O‘zbekiston 2028 yilda o‘zining sun’iy yo‘ldoshini uchirishi mumkin

Jamiyat

image

O‘zbekiston 2028 yilda “Mirzo Ulug‘bek” nomli 6U formatdagi ilmiy sun’iy yo‘ldoshni uchirishi mumkin. Bu haqda bugun, 16 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga kosmosga sun’iy yo‘ldosh uchirish hamda birinchi o‘zbek fazogirini tayyorlash bo‘yicha dastlabki ishlar taqdimoti bilan tanishuvi chog‘ida taklif berildi.

Bugun dunyoda raqobat yangi bosqichga chiqib, iqtisodiy qudrat tabiiy boyliklar bilan emas, intellektual salohiyat va texnologiyalar bilan o‘lchanmoqda. Kosmik texnologiyalar esa strategik ahamiyatga ega yo‘nalishlardan biriga aylangan.

Mamlakatda kosmik ma’lumotlardan foydalanish boshlanganiga ko‘p vaqt o‘tmagan bo‘lsa-da, qisqa vaqt ichida sezilarli amaliy natijalarga erishilgan. Davlat kosmik monitoringi ishga tushirilib, ushbu tizim proaktiv ravishda ishlamoqda.

Shu bilan birga, taqdimot chog‘ida so‘nggi besh yilda masofadan zondlash ma’lumotlariga talab 3 karra oshgani, hozirda kosmik monitoring bilan 10 dan ziyod davlat idoralari va barcha hokimliklar ishlayotgani ko‘rsatib o‘tilgan.

“Eng muhimi, kosmik ma’lumotlar orqali biz “ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydigan” iqtisodiy imkoniyatlarni aniqlab, ularni real daromad manbaiga aylantiryapmiz. Bu davlat resurslarini boshqarish mexanizmi va madaniyati o‘zgarayotganidan dalolat”, deydi Prezident.

Shu bilan birga, kosmik sohada uzoq muddatli va barqaror milliy tizim – sun’iy yo‘ldoshlarni boshqarish, ma’lumotlarni qayta ishlash va ulardan amaliyotda foydalanish infratuzilmasini shakllantirish muhim ekani qayd etilgan. Bundan maqsad mamlakat suveren va ob’ektiv ma’lumotlar manbaiga ega bo‘lish.

Hozirgacha xorijiy davlatlar tajribasi o‘rganilib, bo‘lajak sun’iy yo‘ldoshning aniqligi va foydali yuklamasiga doir texnik talablar aniqlangan.

Taqdimotda ilmiy-texnologik salohiyatni oshirish doirasida birinchi milliy ilmiy sun’iy yo‘ldoshni yaratish loyihasi ham ko‘rib chiqilgan. Loyiha doirasida mutaxassislarni tayyorlash va muhandislik jamoasini shakllantirish, 2028 yilda “Mirzo Ulug‘bek” nomli 6U formatdagi ilmiy sun’iy yo‘ldoshni uchirish taklif qilingan.

Davlat rahbarining tashabbusi bilan birinchi milliy kosmonavtni tayyorlash va uni fazoga uchirish strategik vazifa sifatida belgilangan.

“Bu shunchaki ramziy qadam emas, balki mamlakatimiz ilmiy salohiyati, yoshlarimiz orzusi va milliy g‘ururimiz ifodasi bo‘ladi”, deydi Prezident.

Milliy fazogirni qisqa muddatga – 10-14 kunlik parvozga tayyorlash taklif qilingan, bunday parvozlarni tashkil etish bo‘yicha xalqaro hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqilgan.

Kosmonavtni fazoga uchirish aniq ilmiy dasturni amalga oshirish bilan uzviy bog‘langan bo‘lishi zarurligi qayd etilgan. Bu yutuq mamlakatning xalqaro nufuzini oshirishi bilan birga ilmiy salohiyatni rivojlantirish, yangi loyiha va texnologik tashabbuslarning paydo bo‘lishi, yoshlarning fan va texnologiyalarga qiziqishi ortishiga xizmat qilishi kerak.

O‘zbekiston kosmonavti fazoda bo‘lishi doirasida olib borilishi mumkin bo‘lgan tadqiqotlar yo‘nalishi sifatida tibbiyot va biologiya (masofaviy tashxis qo‘yish, mahalliy dorivor ekstraktlar samaradorligini o‘rganish), o‘simliklar genetikasi (qurg‘oqchilik va sho‘rlanishga chidamli navlarni sinash, yopiq agrobiotizimlar modeli), materialshunoslik (issiqlikni to‘plash va boshqarish uchun materiallar, mato va tolalarni sinovdan o‘tkazish) taklif qilingan.  

2028 yilda Samarqand shahrida kosmos bo‘yicha xalqaro kongress o‘tkazish masalalariga ham to‘xtalib o‘tilgan. Unda AQSH, Yevropa, Xitoy, Hindiston, Rossiya va boshqa davlatlarning yetakchi kosmik tashkilotlari ishtirok etishga qiziqish bildirgan.

Mas’ullarga ushbu xalqaro tadbirga yuksak saviyada tayyorgarlik ko‘rish topshirilgan.

Taqdimot yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev sun’iy yo‘ldoshlar loyihalari va milliy fazogirni tayyorlash bo‘yicha hisob-kitob hamda amaliy takliflarni puxta ishlab chiqish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar bergan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Mirzo Ulug'bek sun'iy yo'ldosh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing