“Urushni to‘xtating!” Mers bombalanayotgan Kiyevdan Putinga murojaat yo‘lladi

Olam

−

image

Kecha, 4 oktyabr kuni Germaniya kansleri Fridrix Mersning Ukraina poytaxtiga tashrifi chog‘ida havo hujumi xavfi sirenasi yangradi. Mers kameralar qarshisida turdi va Rossiya yetakchisi Vladimir Putinga murojaat yo‘lladi. Bu haqda “Bild” xabar berdi.

“Putin janoblari, bu ma’nosiz urushni to‘xtating! Biz muzokaralarga tayyormiz, ushbu urushni yakunlash bo‘yicha bir-birimiz bilan gaplashishga tayyormiz. Ammo Ukrainaning tinch aholisiga nisbatan ushbu vahshiyona hujumlar to‘xtatilishi kerak”, deydi Germaniya kansleri teleyangiliklar xizmati kameralariga to‘g‘ridan to‘g‘ri qarab.

Qayd etilishicha, bu voqea Fridrix Mers va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bir necha kun oldin zarba ostida qolgan Fanlar akademiyasini ko‘zdan kechirayotgan vaqtda sodir bo‘lgan. Shuningdek, kansler tashrifi kuni Kiyevda ko‘prik va boshqa ob’ektlarga hujum qilingan.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, bir kun avval Moskva xorijliklar va diplomatlarni “o‘lim xavfi” haqida to‘g‘ridan to‘g‘ri ogohlantirib, ularni Ukraina poytaxtini tark etishga chaqirgan. Shunga qaramay, kansler u yerga tashrif buyurdi.

Bundan tashqari, Mers tashrif davomida Zelenskiyga Germaniya Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish niyatida ekanini aniq tushuntirdi.

“Agar Rossiya to‘xtatilmasa, uning harbiy mashinasi ertami-kechmi bizga qarshi qaratiladi. Siz bundan buyon ham bizning yordamimizga umid qilishingiz mumkin”, deya ishonch bildirgan u.

Berlindagi hukumat doiralari ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniya Ukrainaga qiymati bir milliard yevrodan ortiq bo‘lgan navbatdagi harbiy yordam paketini ajratmoqchi. Uning tarkibiga uzoq masofali qurollar, jangovar dronlar va aloqa vositalari kiradi.

Bundan tashqari, Germaniya hukumati Rossiyaning “Geran-4” va “Geran-5” turdagi reaktiv dronlariga qarshi kurashish uchun yangi tutuvchi dronlarni seriyali ishlab chiqarishni tez orada boshlashni rejalashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya kansleri Fridrix Mers maxsus poyezdda Kiyevga borgani haqida xabar berilgandi. Ushbu tashrif haqida oldindan e’lon qilinmagan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing