Uyg‘onish uchun yana qancha “budilnik” kerak? – BMT dunyoga chaqiriq bilan chiqdi

Olam

image

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi Antoniu Guterrish haroratning ko‘tarilib borishi asr oxiriga kelib sayyoraning katta hududlarini yashash uchun yaroqsiz holga keltirishidan ogohlantirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, iqlim inqirozi tabiiy ofatlar va koronavirus pandemiyasidan ham xavfliroq yuqumli kasalliklarning avj olishiga olib keladi.

Ta’kidlanishicha, Shotlandiyaning Glazgo shahrida bo‘lib o‘tadigan BMTning iqlim bo‘yicha konferensiyasida ishtirok etadigan yetakchilar, ayniqsa G20 mamlakatlari iqlim falokatini bartaraf etish uchun dadil va ulkan qadam tashlashi kerak.

“Ularning harakatlari ushbu global favqulodda vaziyatga qanchalik jiddiy munosabatda ekanligini ko‘rsatadi. 2100 yilga borib sayyoradagi harorat 2,7 darajaga  oshishi mumkin. Agar shunday bo‘lsa, sayyoraning katta hududlari asr oxiriga kelib yashash uchun yaroqsiz bo‘lib qoladi”, deydi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish.

Ma’lum bo‘lishicha, insoniyatning harorat ko‘tarilishini to‘xtatishga qaratilgan maqsadlarga yetishiga hali ancha bor.

UNEP hisob-kitoblariga ko‘ra, 2021 yil oxirida karbonat angidrid chiqindilari 33 gigatonnaga yetadi. Umumiy issiqxona gazlari hisobga olinsa, yillik emissiya 60 gigatonnani tashkil qiladi. 

“Iqlim o‘zgarishi kelajakning emas, hozirgi kunning muammosi. Global isishni 1,5 darajaga ko‘tarilishini ushlab turish uchun bizda sakkiz yil bor. Bu davrda issiqxona gazlari chiqindilarini deyarli yarmiga kamaytirish kerak. Soat millari aylanishda davom etyapti”, deydi UNEP Ijrochi direktori Inger Andersen. 

BMT Bosh kotibining ta’kidlashicha, hozircha, iqtisodiyotni tiklash uchun ajratilgan sarmoyalarning atigi 20 foizi yashil iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq yangi hisobot – bu ogohlantirishdir.

“Iqtisodiyotni tiklash uchun ajratilgan sarmoyalarning atigi 20 foizi yashil iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Dunyo yetakchilarining KC26 iqlim konferensiyasida ishtirok etishga hozirlik ko‘rayotganida, UNEP hisoboti navbatdagi baland “budilnik” kabi yangradi. Uyg‘onish uchun yana qancha qo‘ng‘iroq kerak?”, deydi BMT bosh kotibi.

Qayd etish kerakki, global isish oddiy statistika emas. Haroratning ko‘tarilishi muzning tezroq erishiga, dengiz sathining ko‘tarilishiga, tez-tez issiqlik to‘lqinlari kuzatilishi hamda boshqa keskin ob-havo hodisalarining kelib chiqishini anglatadi. Shuningdek, bu oziq-ovqat ishlab chiqarishga, barqaror rivojlanish, inson salomatligi va atrof-muhitga tobora jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

166

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing