O‘zbek-qozoq bellashuvi. Tailanddagi boks musobaqasida qaysi tomon g‘alaba qozondi?

Sport

image

Bugun, 15 iyul kuni Tailandning Puket shahrida IBA Champions Night (Chempionlar oqshomi) turniri bo‘lib o‘tdi. Unda 7 ta vazndagi jami 14 nafar bokschi o‘zaro bellashdi. E’tiborli jihati, musobaqada mazkur sport bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqasidagi azaliy raqiblar — O‘zbekiston va Qozog‘iston bokschilari to‘qnashuvi ham tashkil etildi.

-63 kilogramm vazn toifasida O‘zbekiston vakili Mujibillo Tursunov qozog‘istonlik raqibi Muhammadsobir Bazarbay Uuluni 5 raund to‘liq davom etgan jangda hakamlarning yakdil qarori asosida mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa, -71 kilogramm vazndagi o‘zbekistonlik Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev qozoq raqibi Dulat Bekbauov ustidan g‘alabaga erishdi.

Bu orqali o‘zbek sportchilari yana bir bor Qozog‘iston boks maktabi tarbiyalanuvchilaridan ustun keldi. Shuningdek, ular IBA tomonidan maxsus chempionlik kamari va 10 ming dollarlik pul mukofoti bilan taqdirlandi. Mag‘lub sportchilarga esa 5 ming dollarlik sertifikat taqdim etildi.

Ma’lumot uchun, ushbu turnirda O‘zbekiston boks terma jamoasidan 3 nafar sportchi ishtirok etdi va ularning barchasi raqiblaridan ustun keldi. Jumladan, havaskor boksda Olimpiada va Jahon chempioni Hasanboy Do‘smatov ham musobaqa doirasida ispaniyalik Martin Molina Salvadorga qarshi jang qilib, ochkolar evaziga  g‘alaba qozondi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston O'zbekiston IBA

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing