“Bizda tergovning mavqei baland bo‘lib ketgan”. So‘z Adliya vaziriga

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Ruslanbek Davletov mamlakatdagi sud-tergov masalalarida o‘z fikrlari va takliflarini bildirdi. Ba’zi jihatlar vazir tomonidan salbiy baholandi. Bu haqda Hukumatning bosh yuristi 3 fevral kuni jurnalist va blogerlar bilan uchrashganda aytib o‘tdi.
 
“Tergov jarayonlari bo‘yicha olsak, bizda tizim haqiqatni yuzaga chiqishi uchun izlanadi. Tergovchi ham, prokuror ham agar shaxs aybsiz bo‘lsa, qo‘yib yuborishi kerak. Lekin boshqa davlatlarda, masalan Angliyada (ADVERSARIAL system) hamma isbot uchun kurashadi. Isbot bilan motivatsiya qilinadi. Haqiqat desak, hammaning o‘zini haqiqati bor. Bizda tergovda “haqiqat ro‘yobga chiqdi” deyiladi. Shu sababli, prokuror ayblov xulosasini tasdiqlab berishi kerak. Keyin prokuror ta’qib qilib, davlatning qoralov funksiyasini sudda bajarishi kerak. 

Butun tizimda bu shakllangan. Hamma haqiqat ortidan quvadi. Buning natijasida tergovning mavqei baland bo‘lib ketgan. Advokatlar ham “tergovchi bunga e’tibor bermayapti” deb aytib qolishadi. Chet elda xursand bo‘lib, “tergovchi bilmagani yaxshi, sudda yutamiz” deb o‘tirishadi. Chet elda tergovning ustidan shikoyat berishmaydi. Bizda ham xuddi shunaqa bo‘lishi kerak”, deydi Adliya vaziri.

Ruslanbek Davletov tergov ishlarini yanada demokratlashtirish bo‘yicha o‘z takliflari bilan o‘rtoqlashdi. Xususan, vazir sud tergovi degan tartibni salbiy baholadi.

“Bizda sud tergovi degan narsa bor. Men o‘ylaymanki, bu ham noto‘g‘ri. Sud xolis bo‘lishi kerak. Ikki tomon kelyapti. Ikki tomon pozitsiyasini aytishi kerak. Aybdormi aybdormasmi, degan masala hal bo‘lishi kerak. Angliyada “jury” degan narsa bor. Bunga ham o‘tish kerak. Juda demokratik tizim. Chunki xalqning o‘zi aybdor yoki aybdor emasligini aytishi kerak. Xalq maslahatchilari bor, bizda. Bu endi og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarda ishtirok etadi. Bunday jinoyatlar umumiy jihatidan 25 foizni tashkil etadi”, deb ta’kidladi Ruslanbek Davletov.
Vazir o‘z nutqida savolga javob berar ekan, jinoyat-protsessual kodeksining 297-moddasidagi norma bo‘yicha muxbirning fikriga qo‘shilishini aytdi va ayni vaqtda jinoyat-protsessual kodeksi bo‘yicha alohida ishchi guruh tuzilganini aytib o‘tdi. 

Ma’lumot o‘rnida, Jinoyat-protsessual kodeksining 297-moddasida jinoyatni oldini olish choralaridan biri surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning taqdimnomasi haqida so‘z boradi. 

297-moddaga ko‘ra, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror jinoyat ishini tergov qilish chog‘ida jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlab chiqib, tegishli davlat organiga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga, jamoat birlashmasiga, jamoaga yoki mansabdor shaxsga ana shu sabab va shart-sharoitlarni bartaraf qilish choralarini ko‘rish to‘g‘risida taqdimnoma kiritadi. Taqdimnomaning nusxasi ishga qo‘shib qo‘yiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Ruslanbek Davletov

Baholaganlar

66

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing