Urushning bir kuni Ukrainaga qanchaga tushayotgani ma’lum bo‘ldi

Olam

−

image

Ukraina 2026 yilda harbiy ehtiyojlar uchun kuniga o‘rtacha 266 million dollar sarflamoqda. 2027 yilda bu summa yanada oshishi mumkin. Bu haqda Ukraina Moliya vazirligi xabar berdi. 

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilda mamlakat o‘z byudjetidan Ukraina Qurolli kuchlari ta’minoti uchun jami 4,37 trillion grivna ajratadi, bu esa 97,1 milliard dollarga teng. Bu summaga harbiylarning ish haqi, qurol-yarog‘ va texnika xaridi, kutilmagan xarajatlar uchun rezerv mablag‘lar va boshqa xarajatlar kiritilgan.

Shunday qilib, 2026 yilda nizoning bir kuni Ukraina byudjetiga o‘rtacha 266 million dollarga tushmoqda.

Qayd etilishicha, 2027 yilda Ukraina byudjetiga tushadigan moliyaviy yuk ortishda davom etadi. Qonun loyihasida harbiy xarajatlarni 108,6 milliard dollargacha oshirish ko‘zda tutilgan. Bu esa Ukraina uchun nizoning bir kunlik qiymati 297,5 million dollargacha ko‘tarilishini anglatadi.

“Biroq bu summa faqat Ukrainaning bevosita byudjet xarajatlarini aks ettiradi. Unga homiylardan olinadigan G‘arb qurol-yarog‘larining qiymati kiritilmagan. Shu sababli, nizoning umumiy qiymati bo‘yicha baholashlar keskin farq qilishi mumkin. Masalan, may oyida Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga real harbiy harakatlarning bir kuni mamlakatga taxminan 450 million dollarga tushayotganini ma’lum qilgan edi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukrainada havo hujumi haqidagi signal sabab korxonalar faoliyati to‘xtatiladigan har bir soat mamlakat iqtisodiyotiga 45 million dollarga tushayotgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing