‘lishgan.
Eslatib o‘tamiz, shifokorlar bilan birga Tojikistonga 10 ta o‘pkani sun’iy shamollatish apparati va ko‘plab tibbiy vositalardan iborat insonparvarlik yuki ham jo‘natiladi.
LiveBarchasi