“O‘tkan kunlar”ning tarjimasini tarqatib yuborgan universitet xodimi jazolandi
3-sahifa
−
26 noyabr 2025 15020 2 daqiqa
Taniqli o‘zbek adibi Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” asarini o‘zbek tilidan ingliz tiliga tarjima qilgan amerikalik tarjimon va sharqshunos olim Mark Risning mualliflik huquqi buzilgani bo‘yicha chora ko‘rildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarjimon va sharqshunos olim Mark Ris uning 15 yil davomida ingliz tiliga tarjima qilgan “O‘tkan kunlar” (“Bygone Days”) asarining ruxsatsiz elektron shaklda tarqalayotgani haqida murojaat qilgan.
Murojaat asosida Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida o‘rganish o‘tkazilgan. Natijada ushbu asar Mark Risdan ruxsat olinmasdan, hech qanday shartnomasiz to‘liq holda elektron shaklga o‘tkazilgani va unilibrary.uz tizimiga joylangani aniqlangan.
Mazkur huquqbuzarlik bo‘yicha universitet mas’ullari yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177¹-moddasi (Mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni buzish) bilan bayonnoma rasmiylashtirilib, sudga yuborilgan. Sud qaroriga ko‘ra, mas’ul xodimga 2 060 000 so‘m miqdorida jarima belgilangan hamda asarning elektron nusxasi unilibrary.uz tizimidan o‘chirilgan.
Shuningdek, kelgusida bunday huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida universitetda mualliflik va turdosh huquqlarga rioya qilish bo‘yicha seminar-trening tashkil etilgan.
Bundan tashqari, tarjimon Mark Risga “Mualliflik va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunning 65-moddasiga muvofiq, zararni qoplash uchun huquqbuzardan BHMning 20 baravaridan 1000 baravarigacha miqdorda tovon talab qilish huquqiga ega ekani tushuntirilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq bir necha san’atkorlar shoirlarning she’rlaridan ruxsatsiz foydalangani uchun jarimaga tortilgandi. Adliya vazirligi esa mualliflik huquqini buzgan ijodkorlarning litsenziyasi bekor qilinishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Live
Barchasi