O‘zbek milliy maqom san’ati markaziga direktor tayinlandi
Jamiyat
−
04 Sentabr 2025 6379 1 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining tegishli buyrug‘iga asosan, Farrux Yunusov O‘zbek milliy maqom san’ati markazi direktori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Madaniyat vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur tayinlov jamoaga O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov boshchiligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda e’lon qilingan. Yig‘ilishda Markazning markaziy apparati xodimlari hamda Yunus Rajabiy nomidagi “Maqom” ansambli ijodiy jamoasi ishtirok etgan.
Yig‘ilish davomida Bahodir Ahmedov Farrux Yunusovni tabriklab, maqom san’ati yo‘nalishida yangi tashabbus va amaliy yondashuvlarni amalga oshirishini ta’kidlagan. Shuningdek, milliy san’atni targ‘ib etishda tizimli loyihalar ustida ishlash bo‘yicha tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar bergan.
Ma’lumot uchun, Farrux Yunusov Madaniyat vazirligi tizimidagi turli muassasalarda –“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi va Madaniyat vazirligining markaziy apparatining ijodiy va tashkiliy lavozimlarida faoliyat yuritgan. Xususan, u ijodkor yoshlar bilan ishlash, xalqaro madaniy aloqalarni rivojlantirish, tanlovlarni rejalashtirish va o‘tkazish borasidagi tashabbuslarni ilgari surgan. U tayinlovga qadar Madaniyat vazirligining Ijodkor yoshlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Alibek Kabdurahmonov Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri direktori lavozimiga tayinlangan edi.
Live
Barchasi