O‘ynab gapirsang ham o‘ylab gapir yohud qachongacha “qovun tushirasiz”?
Tahlil
−
11 Sentabr 2019
34797XVIII asrning ikkinchi yarmida Fransiyada narx-navoning oshib ketishi natijasida xalqning, hatto, non sotib olishga qurbi yetmay qoladi. Shunda qirolicha Mariya Antuanettaga “Xalq non sotib olishga qiynalyapti, narx-navo oshib ketdi”, deya murojaat qiladi Jan Jak Russo. Qirolicha unga: “Modomiki, xalq non sotib ololmayotgan ekan, unda “pirojnыy” sotib olib yesin”, degan gapni aytadi. Bu bilan Mariya Antuanetta o‘ziga xos “diplomatiya” sabab vaziyatdan chiqib ketgan edi. Qirolichaning o‘ylamasdan aytgan gaplari keyinchalik uning boshiga balo bo‘lishi va alaloqibat qatl etilishiga olib keladi. Chunki, xalqning sabr-kosasi to‘lgan edi. Guyo Mariya uchun xalqning qiynalayotgani muhim emas, u toju-taxtni irod etsa bo‘lgani edi.
Bu qadimgi voqea bejiz eslanmadi. Bugun yuqori lavozimlarda faoliyat yuritayotgan rahbarlardan tortib, ularning atrofidagi rahbarchalargacha katta-katta anjumanlarda, yig‘ilishlarda aytayotgan gaplarini eshitib, ularning xalq dardi, orzu-umidlaridan uzilib qolgani, ro‘zg‘ori, kundalik tashvishlaridan bexabarligini, dunyoyi dunni besh qarichi bilan o‘lchayotganini ko‘rib, xayolimdan Mariya xonim o‘tadi.
Juda ko‘p go‘sht iste’mol qilyapmiz
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi majlislar zalidagi matbuot anjumanida ishtirok etgan O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Hayitovning “Juda ko‘p go‘sht iste’mol qilyapmiz”, degan gaplari bugun ijtimoiy tarmoqlarni larzaga keltiryapti. Ko‘p go‘shtni siz iste’mol qilyapsizmi yo bizmi, degan haqli savollar, turli mulohazalarni keltirib chiqaryapti.
Aktam Hayitovning gapi so‘zimiz avvalida tilga olingan va iboraga aylanib ketgan fransuz qirolichasining non sotib ololmasa “pirojnыy” olib yesin degan gaplariga o‘xshashligini payqaysan kishi.
Dunyo tajribasida mansabdorlar boshqalarga qaraganda, matbuotga javob berishda nihoyatda ehtiyotkor bo‘ladi. Bizda esa OAV bilan ishlashda davlat amaldorlarnining aksariyatida tajriba yetishmaydi. Chunki, mansabdor yuqori lavozimga erishgunga qadar o‘zining boshliqlariga majlislarda, jamoatchilik orasida munosabat bildirishga cho‘chiydi va natijada u faqat qog‘ozga qarab hisobot o‘qib berishni uddalaydigan shaxsga aylanadi. OAV savollariga javob berish, odamlar bilan muloqot qilish payti kelganda esa, aniq bir javob topolmay hissiyotlarga berilib, og‘ziga kelganini gapirib yuboradi va son-sanoqsiz “qovun tushiradi”.
Yaqinda xorijiy rusumdagi qimmatbaho avtomobilni boshqarayotgan qirg‘iz deputatlarining avtoulov o‘zingiznikimi, uni olib kelishda deklaratsiya to‘ldirganmisiz, bu avtomobil kimning nomida kabi bir qator savollarga yo‘l-yo‘lakay, tuyqusdan bergan javoblari tushirilgan video tarqaldi. Deputatlar shunchalik og‘ir-bosiqlik, vazminlik bilan javob berdiki, bundan uning nutq diplomatiyasidan yaxshigina xabardorligi, asosiysi savol beruvchilarni jerkib tashlamagani, vaziyatdan silliq chiqib ketganiga guvoh bo‘lasan kishi. Rostan ham halol puliga, oyligiga Lexus olib minibdi devorasan.
Qo‘shni respublika deputatlarining bosiqlik bilan javob berganini ko‘rib, o‘zimizning ayrim amaldorlar ham avtomobili haqida gapirmasa ham bajarayotgan ishlari haqida hisob berishga kelganda qirg‘izistonlik mansabdorlardan o‘rnak olsa bo‘lardi, degan o‘y o‘tadi. Chunki, hissiyotga berilib poyintar-soyintar javob berayotganlarning ijtimoiy tarmoqdarda “yulduz”ga aylanayotgani faxr emas, aksincha, uyat.
Yillar davomida rahbarlikka, yuqori lavozimlarga tayinlanib, xalqning, respublikaning ertasini hal qilayotgan, iqtisoddan tortib siyosatning tizginini tutib turganlarda na nutq, na notiqlik san’ati, na so‘zlashuv madaniyati va na diplomatiya yo‘qligini ko‘rib, achinasan kishi. Biz shularga ishondikmi?
Anjumanlardan birida siyosiy va iqtisodiy inqirozlar sabab inflyatsiyani boshidan o‘tkazayotgan Venesuelaga nisbatan O‘zbekistonni qiyoslashdi. Buni gapirgan odam ham kichkina lavozim egasi emasdi. Uning o‘xshatishi qanchalik to‘g‘ri? O‘sha Venesuelada birgina benzinning narxi ichimlik suvidan ham arzon ekan. Ya’ni 10 sentga 1 litr benzin sotib olish mumkin.
Kasbimiz taqozosi bilan brifinglar va matbuot anjumanlarida ishtirok etishimizga to‘g‘ri keladi. Ana shunday vaziyatlarda aksar amaldorlarning OAV xodimlariga nisbatan keskin javob qaytarishiga, jurnalistlarni mulzam qilishiga yoki beparvolik bilan boshqa mavzuga o‘tib ketayotganiga guvoh bo‘lamiz. Boz ustiga oldi-qochdi javoblar ham tez-tez uchrab turadi.
Bir oy ilgari Davlat test markazining matbuot anjumanini yoritish uchun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining majlislar zaliga bordik.
Xo‘p, e’tiborga olamiz
Tadbir rasman ochilgandan so‘ng markaz mutasaddisi Barno Rajabovning uzundan-uzoq ma’ruzasi tinglandi. To‘g‘rirog‘i bu ma’ruza qog‘ozga tushirilgan hisobot shaklida edi. Yozma nutq og‘zaki ko‘rinishda yakuniga yetishi hamanoq, savollar bormi deyildi. Etiketga amal qilib, savol va taklif bilan murojaat qildim. Biroq mutasaddi xo‘p e’tiborga olamiz, dediyu savolga javob o‘rniga gapni boshqa tomonga yo‘naltirdi. Bu bilan OAV xodimi bo‘lsang o‘zingga, bu yerda men hal qilaman nimani gapirish-gapirmaslikni degandek edi guyo. Barno Rajabovga savolimga javob bermadingiz deganimdan keyingina yonidagi DTM matbuot xizmati rahbari bilan javob berishga harakat qildi.
O‘tkir savol beryapsiz, lekin...
Ming afsuski, jurnalistlarning savollariga to‘liq javob bermaslik, burilib o‘tish, matbuot anjumaniga tayyorlanib kelmaslik kabi holatlar baribir kuzatilyapti.
Shu yilning 10 sentyabr kuni QALAMPIR.UZ muxbiri Feruza Najmiddinova Axborot va ommaviy kommmunikatsiyalar agentligida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Orif Bo‘tayevga OAVning yozma murojaati natijasi bo‘yicha savol berdi. Bank mutassaddisining to‘mtoq javobidan keyin unga boshqa savol bermaslik joiz topildi. Eng qizig‘i jurnalist o‘z savoliga batafsil javob olish uchun qayta-qayta savol bilan murojaat etganda, “O‘tkir savol beryapsiz, lekin...” degan pisanda javob oldi. Xo‘sh, jurnalist o‘tkir savol bermasa, anjumanga nimaga chaqirildi: tomoshabin bo‘lib, qarsak chalib kelganimi?
O‘tgan oy O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jasliq qo‘rg‘onida joylashgan koloniyani tugatishga oid qarori yuzasidan IIV tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ham Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bahrom Odilov jurnalistlarning savollariga to‘mtoq javoblar bergan edi.
Bir piyola choy ustida gaplashamiz
Toshkentning Navoiy ko‘chasida Milliy matbuot markazi degan jurnalistlarning “ikkinchi uyi” bor. O‘sha yerda ko‘p kuzatiladi. Siz savolni noto‘g‘ri berdingiz, unday, bunday, anaqa-manaqa, vakolatimga kirmaydi...
Ba’zan tadbirga kelgan jurnalistni mulzam qilish ham uchrab turadi. “Aka yoki opa juda ko‘p savol berdingiz, endi javob berib tushuntirgunimcha falonday-pismadondek qisqa javob keladi. Siz bitta narsani to‘g‘ri tushuning, keling, shu savolingizni bir piyola choy tashkil qilganmiz, o‘sha yerda kofebreykda gaplashaylik” deyiladigan vaziyatlar sabab burib yuborishadi. Chunki tayyorlanmagan, ortiqcha savollarga javob berishga na xushi bor va na ilmi. Qog‘ozdagini ifodali o‘qib berishga tayyorlanib kelgan. Bir nafasda ifodali o‘qish deydilar buni.
Anjumanda jurnalistlarga tarqatilgan Press-relizlarni nuqta-verguligacha bir xil o‘qib berish an’anaga aylangan. Oqibatda vaqt va pul sarf qilib anjumanga borgan jurnalist qog‘ozda yozilgan gaplarni spikerning og‘zidan eshitib qaytadi. O‘sha “notiq”larning qo‘lidan qog‘ozini olib qo‘ysangiz bormi... Fonogrammada qiyomiga keltirib qo‘shiq kuylayotgan, elektr uzilgach, sharmandalarcha oyog‘ini qo‘liga olib qochadigan xonandani tasavvur qilavering.
Press-relizda yozib qo‘yganmiz
To‘g‘ri aksar amaldorlar nutq so‘zlashga no‘noqlik qilar, lekin ularni buning bo‘lgani shu deb emas, kerak bo‘lsa nutq irod qilishga o‘rgatish kerak. Modomiki, ular Vatan ravnaqi yo‘lida harakat qilayotgan ekan, uni amalda o‘z nutqi orqali isbot qilishi, jonli va jonsiz efirlarda odamlar bo‘layotgan har bir ishni jurnalistdan emas, mansabdordan eshitsagina ertangi kunga bo‘lgan ishonch ortadi.
Agar amaldor Toshkentning Olmazor tumani hokimi Baxtiyor Rahmonovga o‘xshab, nutq irod qilyapman deb, yig‘ilishdagilarni “chiroyli” so‘zlar bilan “siylasa”, ularni qamatish, ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilsa, bunday “notiq”ning bizga keragi bo‘lmaydi.
Muammoning yechimi
Jahon ilm-faniga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimiz Abu Nasr Farobiy, Ibn Sino, Abu Abdulloh al-Xorazmiy, Mahmud Koshg‘ariy shuningdek, millati va mamlakatining taqdirini o‘zgartirgan Avraam Linkoln, Uinston Cherchil, yaqin o‘tmishning eng boy odamlaridan bir bo‘lgan marhum milliarder Stiv Jobs, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin ham aynan notiqlik sabab o‘z ko‘zlagan maqsadiga erishgan, xalqning ishonchiga sazovor bo‘lgan.
Kuzatishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, O‘zbekiston ta’lim tizimida notiqlik va nutq madaniyatiga oid darsliklar hamda o‘quv soatlari yetarli emas. Shuning uchun mutasaddilar bu kamchiliklarni qayta ko‘rib chiqishi, oliy ta’lim muassasalarining har birida notiqlik va nutq madaniyati bo‘yicha darslarni joriy etish, notiq diplomatlarni tayyorlaydigan maxsus maktablarni tashkil etishi dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.
Bizga muloqot kerak
Inchunun, xalq bilan muloqotning eng samarali usuli bu yillar davomida inkor qilingan byurokratiya emas, balki, ochiq va samimiy ruhdagi og‘zaki muloqot diplomatiyasi hisoblanadi.
Amaldor bitta narsani anglashi kerak. Muloqot inson hayotida eng muhim va eng murakkab jarayonlardan hisoblanadi. Chunki har bir inson muloqot jarayonida shaxs sifatida shakllanadi va shaxs sifatida o‘zini namoyon qiladi. Shundan kelib chiqib, har bir konkret jarayon muloqotga kirishayotgan shaxs oldiga muayyan bir vazifani qo‘yadiki, ushbu vazifa va talablar turli xil sharoitlarda muloqotning turlicha tashkil qilinishiga sabab bo‘ladi.
Inson ongi va qalbi uchun kurash kechayotgan bugungi sharoitda har bir mansabdorning oldiga odamlarning, xalqning manfaatlarini ifoda etish yuklatilgan ekan, U bunda eng asosiy talablardan biri notiqlik mahoratini egallash, jonli so‘zning ta’sir kuchidan foydalana bilishi shartdir.
LiveBarchasi