USAID faoliyatining to‘xtatilishi konstitutsiyaga zid deb topildi

Olam

image

AQSHning Merilend shtati federal sudyasi Teodor Chuang ish materiallarini ko‘rib chiqqach, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) faoliyatining to‘xtatilishi noqonuniy ekani haqida xulosa chiqardi va agentlikning ishini tiklash bo‘yicha qaror qabul qildi. Bu haqdagi sud qarori e’lon qilindi.

Sud qarorida AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati USAID ishini to‘sib qo‘yish orqali konstitutsion tamoyillarni buzgani qayd etilgan.

68 sahifalik sud hujjatida, xususan, konstitutsion tamoyillarning buzilishi nafaqat USAID'ning sobiq xodimlariga (ular sudga da’vogar sifatida murojaat qilgan), balki jamoatchilik manfaatlariga ham zarar yetkazgani ta’kidlangan. Chunki Oq uy bu qarori bilan Kongress a’zolarini – jamiyatning saylangan vakillarini – USAID kabi Kongress tomonidan tashkil etilgan agentlikni qachon, qanday va nima sababdan yopish bo‘yicha qaror qabul qilish vakolatidan mahrum qilgan.

Sud qaroriga ko‘ra, ishdan bo‘shatilgan xodimlar lavozimiga qaytarilishi va ular uchun ish joylariga kirish imkoniyati ta’minlanishi lozim. Hukumat samaradorligi departamenti (rahbari Ilon Mask) USAID faoliyati bo‘yicha faqat tegishli vakolatga ega bo‘lgan rasmiy shaxs ruxsati bilan harakat qilishi mumkin.

Ma’lumot uchun, USAID 1961 yilda AQSH Kongressi tomonidan qabul qilingan xorijiy yordam to‘g‘risidagi qonun asosida tashkil etilgan. Uning yaratilishini o‘sha davrdagi mamlakat prezidenti Jon Kennedi taklif  qilgan bo‘lib, agentlikning asosiy maqsadlaridan biri Sovet Ittifoqining ta’sirini kamaytirish bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Davlat kotibi Marko Rubio USAID dasturlarining 80 foizdan ortig‘i yopilishini e’lon qilgan edi. Davlat kotibining so‘zlariga ko‘ra, USAID'ni bekor qilish uchun Amerika Qo‘shma Shtatlari tomonidan 5 ming 200 dan ortiq shartnoma tuzilgan. Shuningdek, Davlat kotibi “uzoq vaqtdan beri kechikib ketgan tarixiy islohot”ga qo‘shgan hissasi uchun Ilon Mask tomonidan nazorat qilinadigan Hukumat samaradorligi idorasiga (DOGE)  minnatdorlik bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh USAID

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing