“O‘zatom” va “Rosatom” hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni imzoladi

Jamiyat

image

Bugun, 24 mart kuni Toshkent shahrida va Jizzax viloyatining Forish tumanidagi bo‘lajak AES qurilish maydonchasida bo‘lib o‘tgan tadbirlar doirasida strategik hamkorlikka oid muhim hujjatlar imzolandi hamda dastlabki beton ishlariga rasman start berildi. Bu haqda “O‘zatom” xabar berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasini rivojlantirish agentligi (“O‘zatom” agentligi) va “Rosatom” atom energiyasi bo‘yicha davlat korporatsiyasi o‘rtasida atom va unga yondosh sohalardagi hamkorlik bo‘yicha yo‘l xaritasi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida integratsiyalashgan atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha shartnomaga doir kelishuv imzolangan. Hujjatni “O‘zatom” agentligi direktori Azim Ahmedxo‘jayev va “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov imzolagan.

Yo‘l xaritasi o‘zaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini qamrab oladi: AES qurilishi loyihasini amalga oshirish bosqichlari, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, atom energetikasining jamoatchilik tomonidan qabul qilinishini ta’minlash, bo‘lajak atomchilar shaharchasi infratuzilmasini yaratish va sohani kompleks rivojlantirish.

“Yo‘l xaritasining imzolanishi O‘zbekiston va Rossiyaning atom energetikasi sohasidagi hamkorligi keng qamrovli xarakterga ega ekanini tasdiqlaydi. Bu hamkorlik mamlakat iqtisodiyoti va ijtimoiy hayotining turli sohalarini rivojlantirishga xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.

Shu bilan birgalikda Jizzax viloyati Forish tumanidagi AES qurilish maydonchasida RITM-200N reaktoriga ega kam quvvatli atom elektr stansiyasi energoblokini barpo etish doirasida dastlabki beton ishlarini boshlashga bag‘ishlangan marosim boshlangan. Marosimni O‘zbekiston Respublikasida AES qurilishi direksiya direktori Abdujamil Kalmuratov va “Atomstroeksport” AJ vitse-prezidenti – O‘zbekistonda AES qurilishi loyihasi direktori (“Rosatom” davlat korporatsiyasining muhandislik divizioni) Pavel Bezrukov tantanali ravishda ochib bergan.

Hozirgi vaqtda reaktor binosi ostiga beton asos tayyorlash ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu bosqichni joriy yil aprel oyida yakunlash rejalashtirilgan. Jami 900 metr kubga yaqin beton qorishmasi yotqiziladi. Ishlar yakunida reaktor binosi poydevori uchun gidroizolyatsiya va yerga ulash tizimiga ega asos tayyorlanadi.

Shuningdek, stansiyaning yangilangan konfiguratsiyasini tasdiqlovchi kontraktga doir bitim imzolangan:

  • 3+ avlodiga mansub VVER-1000 reaktorlariga ega ikkita energoblok;
  • RITM-200N reaktorlariga ega ikkita energoblok (har biri 55 MVt).

Stansiya to‘liq quvvat bilan ishga tushgach, yiliga qariyb 15,4 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi – bu O‘zbekistondagi umumiy elektr energiyasi iste’molining 15 foizidan ortig‘ini tashkil etadi.

“AES qurilishi direksiyasi” davlat korxonasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining RITM-200N reaktor qurilmalariga ega ikkita AES energoblogini joylashtirish maydonidan foydalanish uchun ruxsatnoma olinishi O‘zbekiston Respublikasida atom elektr stansiyasini qurishga tayyorgarlikning muhim bosqichi bo‘ldi”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, ekspertiza faol tektonik yoriqlar, yuqori seysmiklik zonalari yoki jadal karst hosil bo‘lish hududlari kabi AESning reaktor qurilmalariga ega ikkita energoblogini joylashtirishni taqiqlovchi omillar mavjud emasligini tasdiqlagan. Ijobiy xulosa tanlangan maydonchaning yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlik talablariga, ekologik me’yorlar hamda texnik standartlarga to‘liq mos kelishini namoyon etadi. Ushbu hujjat maydonchadan foydalanish uchun asosiy hujjat bo‘lib, har qanday AESning hayotiy siklidagi eng muhim bosqichlardan biri hisoblanadi.

U loyihaning barcha bosqichlarida maksimal xavfsizlikni ta’minlagan holda, batafsil loyihalashtirish, muhandislik-tayyorgarlik va qurilishning keyingi bosqichlari bo‘yicha ishlarni davom ettirish imkonini beradi.

“Ushbu loyiha, mamlakat energiya mustaqilligi va barqaror o‘sishining asosiy yo‘nalishi sifatida atom sanoatini rivojlantirishni shaxsan qo‘llab-quvvatlayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning qat’iy nazoratlari ostida amalga oshirilmoqda. Jadval va eng yuqori xavfsizlik standartlariga qat’iy rioya qilgan holda, biz bosqichma-bosqich oldinga ketyapmiz: bu ishlar o‘z ichiga beton tayyorgarligidan reaktor binosini qurishgacha, uskunalarni o‘rnatishdan toki energiya bloklarini ishga tushirishgacha bo‘lgan ishlarni o‘z ichiga oladi”, deydi Azim Ahmedxo‘jayev jurnalistlarga bergan izohida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzaxdagi bo‘lajak atom elektr stansiyada mehnat qiladigan mutaxassislar va ularning oilalari uchun 10 ming kishilik monoshaharcha qurilishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rosatom O'zatom AES yo'l xaritasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing