Uydagi “samolecheniye”: Angrenda 11 yashar qiz antibiotik vositasidan vafot etgani aytilmoqda

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqda Toshkent viloyati Angren shahrida yashovchi 11 yashar qiz “Seftriakson” dori vositasi tufayli paydo bo‘lgan allergik reaksiya sabab vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. 

Tarqalgan xabarlarda voqea joriy yilning 20 oktyabrida sodir bo‘lgani, surunkali bronxit sabab muntazam davolanib keladigan 11 yoshli bemor shifokor ko‘rsatmasiga binoan “Seftriakson” antibiotigini qabul qilgani aytiladi.

Shuningdek, tarmoqda tarqalgan xabarda bemorga ukol qilinganidan so‘ng, 3 daqiqa ichida uning qo‘llarida ko‘karishlar, ko‘zlarida qizarish, ko‘ngil aynishi boshlangani aytilgan. 10 daqiqa ichida bemor hududiy shifoxonaga olib borilgan, o‘sha yerda dastlabki yurak urishdan to‘xtash holati kuzatilgan. Shifokorlar tezkor harakatlar bilan yurak faoliyatini tiklashga muvaffaq bo‘lishadi. Ammo keyinchalik bu holat yana ikki marta takrorlanadi va tongda bemor yuragi butunlay to‘xtaydi.

Xabarda bemor shu kunga qadar ham “Seftriakson” antibiotigini muntazam qabul qilgani, ammo reaksiya kuzatilmagani bildirilgan.

Holat yuzasidan QALAMPIR.UZ Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan bog‘landi. Vazirlik Matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayev Angrenda 11 yoshli bemor vafot etganini tasdiqladi. 

SSV matbuot kotibining ma’lum qilishicha, bemor antibiotikni shifokor ko‘rsatmasisiz qabul qilgan. Bu jarayon uyda amalga oshirilgan bo‘lib, “Seftriakson” antibiotigini qo‘llashdan avval, reaksiya berish yoki bermasligini tekshirish uchun “proba” ham qo‘yilmagan. Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, bemorning o‘limiga dori vositasi in’eksiyasi (Seftriakson) sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

“Aslida antibiotiklarni shifokor retseptisiz sotish qonun bilan taqiqlangan. Keyingi paytlarda ko‘pchilik odamlar yallig‘lanish jarayonlarida, tana harorati ko‘tarilganda va boshqa kasalliklarda ham bilib-bilmay, antibiotiklardan foydalanishni odatga aylantirdi. Ayniqsa, bugun koronavirusga chalingan yurtdoshlarimiz orasida ham o‘zboshimchalik bilan antibiotik va gormon olish holatlari juda ko‘p kuzatilmoqda. Ta’kidlash lozimki, bunga nafaqat ularning yetarli tibbiy bilimga ega emasligi, balki ayrim hollarda dorixona egalarining ushbu dori vositalari bilan savdo qilish bo‘yicha yurtimizda belgilangan tartib-qoidalarni chetlab o‘tayotgani ham sabab bo‘lmoqda”, deydi Furqat Sanayev.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

292

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing