Urush tinch yo‘l bilan hal bo‘lmasa, Kiyevga Tomahawk beraman – Tramp

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukrainaga Tomahawk turidagi qanotli raketalarni berish imkoniyatini tilga oldi. Uning aytishicha, agar Rossiya Ukrainaga qarshi agressiv urushni tinch yo‘l bilan tugatishdan bosh tortsa, Vashington shunday qadamga borishi mumkin. Bu haqda Tramp bugun, 13 oktyabrga o‘tar kechasi Air Force One bortida so‘zladi.

Uning ma’lum qilishicha, ushbu masalani u 11 va 12 oktyabr kunlari Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan muhokama qilgan va bu chora “yangi bosqichdagi bosim” sifatida ko‘rilishi mumkinligini ta’kidlagan.

“Ehtimol, men rossiyaliklar bilan Tomahawk haqida gaplashishim kerak edi. Ular Tomahawk o‘zlari tomon uchishini xohlashadi-mi? Menimcha, yo‘q”, dedi Tramp.

Trampning qo‘shimcha qilishicha, u Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni bunday ehtimoldan ogohlantirish niyatida:

“Men unga shunday deyishim mumkin: “Qara, agar bu urush hal etilmasa, men ularga Tomahawk yuborganim qoladi”.

Trampning tushuntirishicha, agar bunday qaror qabul qilinsa, raketalar bevosita Ukrainaga emas, balki NATO davlatlariga sotiladi – keyin esa ular Kiyevga berishlari mumkin bo‘ladi.

“Tomahawk – yetarli darajada kuchli, hujumkor quroldir. Rostini aytsam, Rossiya bunga muhtoj emas. Lekin agar tinchlikka erishilmasa, biz bunga borishimiz mumkin. Borishimiz shart emas, ammo borishimiz mumkin”, dedi u.

Ukraina Prezidenti Zelenskiy kecha, 12 oktyabr kuni “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida, agar AQSH Ukrainaga Tomahawk raketalari bersa, ular Rossiyaning fuqarolik aholisiga qarshi ishlatilmasligini ta’kidladi:

“Faqat harbiy maqsadlar uchun. Biz hech qachon ularning tinch aholisiga zarba bermaymiz”, dedi Zelenskiy.

O‘sha kunlari u Tramp bilan ikki kun ichida ikkinchi marta suhbatlashdi. “Axios” manbasiga ko‘ra, Tomahawk masalasi 11 oktyabrdagi suhbatda ham ko‘tarilgan. 

“Biz ko‘ryapmizki, Rossiya amerikaliklar bizga Tomahawk berishi mumkinligidan qo‘rqmoqda. Bu bosim orqali tinchlikka erishish mumkinligining belgisi”, deb yozdi o‘shanda Zelenskiy. 

“The Daily Telegraph” ma’lumotiga ko‘ra, sentyabr oyi oxirida BMT Bosh Assambleyasi chog‘ida Nyu-Yorkda Tramp bilan yopiq uchrashuvda Zelenskiy uningdan 1250–2500 km masofaga uchadigan Tomahawk raketalarini so‘ragan.

“Reuters” agentligi esa bunday yetkazib berish ehtimolini past deb baholadi, chunki AQSHdagi Tomahawk zaxiralari asosan Dengiz kuchlari ehtiyoji va boshqa strategik maqsadlar uchun saqlanadi. Manbalar real imkoniyat ATACMS kabi qisqa masofali raketalarga ko‘proq tegishli, degan.

“Tomahawk bo‘yicha qarorni deyarli qabul qilganman. Lekin bilishim kerak – ular (ukrainlar) ularni qayerga yo‘naltiradi? Men bu haqda so‘ramasdan turib, qadam tashlamayman. Men urushni avj oldirish niyatida emasman”, dedi Tramp oktyabr boshida jurnalistlar savoliga javob berib.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa ehtimoliy Tomahawk yetkazib berish haqida shunday dedi:

“Agar Tramp uzoq masofali raketalarni Ukrainaga berishga qaror qilsa, bu Rossiya va AQSH o‘rtasidagi munosabatlarni, ayniqsa so‘nggi paytda paydo bo‘lgan ijobiy tamoyillarni butkul vayron qiladi”.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Ukraina Tomahawk

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing