“O‘t bilan o‘ynashma!” Ilhom Aliyev Armanistonni ogohlantirdi
Olam
−
13 avgust 2022
8672Ozarbayjon shahidlarning qonini yerda qoldirmadi. Shahid askarning qoni dushmanlarga qimmatga tushdi va ular buni unutmasliklari kerak. Bu haqda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev mahalliy telekanalga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Jurnalist undan avgust oyining boshida Qorabog‘da Armaniston qurolli kuchlari tomonidan sodir etilgan provokatsiya haqidagi fikrini so‘radi.
“Shahidimizning qoni yerda qolmaganini hamma ko‘rdi va ko‘rishi kerak. Darhol “Qasos” operatsiyasini o‘tkazdik, shahidimiz uchun qasos oldik va qarshi tomonni qattiq jazoladik. Bir necha soat davom etgan “Qasos” operatsiyasi jazo chorasi edi. Ozarbayjon shahidining qoni dushmanlarga qimmatga tushdi va ular buni unutmasliklari kerak”, deydi Prezident Aliyev.
Davlat rahbarining qayd etishicha, agar Armaniston yana shunday provokatsiya qiladigan bo‘lsa, qaqshatqich javob zarbalar oladi.
“Agar shunga o‘xshash provokatsiya yana sodir etilsa, o‘sha javob keladi va bizni hech kim to‘xtata olmaydi. O‘z zaminimizda istalgan vaqtda istalgan operatsiyani bajarishimiz mumkin. Shunchaki “Qasos” operatsiyasining qisqa vaqtdagi maksimal samaradorligi kuchimiz yetarli ekani, shu bilan birga biz yangi urushni xohlamasligimizni ko‘rsatadi”, deydi Ilhom Aliyev.
U so‘zida davom etarkan, Baku Yerevanni o‘t bilan o‘ynashmaslik, o‘zini yaxshi tutish, yangi voqeliklarni qabul qilish va harbiy provokatsiyalarga yo‘l qo‘ymaslik haqida bir necha bor ogohlantirganini urg‘uladi.
“Afsuski, bu safar ham ularga saboq berishimiz kerak edi. Umid qilamanki, endi ular buni unutishmaydi. “Qasos” operatsiyasidan maqsad faqat shahidimiz uchun qasos olish emas edi. Men Oliy Bosh Qo‘mondon sifatida o‘z oldimga boshqa maqsad va vazifalarni qo‘ygan edim va ularning barchasi amalga oshdi. Natija esa ma’lum, bu haqda uzoq vaqt gapirishni istamayman. Shunchaki shuni aytmoqchimanki, biz xohlaganimizdan ko‘ra ko‘proq narsani qildik va qarama-qarshi tomon buni yana bir bor qabul qilishga majbur”.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 avgust kuni rasmiy Baku Rossiya tinchlikparvar kontingenti vaqtincha joylashgan Ozarbayjon hududidagi noqonuniy arman qurolli tuzilmalari a’zolari Ozarbayjon armiyasining Lochin viloyati yo‘nalishidagi pozitsiyalariga kuchli o‘t ochgani, oqibatda qurbon berilgani, 14 kishi jarohatlangani haqida ma’lumot bergan edi.
Ozarbayjon Mudofaa vazirligi “Qasos” amaliyoti o‘tkazilganini ma’lum qildi. Amaliyot boshlanishiga Lochin viloyati yo‘nalishidagi pozitsiyalariga arman qurolli tuzilmalari o‘t ochgani sabab bo‘lgan. Hujum oqibatida bir nafar harbiy qurbon bo‘lgan.
Qorabog‘ urushi
Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.
Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.
44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.
LiveBarchasi