O‘yin ichidagi o‘yin. Migrantlar Rossiyadan haydaladimi?

Tahlil

image

22 mart tunda Moskva yaqinidagi “Krokus Siti Holl” majmuasida terakt sodir etilganidan keyin Rossiyada migrantlarga bosim kuchaygani haqida xabarlar kelmoqda. Kamida 140 nafar odam halok bo‘lgan hujumga aloqadorlikda gumonlanib, 10 dan ortiq kishi hibsga olindi. Ularning barchasi Markaziy Osiyodan. Rossiyalik deputatlar hali muhojirlarning mamlakatga kirishini cheklashni, hali markaziy osiyoliklarga vizasiz rejimni bekor qilishni taklif etmoqda. Bu esa Rossiyada mehnat qilayotgan 4 millionga yaqin o‘zbekistonliklarga nisbatan xavotirlarni kuchaytirmoqda. Markaziy osiyoliklarning katta qismi ishlash uchun boradigan mamlakat eshiklari endi yopiladimi? Migrantlarni Rossiyada qanday kelajak kutmoqda?

 Rossiyada ksenofobiya kuchaymoqda 

Germaniyaning “Deutsche Welle” nashri yozishicha, Rossiya jamiyatida uzoq vaqtdan beri yashirin antimigrant kayfiyat mavjud bo‘lib, u asosan, Markaziy Osiyodan kelib, Rossiyada ko‘cha tozalovchi, qurilish ishchisi va enaga bo‘lib ishlayotgan millionlab odamlarga qarshi qaratilgan. Taxminan 15 yillar avval bu kayfiyat Moskvada muhojirlar va rus millatchilari o‘rtasidagi ommaviy mushtlashuv bilan yakunlangan edi.

2015 yilda Moskvada joylashgan “Sowa” inson huquqlari tashkiloti butun Rossiya bo‘ylab ksenofobiya (begonalardan qo‘rqish yoki nafratlanish) tufayli to‘qqizta qotillik sodir etilgani haqida xabar bergan bo‘lsa, 2016-2018 yillarda 15 nafar odam irqchilik qurboni bo‘lgan. 2010 yilning o‘zida bu raqam 40 ga yaqin edi. Qurbonlarning aksariyati Markaziy Osiyodan.

Rossiyaliklar mamlakatda “begona”lar ko‘pligidan doim noliydi. Masalan, 2015 yilda WCIOM (Rossiya ijtimoiy tadqiqotlar markazi) o‘tkazgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, respondentlarning yarmi immigratsiya qonunchiligi kuchaytirilishini yoqlagan. Qariyb uchdan bir qismi “Kavkaz va Markaziy Osiyodan kelganlarning Rossiyada yashashi cheklangan bo‘lishi kerak”, degan fikrda.

2016 yilgi so‘rovnoma natijalari bundan ham yomonroq bo‘lgan – respondentlarning yarmidan ko‘pi o‘z hududlarida muhojirlarni haddan tashqari ko‘p, deb hisoblaydi. Ishtirokchilarning 78 foizi Rossiyaga migrantlar oqimini cheklashni afzal ko‘radi, 57 foizi muhojirlarning madaniyati va urf-odatlari bilan qiziqmaydi, 29 foizi esa o‘z farzandining chet ellik muhojirlarning bolalari bilan o‘rtoq bo‘lishini cheklashini bildirgan.

Boboqulova effekti

2016 yilda o‘zbekistonlik enaga Gulchehra Boboqulova bilan sodir bo‘lgan dahshatli voqea migrantlar, ayniqsa, enagalik xizmatida ishlayotgan ayollarga nisbatan nafrat va ishonchsizlikning yanada kuchayishiga olib keldi. O‘sha yilning 29 fevral sanasida Rossiyada noqonuniy ishlayotgan o‘zbekistonlik enaga ayol Gulchehra Boboqulova o‘z qaramog‘idagi 4 yoshli qizchani o‘ldirib, uning boshini tanasidan judo qilgan va “Oktyabrskoye pole” metro bekati yoniga borib, uzilgan boshni qo‘lida ko‘tarib namoyishkorona baqirgan. Ayol o‘sha kunning o‘zida qo‘lga olindi va rus ommaviy axborot vositalarida o‘zbekistonlik enaganing ISHID terroristik guruhi ta’siri ostida qizchaning boshini olgani iddao qilindi. Oradan vaqt o‘tdi, tergov organi sudda taqdim etgan ekspertiza xulosasida Gulchehra Boboqulova qotillikni terrorchilik tashkiloti ta’sirida emas, kuchli ruhiy bosim ostida amalga oshirgani, bungacha O‘zbekistonda shizofreniya kasalligidan davolangani ma’lum bo‘ldi.

Bu holatdan keyin mahalliy aholining aksariyati markaziy osiyolik ayollarni enaga sifatida ishga olishdan qo‘rqib qoldi. 
O‘shanda Rossiyaning sobiq Kommunistik partiyasi mamlakatda “noqonuniy migratsiya”ni cheklashga chaqirdi. Bir necha kundan keyin aksilmigratsiya choralarini kuchaytirish bo‘yicha minglab tarafdorlarning imzolari to‘plandi. 1 mart kuni Kommunistik partiyaning Moskva bo‘limi “migratsiyani to‘xtatish” veb-saytini ishga tushirdi. 

Bumerang

Hozir biz o‘sha paytda kuzatilgan vaziyatning yana takrorlanishiga guvoh bo‘lyapmiz. ISHID Krokus terakti uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olsa-da, Kreml qaysi yo‘l bilan bo‘lmasin aybni Ukrainaning gardaniga qo‘yish yo‘llarini izlash bilan ovora va rasmiylar, Putindan tortib Medvedevgacha, Patrushevdan tortib Bortnikovgacha – hammasi hali dalillovchi faktlar bo‘lmay turib, Krokus teraktining buyurtmasi Ukraina ekanini baland ovozda aytmoqda. Shunday bo‘lsa-da, kaltak yana migrantlar boshida sinmoqda.


Krokus fojiasidan keyin Rossiyada migrantlarga, ayniqsa, “sharqona” qiyofadagi kishilarga nisbatan nafrat kuchaydi. Rossiyalik MMA jangchisi Maks Divnich Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlarni RFdagi vaziyatni beqarorlashtirishga urinayotgan “kelgindi maymunlar” deb atadi. Yana bir rossiyalik qizning ijtimoiy tarmoqlarda natsizmni namoyish etuvchi videosi tarqaldi. Videotasvirda u ota-onasi bilan birga savdo markaziga kirishdan bosh tortganini, chunki u yerda juda ko‘p “churka”lar (kavkazliklarga nisbatan ishlatiladigan haqorat qiluvchi so‘z, “ahmoq” ma’nosini bildiradi) borligini aytadi.

“Ko‘ryapsizmi, u yerda qancha ko‘p “churka”lar bor? Bu men uchun judayam qo‘rqinchli, shuning uchun mashinada qoldim”, deydi qiz.

Rossiyaga kelgan qirg‘izistonlik muhojirlar ikki kun davomida Moskvaning Sheremetevo aeroportida ushlab turilib, oziq-ovqat va suvsiz xonaga qamab qo‘yilgan, keyinroq uylariga qaytarilgan. Bir necha kun avval Rossiyaning Uzoq Sharqidagi Blagoveshensk shahrida muhojirlarga tegishli korxona yoqib yuborildi. Moskva janubi-g‘arbidagi Kaluga shahrida bir necha muhojir kaltaklandi.

Aftidan, tojikistonliklarning mahsulotlari va xizmatlariga boykot e’lon qilingan ko‘rinadi. Moskvadagi taksi haydovchilaridan tojikistonlik emasligini tasdiqlashlari so‘ralgan. Yarim million obunachiga ega “Greyzone” Telegram-kanalida foydalanuvchi quyidagicha izoh qoldirdi: 

“Biz ular ko‘rsatayotgan xizmatni boykot qilishimiz kerak: ularning kafelarida ovqatlanmang, ularga sochingizni kestirmang, ularning taksisiga minmang, ULARDAN HECH NARSA SOTIB OLMANG. Biz xabarni tarqatishimiz kerak”.

Rossiya bo‘ylab begunoh tojik muhojirlari tahdidlar, og‘zaki haqoratlar va kamsitishlarga uchragan.

“Bir hovuch odamlar butun bir xalqni sharmanda qildi. Endi ular bizga la’natlangandek qarashadi. Shahar bo‘ylab yurganingizda xavfsizlik hissi yo‘q”, deydi tojikistonlik muhojirlardan biri “Eurasianet” nashriga bergan intervyusida.

Terakt uyushtirishda ayblanayotgan 19 yoshli Muhammadsobir Fayzovning sobiq hamkasblari ham hayoti xavf ostida ekanini bildirgan. Muhammadsobir Fayzov bir necha oy davomida Ivanovo viloyati Teykovo shahridagi sartaroshxonalardan birida ishlab kelgan. Bu voqeadan so‘ng ushbu sartaroshxona xodimlariga ommaviy tahdidlar kela boshladi. Hatto, xodimlarning uylarini yoqib yubormoqchi bo‘lishdi.

Migrantlarga qarshi cheklov taklif etilmoqda

Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari bir necha kundan beri Rossiyaga kirishda kuchaytirilgan tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. Ularning ko‘pchiligi aeroportlardan tashqariga chiqarilmayapti, boshqalari deportatsiya qilinib, ortga qaytarib yuborilmoqda. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda bevosita guvohlar xabar bermoqda.

Hozir Rossiyada xavfsizlik kuchlari tomonidan “sharqona” ko‘rinishdagi odamlarni tekshirish avj olib ketdi. Rossiya shaharlarida odamlar Tojikistondan kelgan haydovchilar boshqaruvidagi taksida yurishdan bosh tortmoqda. Ba’zi ish beruvchilar esa tojikistonlik xodimlaridan hozirgi shaxsiy ma’lumotlarini taqdim etishlarini so‘ragan.

26 mart kuni Rossiyada Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan vizasiz rejimni bekor qilish taklifi ilgari surildi. Buni “Adolatli Rossiya – haqiqat uchun” (“Spravedlivaya Rossiya – za pravdu”) partiyasi raisi, Davlat Dumasidagi partiya fraksiyasi rahbari Sergey Mironov taklif qilgan. Davlat Dumasining yana bir deputati Mixail Sheremet urush davomida Rossiyaga migrantlarning kirishini cheklash kerakligini aytdi. Uning iddao qilishicha, chegarani kesib o‘tayotgan xorijliklar – G‘arb razvedka idoralarining Rossiyada terrorchilik harakatlarini amalga oshirish uchun sharoit yaratadi, vaziyatni beqarorlashtirish vositasi bo‘lib xizmat qiladi.

Tojikiston Mehnat, migratsiya va bandlik vaziri o‘rinbosari Shahnoza Nodiriyning ma’lum qilishicha, teraktdan so‘ng ko‘plab tojikistonlik mehnat muhojirlari mamlakatni tark etmoqda.

“Bizga juda ko‘p qo‘ng‘iroqlar bo‘lyapti. Fuqarolarimiz o‘ziga nisbatan ta’qiblar bo‘layotganini ochiq aytishmasa-da, ularning aksari qo‘rquv va vahima tufayli mamlakatdan ketishni xohlaydi. Hozir biz vaziyatni kuzatib boryapmiz: ayni paytda Rossiyaga ishga ketganidan ko‘ra ko‘prog‘i [Tojikistonga] qaytyapti”, degan Nodiriy.

Migrantlarni iqtisodiy qiyinchiliklar kutmoqda

Rossiya IIV ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistondan borgan 10,5 millionga yaqin muhojir mehnat qilmoqda. Yana ko‘plari ro‘yxatdan o‘tmagan. Markaziy osiyolik migrantlarga nisbatan ishonchning yo‘qolishi ularning mehnatiga bo‘lgan talabning kamayishi va o‘z-o‘zidan ish haqlari pasayishiga olib kelishi mumkin.

Rossiyaning Novgorod viloyatida patent asosida ishlaydigan chet elliklar spirtli ichimliklar sotishi, avtobus va taksi haydovchisi sifatida ishlashi taqiqlandi. Tegishli farmonni viloyat gubernatori Andrey Nikitin imzolagan. Hujjatga ko‘ra, xorijiy fuqarolarga alkogolli ichimliklar va tamaki mahsulotlarining chakana savdosi bilan shug‘ullanish, avtobus va taksi haydovchisi sifatida ishlash taqiqlanadi. Ish beruvchilar ushbu toifadagi xodimlarni 26 iyungacha ishdan bo‘shatishlari kerak. Ilgari migrantlarga sanoatning ayrim tarmoqlarida ishlashini taqiqlash Chelyabinsk, Magadan, Kaliningrad, Tula, Novosibirsk, Tyumen va Kaluga viloyatlarida, shuningdek, Xanti-Mansi avtonom okrugi – Yugra va Yakutiyada joriy qilingan edi.
Markaziy Osiyoliklarning aksariyat qismini ish bilan ta’minlayotgan soha – avtobus va taksi haydovchisi sifatida ishlashning taqiqlanishi muhojirlarga mehnat joyi topishda muammo tug‘diradi. Endi ular nisbatan og‘ir ishda – qurilish sohasida ishlashiga to‘g‘ri keladi. 

Ba’zi siyosiy tahlilchilarning fikriga ko‘ra, endilikda Rossiyada migrantlarga to‘lanadigan maosh miqdori kamayadi, ularni Ukrainadagi urushga yuborish holatlari ko‘payadi, shuningdek, Rossiyadan deportatsiya qilinganlar soni ham oshadi. Birgina Sankt-Peterburg shahridan o‘tgan hafta ichida 418 nafar migrant deportatsiya qilindi. Bu 4 milliondan ortiq fuqarolari o‘z oilasini moddiy jihatdan ta’minlab kelayotgan O‘zbekiston uchun yomon signal. 

Migrantlar Rossiyadan quviladimi?

Yo‘q. Rossiya mehnat bozorini arzon ishchi kuchi bilan ta’minlayotgan migrantlardan voz kecholmaydi. Ayniqsa, minglab rossiyalik erkaklar Ukraina bilan urushga safarbar etilgan, yana minglab odamlar urush tufayli mamlakatni tark etgan vaqtda RF markaziy osiyolik ishchilarga har qachongidan ham ko‘proq muhtoj.

Rossiya Fanlar akademiyasining Iqtisodiyot instituti tomonidan 2023 yil dekabr oyida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyaga yana 4,8 million nafar mehnatkash kerak. Ishchi kuchi taqchilligi asosan qurilish, transport, savdo kabi sohalarda kuzatilmoqda. Mamlakatdagi vaziyatni inobatga olgan holda o‘tgan hafta Prezident Vladimir Putin Rossiyada birdamlikni saqlashga chaqirdi.

“Biz ko‘p millatli, ko‘p dinli davlat ekanimizni hech qachon unutmasligimiz kerak. Biz birodarlarimizga, boshqa din vakillariga har doimgidek hurmat bilan munosabatda bo‘lishimiz kerak – musulmonlarga, yahudiylarga, hammaga”, deydi Putin.

Shunga qaramay, migrantlar Rossiya politsiyasining asosiy nishoni bo‘lib qolmoqda. Masjidlar, korxonalar, qurilish ketayotgan binolarda yirik reydlar olib boriladi. O‘tgan yilgi reydlar natijasida 15 mingdan ortiq muhojir deportatsiya qilingan.  
Rossiyada mehnat qilayotgan muhojirlarga bepul yuridik yordam ko‘rsatuvchi Valentina Chupikning CNN’ga ma’lum qilishicha, RF politsiyasi migrantlarni talon-toroj qilmoqda. 

“Politsiya o‘zini etnik jinoyatlarga qarshi faol kurashayotgandek va terrorchilik hujumlarining oldini olgandek ko‘rsatishga harakat qilmoqda. Aslida ular muhojirlarni talon-toroj qilishyapti. Migrantlar politsiya tomonidan to‘xtatilgani haqida o‘nlab shikoyatlarim bor va (politsiya) o‘zlariga yoqqan narsalarni o‘g‘irlab ketishgan, ayrimlari jismoniy tajovuzga uchragan”, deydi u.

Bir necha oy avval RF huquq-tartibot idoralari markaziy osiyolik ishchilarni cho‘kkalab yurishga majbur qilgani aks etgan videotasvir ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, Qirg‘iziston va O‘zbekiston hukumati bu borada tekshiruv o‘tkazilishini talab qilgan edi. 

Hozir Rossiyada migrantlar murakkab davrni boshdan o‘tkazmoqda. Ksenofobik kayfiyat nafaqat muhojirlar, ularning boquvidagi yuz minglab oilalar, o‘z navbatida, O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu signallar O‘zbekiston tezroq iqtisodiy taraqqiyotga erishishi qanchalik muhim ekanini isbotlaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya terakt migrantlar Krokus

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing