O‘zbekiston hukumati iste’foga chiqdi
Jamiyat
−
20:20
5365Joriy yilning 27 oktyabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovlariga muvofiq, Oliy Majlis palatalari yangi tarkibda shakllantirildi. Shunga ko‘ra, bugun, 19 noyabr kuni Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga ko‘ra amaldagi hukumat yangi saylangan Oliy Majlis oldida vakolatlarini zimmasidan soqit qildi. Bu haqda Bosh Vazir matbuot kotibi Behzod Hidoyatov ma’lum qildi.
“Ma’lumki, 27 oktyabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovlariga muvofiq, Oliy Majlis palatalari yangi tarkibda shakllantirildi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 116-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risidagi qonunning 7-moddasida Vazirlar Mahkamasi Oliy Majlis oldida o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilishi belgilangan. Shu munosabat bilan bugun, ya’ni 19 noyabr kuni, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan amaldagi hukumat yangi saylangan Oliy Majlis oldida o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qildi, ya’ni iste’fo berdi”, dedi Hidoyatov.
Ammo Bosh vazir boshchiligidagi vazirlar jamoasi yangi hukumat tayinlangunga qadar o‘z kursilarini bo‘shatmay turadi.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga asosan amaldagi Vazirlar Mahkamasi hukumat faoliyatida uzluksizlikni, ya’ni to‘xtab qolmaslikni ta’minlash maqsadida yangi tarkibdagi Vazirlar Mahkamasi tashkil etilguniga qadar o‘z faoliyatini davom ettirib turadi. O‘zbekiston hukumatiga rahbarlik Bosh vazir zimmasiga yuklangan, ya’ni u hukumat rahbari hisoblanadi. Bu Bosh vazir boshchiligidagi O‘zbekiston hukumati butunligicha iste’foga chiqqanini anglatadi”, dedi u.
Xo‘sh, Abdulla Aripov o‘rnini kim egallaydi? Yoki u yana hukumat terasiga kelib, yana Bosh vazir etib tayinlanadimi?
“Konstitutsiyamizda yozib qo‘yilgan, Prezidentimiz endi parlamentga ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun Bosh vazir nomzodini taqdim qiladilar. Va tayinlangan Bosh vazir kelgusi besh yildagi faoliyatini, ya’ni amalga oshiradigan ishlari, faoliyati haqida taqdimot o‘tkazadi. O‘shanda Bosh vazirlikka nomzodni tasdiqlashsa, ya’ni parlament ma’qullasa, shundan keyin Prezident o‘sha nomzodni tasdiqlaydi”, dedi iste’foga chiqqan Bosh vazirning voizi.
Ma’lumot uchun, Abdulla Aripov 2016 yil 13 dekabrda O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi tomonidan Bosh vazirlik lavozimiga nomzodi ko‘rsatilgan. 14 dekabrda esa ushbu lavozimga tasdiqlandi. 2020 yil yanvar oyida u Bosh vazir lavozimiga qaytadan tasdiqlangan. Matbuot kotibi Behzod Hidoyatov Bosh vazir faoliyati haqida to‘xtalar ekan, u Aripovning tinimsiz, ta’tilsiz ishlaganining guvohi bo‘lganini aytmoqda.
“Gapning ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, Abdulla Nig‘matovich O‘zbekiston hukumatida deyarli chorak asrdan oshiq vaqt ishlayapti. U haqiqatdan prezidentimiz hukumat oldiga qo‘ygan vazifani, xalqaro doiralarda erishilgan kelishuvlar bo‘ladimi, xoh mamlakatda ijtimoiy iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha bo‘ladimi, chin dildan harakat qildi. Men buni “topshiriqlarni bajarish uchun sarflangan serharakat bir” umr deb atagan bo‘lardim. Serharakat degani dam olish kunlarisiz, respublikaning barcha hududlarida qishin-yozin hammasini bajarib, bor kuchlarini, tajribalarini, salohiyatlarini, kerak bo‘lsa energiyalarini safarbar etib kelganlariga shu kungacha guvoh bo‘lib kelmoqdaman”, dedi u.
Shuning bilan bugundan Vazirlar Mahkamasi tarkibida Abdulla Aripov, uning 5 nafar o‘rinbosarlari – Ochilboy Ramatov, Jamshid Ko‘chqorov, Jamshid Xo‘jayev, Zulayxo Mahkamova, Farhod Ermonov hamda 21 nafar vazirlar rasman iste’foda.
LiveBarchasi