“UzAuto Motors” sanksiyalar sabab Rossiyaga avtomobil sotishni to‘xtatdi – OAV

Jamiyat

image

“UzAuto Motors” sanksiyalar rejimiga amal qilish doirasida mamlakatning eng yirik savdo sherigi bo‘lgan Rossiyaga avtomobil eksport qilishni to‘xtatdi. Bu haqda “Eurasianet” xabar berdi. 

“UzAuto Motors” — “General Motors” (GM) guruhining Chevrolet avtomobillarini ishlab chiqaradi. Bu mashinalarda Rossiyaga nisbatan G‘arb sanksiyalariga qo‘shilgan Janubiy Koreyada ishlab chiqariladigan yarimo‘tkazgichlar va mikrosxema qismlari mavjud.

“Agar “UzAuto Motors” Rossiya Federatsiyasiga avtomobil jo‘natishda davom etsa, uning Andijon yaqinidagi zavodiga butlovchi qismlar yetkazib berish to‘xtatiladi. So‘nggi yillarda kompaniya ehtiyot qismlarni yetkazib berishda qiyinchiliklarga duch keldi”, deyiladi xabarda.

Nashr GM’ning Detroytdagi (AQSH) shtab-kvartirasi vakiliga tayanib, ma’lum qilishicha, “UzAuto Motors” joriy yilning 9 martidan boshlab Chevrolet avtomobillarini Rossiyaga eksport qilishni to‘xtatgan.

“Kompaniya avtomashinalar yoki ehtiyot qismlarni tashish uchun Rossiya portlaridan foydalanishni to‘xtatganini tasdiqladi, ammo baribir Rossiyaga avtomobillarni sotish masalasini muhokama qilishdan bosh tortdi”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, “UzAuto Motors” 2021 yilda ishlab chiqarish hajmini ancha qisqartirishga majbur bo‘lgan edi. Bunga asosiy sabab qilib butun jahonda bir necha yillardan buyon davom etib kelayotgan mikrosxemalar yetishmovchiligini ko‘rsatdi. Oradan vaqt o‘tib, Chevrolet Lacetti va Cobalt avtomobillarini vaqtincha magnitolasiz yetkazib berishini ma’lum qildi. Chunki Janubiy Koreya ishlab chiqaruvchisi avtomagnitolani yetkazib berishda uzilishlarni boshdan kechirayotgani edi.

O‘tgan yili Markaziy Osiyodagi eng yirik va O‘zbekistondagi yagona avtomobil zavodi bo‘lgan “UzAuto Motors”ning ishlab chiqarish hajmi 15,5 foizga kamayib, 236 667 ta avtomobilni tashkil qildi. 2021 yilning yanvar-sentyabr oylari oralig‘ida eksport qilingan 25 171 ta avtomobilning qariyb 96 foizi dastlab qo‘shni Qozog‘istonga mo‘ljallangan. 448 tasi esa Ukrainaga va 320 tasi Rossiyaga eksport qilingan. 2019 yilda Rossiya O‘zbekiston avtomobil eksportining qariyb 12 foizini tashkil etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

645

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing