Uyat sabab aytilmagan hikoyalar: Markaziy Osiyoda noodatiy fleshmob boshlandi
Olam
−
19:06 5541 5 daqiqa
Markaziy Osiyoda #IAmJaneDoe (Men Jeyn Douman) fleshmobi doirasida bolaligida jinsiy zo‘ravonlikka uchraganlar o‘z boshidan kechirgan voqealar haqida anonim ravishda yoza boshladi. Bu haqda Qirg‘iziston Jogorku Kenesh deputati Elvira So‘raboldiyeva ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, fleshmob Qirg‘izistondan tashqari O‘zbekiston va Qozog‘iston foydalanuvchilari orasida ham tarqalgan. Ijtimoiy tarmoqlarda bolalik va o‘smirlik davrida zo‘ravonlikka uchragani haqida yozganlar orasida ayollar bilan birga erkaklar ham bor.
So‘raboldiyevaning aytishicha, qirg‘izistonlik anonim foydalanuvchilarning yozganlari va ularning soni jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Ayrim postlarda zo‘ravonlik 4, 5 va 6 yoshda sodir bo‘lgani aytilgan.
“Biz bu muammo faqat qizlarga tegishli, deb o‘ylaymiz. Ammo o‘g‘il bolalar ham zo‘ravonlik haqida anonim ravishda yozmoqda. Bu juda jiddiy signal”, deydi deputat.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim ota-onalar jamiyatning munosabatidan qo‘rqib, farzandiga bo‘lgan voqea haqida gapirmaslikni buyuradi. Bunda “uyat” degan tushuncha asosiy sabablardan biri bo‘lmoqda.
“Ko‘pincha ota-onalar “uyat”, deb bu haqda gapirishni taqiqlaydi. Ammo bu insonda bir umr qoladigan jarohat. U ayolda ham, erkakda ham qoladi”, deydi So‘raboldiyeva.
Deputat ota-onalarni farzandlariga nisbatan e’tiborli bo‘lishga chaqirib, zo‘ravonlik faqat qizlarga nisbatan sodir bo‘ladi, degan qarash noto‘g‘ri ekanini ta’kidlagan.
Anonim hikoyalar ortida qanday voqealar bor?
Fleshmob doirasidagi yozuvlarni ko‘rib chiqish ishtirokchilar boshidan kechirgan voqealar nafaqat yoshi, balki zo‘ravonlikda tilga olingan shaxslar bilan munosabatlari jihatidan ham farq qilishini ko‘rsatadi.
Qirg‘izistonliklarning postlarida asosan bolalik va o‘smirlik davrida sodir bo‘lgan holatlar tilga olingan. Masalan, bir ishtirokchi voqea paytida 7 yoshda bo‘lganini, unga nisbatan zo‘ravonlik qilgan shaxs esa 17 yoshdagi qo‘shnisining o‘g‘li bo‘lganini yozgan.



Yana bir postda tarmoq foydalanuvchisi 5 yoshidan boshlab bir necha yil davomida turli yoshdagi erkaklar bilan bog‘liq holatlarni tilga olgan. U zo‘ravonlikda qo‘shnisi, murabbiyi va amakisini ko‘rsatgan. Boshqa bir yozuvda esa voqea jabrlanuvchining 19 yoshida sodir bo‘lgani va unga yaqin bo‘lgan do‘sti hamda guruhdoshi tilga olingan.
Qozog‘istonliklarning anonim yozuvlarida ham jabrlanganlar va zo‘ravonlikda gumon qilinayotgan shaxslar o‘rtasidagi yaqin munosabatlar ko‘zga tashlanadi. Postlardan birida qurbon 5 yoshda bo‘lgani va ikkinchi shaxs 17 yoshdagi amakisi ekanini yozgan.



Boshqa hikoyalarda 4-5 yoshli bola va otasining o‘gay akasi, shuningdek, 5-6 yoshli bola va otasining o‘gay otasi bilan bog‘liq holatlar keltirilgan. Yana bir jabrlangan shaxs 6 yoshida akasi bilan bog‘liq voqeani tilga olgan.
O‘zbekistondan bo‘lganlar e’lon qilgan postda esa zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan shaxs voqea vaqtida 7 yoshda bo‘lganini, unga nisbatan zo‘ravonlik qilgan shaxs esa 38 yoshli jismoniy tarbiya o‘qituvchisi ekanini yozgan.



Shu tariqa, anonim yozuvlarda zo‘ravonlik holatlari bolaning yaqin ijtimoiy muhiti – oila, qarindoshlar, qo‘shnilar va ta’lim muassasalari bilan bog‘liq turli vaziyatlarda tilga olingan. Ayrim holatlarda esa voqea bolalik yoki o‘smirlik davridan yillar o‘tib ham ularning xotirasida saqlanib qolganini anglash mumkin.
Ayni paytda Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi ham ijtimoiy tarmoqlardagi anonim murojaatlar fonida zo‘ravonlikka uchraganlarni militsiyaga murojaat qilishga chaqirgan. Vazirlik bunday murojaatlar qonun doirasida ro‘yxatga olinishi va ko‘rib chiqilishini ma’lum qilgan.
Huquqshunos Nargiza Alibayeva esa jinsiy zo‘ravonlik bir necha yil oldin sodir bo‘lgan bo‘lsa ham, bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berish mumkinligini aytgan.
Uning tushuntirishicha, voqeadan 5, 10 yoki 15 yil o‘tib qilingan murojaat ham ro‘yxatga olinishi va tekshirilishi kerak. Bunda jabrlangan shaxsning ko‘rsatmasi, voqea haqida avval boshqalarga aytgani, saqlanib qolgan yozishmalar, suratlar, audioyozuvlar va boshqa dalillar ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.
Huquqshunosga ko‘ra, jinoyatning huquqiy bahosi bolaning yoshi, gumon qilinuvchining yoshi, sodir etilgan harakatning xususiyati, zo‘ravonlik yoki tahdid bo‘lgan-bo‘lmagani va boshqa holatlarga qarab belgilanadi.
Agar zo‘ravonlik yaqinda sodir bo‘lgan bo‘lsa, avvalo bolaning xavfsizligini ta’minlash va uni gumon qilinuvchi shaxs bilan aloqadan himoya qilish zarur. Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga va tibbiy muassasaga murojaat qilish tavsiya etiladi.
Mutaxassis bolani ayblamaslik, unga bosim o‘tkazmaslik va voqeani qayta-qayta gapirishga majbur qilmaslik muhimligini ta’kidlagan. Saqlanib qolgan yozishmalar, xabarlar, suratlar va boshqa ehtimoliy dalillarni o‘chirmaslik hamda o‘zgartirmaslik kerak.
#IAmJaneDoe fleshmobi qayerdan boshlangan?
#IAmJaneDoe harakati AQSHdagi Kornell universitetining sobiq talabasi bilan bog‘liq voqeadan keyin paydo bo‘lgan. Asli ismi oshkor qilinmagan ayol joriy yilning sentyabr oyida universitet, talabalar birodarligi va yetti nafar erkakka qarshi fuqarolik da’vosi kiritgan.
U 2024 yilning oktyabr oyida spirtli ichimlik va giyohvand modda iste’mol qilishga majburlanganidan keyin guruh bo‘lib jinsiy zo‘ravonlikka uchraganini da’vo qilgan. Ayblanayotgan shaxslar sud tomonidan aybdor deb topilmagan, jinoiy tergov esa davom etmoqda.
Shundan so‘ng, ayolning shaxsini aniqlashga bo‘lgan urinishlar fonida ijtimoiy tarmoqlarda #IAmJaneDoe xeshtegi paydo bo‘lgan. Keyinchalik bu harakat turli mamlakatlardagi odamlar o‘z boshidan kechirgan jinsiy zo‘ravonlik haqida hikoya qiladigan fleshmobga aylangan.
Fleshmob tamoyili jihatidan #MeToo harakatiga o‘xshaydi. U ham jinsiy ta’qib va zo‘ravonlik haqida avval sukut saqlagan odamlarning o‘z voqealarini ochiqlashidan keyin keng tarqalgan edi.
Live
Barchasi