UzAuto Motors boshqaruvda xorijliklarni ishlatyapti(mi?)
Biznes
−
27 iyun 2023
13911UzAuto Motors'ning ma’lum qilishicha, dunyoning yirik avtomobil kompaniyalaridan yuqori malakali xalqaro mutaxassislar jalb qilingan.
Quyida kompaniyaning 5 ta asosiy yo‘nalishini xorij tajribasi asosida boshqarib kelayotgan tajribali mutaxassislar bilan tanishishingiz mumkin:
Aaron Deyl Jons – UzAuto Motors ijrochi direktorining ta’minot tizimi va logistika bo‘yicha o‘rinbosari. U avtomobilsozlik sohasida qariyb yarim asrlik tajribaga ega. Aaron Johns o‘z faoliyatini 1976 yilda eng yirik avtomobilsozlik kompaniyasi “General Motors”ning ishlab chiqarish bo‘limidan boshlagan. Faoliyatining turli davrlarida u General Motors'ning top-menejmentida asosiy o‘rinlarni egallagan. Aaron Jons General Motors korporatsiyasidagi ko‘p yillik faoliyati davomida ishlab chiqarish texnologiyalari bo‘yicha direktor, sifat va yetkazib beruvchilarni sifati bo‘yicha direktor, shuningdek, xalqaro ta’minot zanjiri operatsiyalari, ishlab chiqarish va global ta’minot bo‘yicha direktor bo‘lib ishlagan. Joriy yilning iyun oyida u UzAuto Motors kompaniyasiga ta’minot zanjiri va logistika yo‘nalishlarini samarali boshqarish maqsadida ta’minot tizimi va logistika bo‘yicha ijrochi direktor o‘rinbosari sifatida jalb etilgan.
Dipak Kumar Singh – kompaniyaning yetkazib beruvchilar sifati bo‘yicha maslahatchisi. U avtomobilsozlik sanoatidagi butun faoliyati davomida General Motors kompaniyasida sifat va yetkazib beruvchilarni rivojlantirish sohasida ishlagan. U yillar davomida yetkazib beruvchilar sifati bo‘yicha muhandis, shuningdek, General Motors kompaniyasining Hindiston va Shimoliy Amerikadagi global xarid strategiyasi muhandisi lavozimlarida faoliyat yuritgan. Ayni damda Dipak Kumar Singh UzAuto Motors yetkazib beruvchilarining sifati bo‘yicha maslahatchi bo‘lib ishlayapti. U UzAuto Motors zavodi uchun komlektatsiya yetkazib beruvchilarining mahalliy tarmog‘ini rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.
O Kangse – Mashinasozlik va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha maslahatchi. U avtomobillarni ishlab chiqarish va sifatini nazorat qilish sohasida 40 yildan ortiq tajribaga ega. Ko‘p yillik faoliyati davomida Oh Kangse dunyoning ko‘plab yirik kompaniyalarining ishlab chiqarishini loyihalash sohasining yetakchi mutaxassisiga aylangan. O‘z faoliyatini Hyundai Motors (Koreya) kompaniyasining muhandis-texnologi sifatida boshlagach, Oh Kangse bir qator lavozimlarda, jumladan, “Samsung Motors” (Koreya) kompaniyasining ishlab chiqarishni loyihalash va sifat nazorati bo‘yicha direktori, “Sevon Presision Ltd” kompaniyasining texnik direktori, shuningdek, “EINS Automation, Ltd.” (Tailand) sanoat uskunalarini ishlab chiqarish kompaniyasining vitse-prezidenti lavozimlarida faoliyat yuritgan. Hozirda Oh Kangse UzAuto Motors kompaniyasining Mashinasozlik va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha maslahatchisi bo‘lib kelmoqda.
Jaecheol Park – UzAuto Motors'ning xalqaro ishlab chiqarish tizimlari bo‘yicha eksperti. Dunyo bo‘yicha yirik korxonalarda 37 yillik mehnat tajribasiga ega. Faoliyati davomida Jaecheol Park Xitoy, Koreya, Hindiston, Tailand, Avstraliya va O‘zbekistonning 26 ta avtomobil va quvvat agregatlari zavodlarida GM GMS global ishlab chiqarish tizimini o‘qitish va tekshirish ishlarini amalga oshirgan. Bundan tashqari, u bir qator korxonalarning sifat darajasini BIQ4 xalqaro darajasiga ko‘targan. Shuningdek, Jaecheol Park O‘zbekistondagi UzAuto Motors zavodida CSS Prime yangi avlod dvigatellari ishlab chiqarishni ishga tushirishda, Asaka va Pitnakdagi UzAuto Motors zavodlarida BIQ4 ishlab chiqarish sifati sertifikatini olishda faol ishtirok etgan.
Mixail Semenixin – O‘zbekiston va eksport bozorlarida Chevrolet brendi dilerlik tarmog‘i, marketing, PR'ni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i. U Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi va xorij mamlakatlaridagi eng yirik kompaniyalarda brend, dilerlik tarmog‘i va sotuvni rivojlantirish bo‘yicha 30 yildan ortiq tajribaga ega. Semenixin faoliyatining 23 yilini Volksvagen Group korporatsiyasining savdo tarmog‘ini, shuningdek, “Bosch-Siyemens Hausgeräte GmbH” xalqaro kompaniyasini rivojlantirishga bag‘ishlagan. 2023 yilning iyun oyidan boshlab u UzAuto Motors kompaniyasida O‘zbekiston va eksport bozorlarida Chevrolet brendi dilerlik tarmog‘i, marketing, PR'ni rivojlantirish bo‘yicha boshqarmasi rahbari lavozimida ishlab kelmoqda.
LiveBarchasi