O‘zbek futbolida eng yaxshilar aniqlandi

Sport

image

Bugun, 26 dekabr kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi binosida 2023 yil yakunlariga ko‘ra, o‘zbek futbolining eng yaxshilari aniqlanib, mukofotlar o‘z egalariga topshirildi.

20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogi sohibi, yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionati ishtirokchisi, O‘zbekiston U-20, U-23 va milliy terma jamoalarida ishonchli o‘yin ko‘rsatib kelayotgan yosh iqtidor egasi Abbosbek Fayzullayev “Yilning eng yaxshi futbolchisi” sovriniga loyiq deb topildi.

O‘zbekiston ayollar terma jamoasi hamda “Sevinch” klubi yetakchisi Lyudmila Karachik “Yilning eng yaxshi ayol futbolchisi” sovrinini qo‘lga kiritdi.

O‘zbekiston mezbonlik qilgan U-20 Osiyo kubogida jamoasi bilan birgalikda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan mutaxassis Ravshan Haydarov “Yilning eng yaxshi murabbiyi” deb e’tirof etildi.

20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogi sohibi, yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionati ishtirokchisi, O‘zbekiston U-20, U-23 va milliy terma jamoalarida ishonchli o‘yin ko‘rsatib kelayotgan iqtidor egasi Abduqodir Husanov “Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi” sovriniga loyiq deb topildi.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Osiyo futbol konfederatsiyasi tomonidan 2023 yilning “Eng yaxshi assotsiatsiyasi” deb topildi.  Shu munosabat bilan mazkur sovrinlar O‘FA prezidenti Abdusalom Azizovga topshirildi.

Shuningdek, yana bir qator nominatsiyalarda g‘oliblar aniqlandi.

“Ayollar Oliy ligasi to‘purari” “So‘g‘diyona” yetakchisi Diyora Habibullayeva ketma-ket uchinchi mavsum Oliy liganing eng yaxshi to‘purariga aylanmoqda. Joriy yilga kelib Diyora chempionat doirasida raqiblari darvozasiga 61 ta to‘p kiritishga muvaffaq bo‘ldi.

“Sevinch” klubi bosh murabbiyi Vladislav Xan “Ayollar futboli bo‘yicha yilning eng yaxshi murabbiyi” sovrinini qo‘lga kiritdi. Mazkur klub vakilasi Umida Zoirova “Ayollar Oliy ligasida yilning eng yaxshi futbolchisi” sovrinini qo‘lga kiritdi.

O‘zbekiston futzal milliy terma jamoasi yetakchilaridan biri, o‘tgan mavsum chempioni Husniddin Nishonov “Yilning eng yaxshi futzalchisi” sovrinini qo‘lga kiritdi. O‘tgan mavsumda BMB futzal jamoasi bilan birgalikda mavsum chempionligini qo‘lga kiritgan mutaxassis Nodir Eliboyev mazkur sovriniga loyiq deb topildi. 

Andijon FA –“Yilning eng yaxshi hududiy futbol assotsiatsiyasi” deb topildi.

O‘zbek futbolining o‘tmishdagi yorqin yulduzlaridan biri, ayni paytda O‘FA Faxriylar kengashi raisi sifatida faoliyat olib borayotgan inson To‘lagan Isoqovga “Futbol fidoyisi” sovrini topshirildi. Futbolimiz faxriysi, ayni kunlarda muborak 90 yoshni qarshi olgan Lev Viktorovich Vaxtin “O‘zbek futboli nuroniysi” sovriniga loyiq deb e’tirof etildi.  U ko‘p yillar davomida O‘zbekistonda malakali futbolchi va mutaxassislarni tarbiyalanishida o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelgan.


Maqola muallifi

Teglar

futbolchilar O'zbek futboli Yilning eng yaxshi futbolchisi Yilning eng yaxshi ayol futbolchisi Yilning eng yaxshi murabbiyi Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made