Ustama olish uchun test topshirmaydigan o‘qituvchilar ro‘yxati kengaytirildi
Jamiyat
−
13 yanvar 2020
9859Test sinovlaridan o‘tmagan holda lavozim maoshlariga oylik ustama oladigan chet tillar o‘qituvchilari toifalari ro‘yxati kengaytirildi.
Ro‘yxatdagi testdan o‘tishdan ozod etilgan o‘qituvchilar qatoriga Davlat test markazi va Britaniya Kengashi tomonidan o‘tkaziladigan “APTIS for teachers” testlari bo‘yicha S1 darajasini topshirganlar kiritildi.
Shuningdek TOEFL (Test of English as a Foreign Language) testlari bo‘yicha 95 ball to‘plagan o‘qituvchilar oylik ustamalar olish uchun sinovlardan o‘tishi shart emas. Ilgari zaruriy minimum 110 ballni tashkil etgan.
Imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirish mezonlari esa qat’iylashtirildi. Endi quyidagi ballarni to‘plagan o‘qituvchilar test sinovlaridan o‘tgan hisoblanadi:
• tinglab tushunish, o‘qish, leksik va grammatik kompetensiyalar bo‘yicha – maksimal ballning kamida 50 foizini (ilgari – 40 foiz);
• gapirish va yozish bo‘yicha – maksimal ballning kamida 60 foizini (ilgari – 50 foiz).
Eslatib o‘tamiz, ta’lim muassasalarining chet tillar, xorijiy filologiya, chet tili va tarjima yo‘nalishlarining kasbiy va maxsus fanlari o‘qituvchilariga bazaviy lavozim maoshining (tarif stavkasining) 15 foizidan 30 foizigacha miqdorida oylik ustamalar belgilanadi. Bunda quyidagilar majburiy:
• asosiy ishidan ajralgan holda kamida 144 soat davom etadigan dastur bo‘yicha belgilangan tartibda sertifikat olish bilan malaka oshirish;
• pedagogik faoliyat olib borish uchun zarur malaka va chet tilini bilishni aniqlash bo‘yicha test sinovlaridan o‘tish.
LiveBarchasi