Urushni tugatish uchun AQSH bilan halol ishlashga tayyormiz – Zelenskiy
Olam
−
21 noyabr 2025 4237 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan urushni tugatish bo‘yicha AQSHdan kelgan tinchlik rejasini ko‘rib chiqishga va “halol ishlashga” tayyorligini bildirdi. Bu haqda u o‘zining X sahifasida ma’lum qildi.
Avvalroq, AQSH va Rossiya Prezidentlarining maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Kirill Dmitriyev ishtirokida Ukraina uchun yangi tinchlik rejasi ishlab chiqilgani va Qo‘shma Shtatlar Ukrainadan barcha Lugansk va Donetsk viloyatlarini taslim qilishni va armiyasini yarmiga qisqartirishni talab qilishi ma’lum qilingandi.
Qayd etilishicha, Zelenskiy tomoni ham bayonot berib, Ukraina urushni adolatli yakunlash uchun reja bandlari ustida ishlashga rozi ekanini ma’lum qilgan. Agar matnda aytilgan talablar tasdiqlansa, ular ko‘proq Rossiyaning manfaatlariga mos kelishi aytilgan.
Zelenskiy yaqin kunlarda AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan rejani muhokama qilishni kutayotgani, rejada Ukrainaning ko‘plab qurollardan voz kechishi ham borligini aytgan. AQSH maxsus elchisi Stiv Uitkoff va davlat kotibi Marko Rubio ushbu reja ustida taxminan bir oy davomida yashirincha ishlagani, har ikki tomon bilan gaplashib, “barqaror tinchlik uchun nimalarga tayyorligini” o‘rgangan.
AQSH rasmiylaridan biri SBS News’ga bergan ma’lumotida, reja Zelenskiy ma’muriyatidagi eng yuqori amaldorlardan biri – Rustem Umerov bilan muhokamalardan so‘ng tuzilganini, u rejadagi bandlarning aksarini ma’qullaganini aytgan.
“Amerika tomoni urushni tugatish bo‘yicha o‘z nuqtai nazarlarini taqdim etdi. Biz asosiy tamoyillarimizni aytdik va jamoalarimiz reja bandlarini haqiqiy bo‘lishi uchun birga ishlashga kelishib oldi”, deb yozadi Zelenskiy X’da.
Zelenskiy Kiyevga kelgan AQSH harbiy rahbarlar bilan ham uchrashgan. Shundan keyin u Trampning Yevropada xavfsizlikni tiklashga qaratilgan sa’y-harakatlarini qadrlashini aytgan.
U o‘z murojaatida Ukraina “munosib tinchlikka” muhtojligini va “xalqning qadr-qimmati hurmat qilinishi kerakligini” ta’kidlagan.
Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat rahbari Kaya Kallas esa bu reja bo‘yicha Yevropa ishtirok etganidan xabari yo‘qligini bildirgan.
“Har qanday rejaning ishlashi uchun unda ukrainaliklar va yevropaliklar bo‘lishi shart”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi AQSHdan Ukrainadagi mojaroni hal qilish bo‘yicha “ba’zi kelishuvlar” haqida rasmiy ma’lumot olmaganini xabar qilingandi.
Live
Barchasi