O‘zbekiston harbiylari AQSHda rekord natija bilan g‘alaba qozondi (video)
Jamiyat
−
24 mart
10685O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari, kichik serjant Alishox Abdullayev va III darajali serjant Shohrux Jovkashev joriy yilning 17-20 mart kunlari AQSHning Missisipi shtati “Camp Shelby” harbiy-o‘quv bazasida bo‘lib o‘tgan “Eng ilg‘or jangchi–2025” musobaqasida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Musobaqada o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar AQSH Milliy gvardiyasining Maxsus bo‘linmalari harbiy xizmatchilari bilan kuch sinashgan. Musobaqa davomida O‘zbekiston harbiy xizmatchilari yakka tarkibda jismoniy tayyorgarlik sinovlari (6 ta mashqni o‘z ichiga olgan Fitnes test), jismoniy va ruhiy zo‘riqish yo‘lagidan o‘tish, tunda 15 kilometr masofaga oriyentirlash, 15 kilogramm yuk bilan 20 kilometr masofaga marsh yugurish, jangovar va umumiy tayyorgarlik bo‘yicha test sinovlari, insho yozish (harbiy hamkorlik mavzusida 500 tadan kam bo‘lmagan so‘z), artilleriya olovini boshqarish, AQSH namunasidagi o‘qotar qurollarni noto‘liq qismlarga yoyish, yig‘ish va jangovar holatga keltirish, shuningdek, ulardan turli usul va sharoitlarda o‘q otish, tibbiy tayyorgarlik, ommaviy qirg‘in qurollaridan himoyalanish, kutilmagan (syurpriz) mashqlar kabi shartlarni muvaffaqiyatli bajargan.
“Jumladan, harbiy xizmatchilarimiz jamoaviy bahs — 15 kilogramm yuk bilan 20 kilometr masofaga marsh yugurish shartini 1 soat 50 daqiqa ichida bajardi. Shuningdek, yakka tartibdagi bahslarda III darajali serjant Shohrux Jovkashev 3 kilometr 219 metr masofani 11 daqiqa 18 soniyada bosib o‘tgan bo‘lsa, kichik serjant Alishox Abdullayev 250 metr masofaga yugurish davomida majmuaviy mashqlarni 1 daqiqa 18 soniyada bajarib, 5 kilogramm og‘irlikdagi koptokni 12,3 metr masofaga uloqtirishga muyassar bo‘ldi. E’tiborli jihati shundaki, mazkur shartlarning barchasida harbiy xizmatchilarimiz musobaqa rekordini yangiladi”, deyiladi xabarda.
Yakunda harbiy xizmatchilar musobaqaning maxsus sovrini bilan taqdirlangan. Kecha, 23 mart kuni g‘oliblar Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali ravishda kutib olindi.
Ma’lumot uchun, mazkur musobaqada o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar 2019 yildan beri qatnashib, har birida ishtirokchilardan mutlaq ustunlik bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritib keladi.
LiveBarchasi