“Uyim bir kunda vayronaga aylandi”. Bo‘stonliqda yonib ketgan 7 xonadondan reportaj (video)

Tahlil

Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 20 sentyabr kuni Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, Chinor MFY, Shirmonbuloq ko‘chasida joylashgan 7 uy yonib ketdi. QALAMPIR.UZ zudlik bilan voqea sodir bo‘lgan hududga yetib bordi. Bu yerda ish qizg‘in. Allaqachon vayronaga aylangan uylarni tozalash va yangi binolar qurishga tayyorlash ishlari boshlab yuborilganiga guvoh bo‘ldik. 

Yong‘in shu kuni soat 14:00 larda Shirmonbuloq ko‘chasida joylashgan 7 ta uyda sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur yong‘in S.Saidboboyevga tegishli 38-uyda kelib chiqqan. Elektr uzatgichda yuzaga kelgan qisqa tutashuv oqibatida uyning tom qismida chiqqan yong‘in, yonma-yon joylashgan 30, 32, 34, 36, 40-uylarga o‘tgan.

“Tuman hokimligi huzurida shtab tashkil qilindi. Ayni vaqtda yong‘in oqibatlarini bartaraf etish, tozalash ishlari olib borilmoqda. Loyihalovchi tashkilotlar ham hududga kelib, uylarni tiklab berish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Barcha xarajatlar homiylik yordami va hokimlik mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Uyi yonib ketgan fuqarolarni oziq-ovqat va kiyim-kechak bilan ta’minladik. 

Qayd etilishicha, yong‘in oqibatlarini bartaraf etish va 7 ta xonadonni tiklash bo‘yicha Toshkent viloyati hokimining qarori ham qabul qilingan bo‘lib, unga aholini zarur maishiy texnikalar bilan ta’minlash masalasi ham kiritilgan”, deydi Bo‘stonliq tumani hokimi Jo‘rabek Ahmedov. 

Yong‘inni bartaraf etish uchun FVV tuman bo‘limining 65 nafar xodimi, 9 ta o‘t o‘chirish maxsus avtomashinalari, 3 ta suv tashish texnikasihamda tuman yo‘l qurilish bo‘limining 3 ta suv tashish texnikasi jalb etilgan. 

Shuningdek, yong‘inni o‘chirish uchun tuman IIBning 6, Milliy gvardiya tuman bo‘limining 10, mahallaning 50 nafar ko‘ngilli yoshlari jalb qilinib, qurilgan tezkor choralari natijasida soat 18:00 larda yong‘in to‘liq o‘chirilgan. 

“Yong‘in sabab uyim bir kunda vayronaga aylandi. Ikki o‘g‘lim, ikki kelinim, to‘rt nabiram bilan yashab kelayotgandim. Uyni endi yangi ta’mirlatayotgandik. Yangi tunika olib kelib, tom qismini ta’mirlatayotganimda shunday voqea yuz berdi. Hokim sanatoriydan joy qilib beraman dedi. Rozi bo‘lmadim, qizimnikida qolyapman”, deydi uyi yongan Shoira To‘ychiyeva.  

Yong‘indan talafot ko‘rgan uy-joy egalari haqida ma’lumotlar:

1.    30-uy – Faxriddin Ro‘ziboyevich Matboboyev, 05.10.1964 yilda tug‘ilgan, xonadonda 3 nafar oila a’zolari istiqomat qilgan. 
2.    32-uy – Shoira To‘ychiyeva, 05.03.1959 yilda tug‘ilgan, xonadonda 9 nafar oila a’zolari istiqomat qilgan. 
3.    34-uy – Hilola Xaydaraliyeva, xonadonda 7 nafar oila a’zolari istiqomat qilgan. 
4.    36-uy – Toir Ro‘ziboyevich Minyazov, 22.03.1960 yilda tug‘ilgan, xonadonda 4 nafar oila a’zolari istiqomat qilgan. 
5.    38-uy – Salim Tulanovich Saidboboyev, 30.03.1963 yilda tug‘ilgan, xonadonda 6 nafar oila a’zolari istiqomat qilgan.
6.    40-uy – Karim Tulanovich Saidboboyev, 27.04.1959 yilda tug‘ilgan, xonadonda 6 nafar oila a’zolari istiqomat qilgan. 
7.     44-uy – Hayitvoy Saidboboyev, 10.01.1955 yilda tug‘ilgan, xonadonda 10 nafar oila a’zolari istiqomat qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

118

Reyting

4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing