O‘zbek san’ati og‘ir judolikka uchradi
Madaniyat-san’at
−
11 iyun 2019
28568O‘zbekiston madaniyati va san’ati og‘ir judolikka uchradi. O‘zbek raqs san’ati afsonasi, O‘zbekiston xalq artisti Qunduz Mirkarimova 94 yoshida olamdan ko‘z yumdi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar bermoqda.
Qunduz Mirkarimova 1925 yil Toshkentda tug‘ilgan. Raqqosa, baletmeyster va pedagog. Tamaraxonim nomidagi balet maktabida ta’lim olgan (1937-1941), Katta teatr (Moskva) qoshidagi xoreografiya bilim yurtini tugatgan (1951).
Yangiyo‘l musiqali drama va komediya teatrida (1943-1946), Muqimiy teatrida (1946-1949), Navoiy teatrida (1951-1953), O‘zbekiston davlat filarmoniyasida (1953-1956) yakkaxon raqqosa, “Bahor” ansamblida yakkaxon raqqosa va pedagog-repetitor (1957-1967), badiiy rahbar (1979-1988), Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabida pedagog (1964-1979 va 1988 yildan; 1996 yildan professor) sifatida faoliyat yuritdi.
Uning ijrosidagi raqslar samimiy, nafis va jozibadorligi, harakatlari sho‘x va jo‘shqinligi bilan ajralib turadi. Qunduz Mirkarimova “G‘ayratli qiz”, “Katta o‘yin”, “Xorazmcha raqs”, “Uyg‘urcha raqs”, “Rohat”, “Jonon”, “Nay navosi”, “Bahor tongi”, “Tanovor”, “Zang o‘yin”, “Pomircha raqs”, “Dildor”, “Gulruh”, “Gulnoz” kabi mumtoz, xalq, zamonaviy va boshqa xalqlar raqslarini mahorat bilan ijro etgan. Shuningdek, u maqom kuylariga tushgan raqslari bilan ham mashhur edi. Qunduz Mirkarimova raqs sirlarini Mukarrama Turg‘unboyeva, Roziya Karimova, Gavhar Rahimova kabi buyuk raqqosalardan o‘rgangan.
Raqs san’ati darg‘asi uzoq va baxtli, tarixiy va ijodiy hodisalarga boy hayot kechirdi. Umri davomida u xoreografiyaning beqiyos primasi, baletmeyster, afsonaviy o‘zbek raqslarining ijrochisi va sahnalashtiruvchisi sifatida dunyoga tanildi. Xitoy, Fransiya, Avstriya, Polsha, Angliya, Shotlandiya, Braziliya kabi dunyoning o‘ttizdan ortiq mamlakatlarida bo‘lib, o‘zbek raqslarini namoyish etdi. Betakror san’atkor hayoti davomida mahoratli pedagog sifatida raqs san’atida ko‘plab shogirdlar yetishtirdi. Uning shogirdlari orasida bugun davlatimizning yuksak unvonlariga sazovor bo‘lganlar ko‘plab topiladi.
Qunduz Mirkarimova O‘zbekiston xalq artisti, Sobiq ittifoq xalq artisti, Mukarram Turg‘unbova nomidagi mukofotlar sovrindori sanaladi. 1997 yilda esa “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.
QALAMPIR.UZ tahririyati a’zolar nomidan marhumaning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
LiveBarchasi