Urushga tayyorgarlik: AQSH 10 kunda Ukrainaga 500 tonnaga yaqin qurol yetkazib berdi
Olam
−
01 fevral 2022
9662AQSH joriy yilning 22 yanvaridan beri Ukrainaga qurollarning oltita partiyasini yetkazib berdi. Bu haqda Ukraina Mudofaa vaziri Aleksey Reznikov ma’lum qildi.
“Hatto bir kun ham o‘tmadi va biz AQSHdagi do‘stlarimizdan oltinchi “qush”ni tushirmoqdamiz! Kiyevga 84 tonna o‘q-dorilar keldi! Bugungacha hammasi bo‘lib AQSHdan 500 tonnaga yaqin mudofaa texnikasini oldik! Bu hali oxirgisi emas”, deb yozgan u Twitter’da.
Kecha, 31 yanvar kuni kechqurun vazir Kiyevga 84 tonna turli kalibrli o‘q-dorilar bilan beshinchi samolyot kelganini ma’lum qilgan.
22 yanvar kuni AQSHdan umumiy og‘irligi 90 tonnadan ortiq bo‘lgan harbiy yuklarning birinchi partiyasi, jumladan, o‘q-dorilar Ukrainaga yetib kelgan. Ertasi kuni Kiyevga ikkinchi yuk — 80 tonnadan ortiq og‘irlikdagi Amerika qurollari yetkazilgan. Ikki kundan keyin, 25 yanvar kuni Ukrainaga qurollar bilan uchinchi samolyot yetib kelgan. Kiyev 28 yanvar kuni AQSHdan yana 81 tonna turli kalibrli o‘q-dorilar olgan. Qayd etilishicha, qurol yetkazib berish Ukrainaga AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati tomonidan tasdiqlangan 200 million dollar miqdoridagi yordam doirasida amalga oshirilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, G‘arb davlatlari Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishda, jumladan, Donbassda qo‘llanilayotgan qurollarni yetkazib berishda davom etmoqda. AQSHdan tashqari Buyuk Britaniya, Kanada, Fransiya, Polsha, Litva, Estoniya, Chexiya, Bolgariya, Ruminiya va Turkiya Kiyevga qurol yetkazib bergan.
LiveBarchasi