O‘ta o‘ngchi Isroil vaziri yana Al-Aqsoga bordi

Olam

image

Isroil Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir kecha, 3 avgust kuni Quddusdagi Al-Aqso masjidi yonidagi majmuaga borib, u yerda ibodat qildi.  Ben-Gvir bir guruh odamlarga boshchilik qilib, majmua bo‘ylab o‘tayotgani aks etgan video “Ma’bat tog‘i ma’mariyati” deb nomlangan kichik bir yahudiy tashkiloti tomonidan e’lon qilindi. 

Musulmon hukumatlari bilan bir necha o‘n yillar ilgari tuzilgan, hali ham o‘z kuchini yo‘qotmagan so‘zsiz kelishuvga ko‘ra, Al-Aqso majmuasi Iordaniya diniy jamg‘armasi tomonidan boshqariladi. Yahudiylar u yerga borishi mumkin, ammo ibodat qilishi taqiqlangan.

Al-Aqso masjidi musulmonlar uchun uchinchi eng muqaddas ziyoratgoh, Ma’bat tog‘i esa yahudiylikdagi eng muqaddas joy. Isroil 1967 yilgi Yaqin Sharq urushida Al-Aqso majmuasini egallab olgan. Iordaniyaga maskanning qo‘riqchisi sifatidagi tarixiy rolini davom ettirishga ruxsat berildi, Isroil esa xavfsizlik va kirish ustidan nazoratni o‘z zimmasiga oldi.

Falastinliklar so‘nggi yillarda  yahudiy ziyoratchilar u yerda tez-tez ibodat qilganini va Isroil politsiyasi bunga aralashmaganini da’vo qilmoqda. 

Isroilning rasmiy pozitsiyasi musulmon bo‘lmaganlar ibodatxonasida ibodat qilishni cheklovchi qoidalarni tan oladi. Ben Gvirning tashrifidan so‘ng Bosh vazir Binyamin Netanyaxu Isroilning majmuadagi status-kvoni saqlab qolish siyosati “o‘zgarmagani va o‘zgarmasligini” aytdi.

Quddusning devor bilan o‘ralgan Eski shaharidagi tepalik ustidagi majmuani boshqaradigan Vaqf jamg‘armasi Ben-Gvir toqqa chiqqan 1250 kishi orasida bo‘lganini va ular ibodat qilib, baqirib, raqsga tushganini aytdi. “The Times of Israel”ning yozishicha, Milliy xavfsizlik vaziri sifatida politsiyani nazorat qiluvchi o‘ta millatchi Ben-Gvir bu yerga avval ham tashrif buyurgan, biroq bu uning birinchi marta Ma’bat tog‘ida ochiq ibodat qilishidir. Qarorgohga tashrif buyurganida unga politsiya xodimlari hamrohlik qilgan.

Ben-Gvir o‘z bayonotida Isroilning G‘azo urushida HAMASni mag‘lub etishi va isroillik garovga olinganlarning qaytarilishi uchun duo qilayotganini aytdi. U Isroilning butun anklavni bosib olishga chaqirig‘ini takrorladi.

Falastin Prezidenti Mahmud Abbosning matbuot kotibi Nabil Abu Rudeyne Ben Gvirning “barcha qizil chiziqlarni kesib o‘tgan” tashrifini qoraladi.

“Xalqaro hamjamiyat, xususan, AQSH ma’muriyati ko‘chmanchilar jinoyati va o‘ta o‘ng hukumatning Al-Aqsodagi provokatsiyalarini to‘xtatish uchun zudlik bilan aralashib, G‘azodagi urushni to‘xtatib, gumanitar yordam yetkazilishini ta’minlashi kerak”, dedi u.

Iordaniya ham Ben Gvirning so‘nggi tashrifini “qabul qilib bo‘lmaydigan provokatsiya” deb atadi.


Maqola muallifi

Teglar

Al-Aqso Quddus Isroil Itamar Ben-Gvir

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing