Urushga qarshi bo‘lgan rus deputati AQSH-Meksika chegarasida qo‘lga olindi
Olam
−
19 may 2022
10169Rossiya Federatsiyasi Kommunistik partiyasidan Vladivostok shahar dumasi deputati Viktor Kamenshikov Meksika va AQSH chegarasida qo‘lga olindi. Bu haqda “Meduza” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, deputat AQSHga noqonuniy kirishga uringani uchun hibsga olingani taxmin qilinmoqda. Kamenshikovning AQSHda tug‘ilib, ushbu mamlakatning fuqaroligini olgan farzandi ham bor.
Ma’lum qilinishicha, Kamenshikov faol deputatlar ro‘yxatiga kiritilgan, biroq fevral oyining oxiridan beri majlislarda qatnashmagan. Keyin u partiyadan chiqish to‘g‘risida ariza bergan va Rossiya Ukrainaga bostirib kirishiga rozi bo‘lmagani uchun deputatlik mandatini topshirishga tayyorligini ma’lum qilgan.
“Men urushga prinsipial jihatdan qarshiman”, deydi deputat.
Rossiya Kommunistik partiyasi Primorskiy o‘lkasi qo‘mitasining birinchi kotibi Anatoliy Dolgachevning nashrga ma’lum qilishicha, Kamenshikov partiyadan ketganidan so‘ng unga deputatlik vakolatlaridan voz kechish taklif qilingan, biroq u bunday qilmagan. U hozir qayerda, Dolgachev bilmaydi. Uning ta’kidlashicha, kommunist uchun "oxirgi narsa bu partiya imperialistik siyosatiga qarshi bo‘lgan Qo‘shma Shtatlarga qochishdir".
LiveBarchasi