Urush olovini yoqqan Donetsk va Lugansk aslida kimga tegishli?
Bu qiziq
−
25 fevral 2022
7019724 fevralga o‘tar kechasi. Tunda Rossiya harbiylari hech qanday ogohlantirishsiz Ukraina chegarasini kesib o‘tib, hujum boshladi. Rus og‘ir artilleriyasi Ukraina tomonga minglab snaryadlarni yog‘dirdi. Ukrainlar yarim tunda kuchli portlash ovozidan uyg‘ondi.
Yonayotgan uylar, qonga belangan bolalar, vayron bo‘lgan bino, tutun ichida qolib ketgan keksalar va jon talvasasida chinqirayotgan ayollar. Voqeaning haqiqiy dahshatini tasvirlash uchun bu so‘zlar kamdek.
Donetsk va Lugansk muammosi ortidan bir vaqtlar bitta xalq bo‘lgan Sharqiy slavyanlar bugun bir-birining qonini to‘kmoqda. Hammasi joriy yilning 21 fevral kuni Vladimir Putin DXR va LXR suverenitetini tan olganidan keyin boshlandi, desak xato qilamiz. Zotan bu yaraning ildizi ancha yillik tarixga borib taqaladi.
Xo‘sh, Donetsk va Lugansk aslida kimga tegishli? Bu yerlarga kim asos solgan? Bugun shu haqida so‘z yuritamiz.
Donetsk va Lugansk tarixi
XVI asrda Ukraina Sharqida doimo ozod yashashga intiluvchan va erkinlikni sevuvchi kozak xalqi yashab kelgan. Ular rus madaniyatini saqlab qolishga va Rossiya imperiyasi bilan yaxshi aloqa o‘rnatishga harakat qilgan. Hozirgi Donetsk va Lugansk viloyat hududlari rusiyzabon Zaporoje kazaklarining ta’siri ostida edi. Kazaklar bu yerda “Zaporoje Sich” deb nomlangan qo‘shinni tuzgan.
1654 yilda “Zaporoje Sich” qo‘shinlari Bogdan Xmelnitskiy boshchiligida rus podshohi Aleksey Mixaylovichga murojaat qilib, Rossiya imperiyasining tarkibiga kirishni so‘raydi. Chunki, o‘sha vaqtda Polsha qirolligi Sharqqa qarab kengayib borayotgan edi. Rus podshohi Zaporije kozaklarining murojaatini qabul qildi. Shundan so‘ng, Ukrainaning sharqida yashovchi kozaklar Rossiya tarkibiga qo‘shilgan. G‘arbiy qismlar esa Polsha qirolligining tasarrufida qolgan.
Rossiya imperiyasi davrida Donetsk va Lugansk
XVIII asrning oxiriga kelib Polsha qirolligi ancha zaiflashib qoldi. 1795 yilda Polsha yerlari uch davlat Prussiya, Rossiya va Avstriya o‘rtasida bo‘lib olindi. Rossiya Dnepr daryosining o‘ng qirg‘og‘idagi yerlarni o‘z tasarrufiga oldi. Ukrainaning g‘arbiy qismi esa Avstriya-Vengriya tomonidan bo‘ysundirildi. Shu vaqtdan boshlab Ukraina g‘arbi Yevropa madaniyati ta’siri doirasida, sharqi esa rus madaniyati ostida rivojlandi.
XVIII asrning oxiriga kelib, zamonaviy Ukrainaning aksariyat hududlari Rossiya imperiyasining tarkibiga qo‘shib olindi. 1795-1796 yillarda Yekaterina II (1762-1796) farmoni bilan Luganskda temir quyish zavodi ishga tushdi. Zavodga Lugan deb nom berildi. Tez orada zavod atrofidagi shaharda aholi ko‘payib bordi. 1882 yilda shahar nomi Lugansk deb o‘zgartirildi.
Donetskka kelsak, bu yerlarga Zaporoje va Donda yashovchi kozaklar asos solgan. 1869 yilda Donetskda metallurgiya zavodi barpo etildi. Keyinchalik zavod atrofi shahar maqomini oldi. Ushbu shahar dastlab Yuzovka deb nomlandi. Chor Rossiyasi davrida Yuzovka (Donetsk) va Lugansk shaharlari Yekaterinoslav viloyati tarkibiga kirgan.
SSSR davrida Donetsk va Lugansk
1917 yil fevral inqilobidan so‘ng, Rossiyada podshoh hukumati ag‘darildi. Aleksandr Kerenskiy boshchiligida Muvaqqat hukumat tuzildi. Biroq oktyabr inqilobidan so‘ng, Muvaqqat hukumat ag‘darildi. Natijada Bolsheviklar hokimiyatni egallab oldi. Rossiyadagi talato‘plar vaqtida Ukrainada uchta mustaqil Respublika – Ukraina Xalq respublikasi, Donetsk-Krivoroj Sovet Respublikasi, Odessa Sovet respublikasi tashkil topdi.
1918 yilning boshida Ukraina hududi Sovet armiyasi tomonidan ishg‘ol qilindi. Natijada Donetsk-Krivoroj va Odessa Sovet respublikalari tugatildi. 30 yanvar kuni sovetlarining IV qurultoyida, Donetsk va Krivoy Rog Sovet respublikasi tarkibidagi avtonom Respublika deb e’lon qilindi. Biroq, bir oydan keyin ushbu ikki avtonom Respublika Ukraina Sovet respublikasining tarkibiga qo‘shib yuborildi.
1922 yil 30 dekabr kuni Ukraina SSR, Belarus SSR va Rossiya SSR birgalikda Sovet Sotsialistik respublikalar Ittifoqi (SSSR) tuzishdi. 1929 yilda Donetsk viloyatining nomi Sovet Ittifoqining rahbari Iosif Stalin sharafiga Stalino deb o‘zgarildi.
1941 yil 21 iyun kuni Germaniya Sovet Ittifoqiga qarshi urush e’lon qildi. 1943-1944 yillarda Sovet armiyasi Ukraina hududidan nemislarni siqib chiqardi. Germaniya ortga chekingach, Ukrainada Sovet hokimiyati qayta o‘rnatildi.
1953 yilda Nikita Sergeyevich Xruyov Sovet Ittifoqining rahbariga aylandi. U o‘z ona yurtida ruslashtirish siyosatini olib bordi.
1991-2014 yillarda Donetsk va Lugansk muammosi
1991 yil 24 avgust kuni aholi soni va sanoat jihatidan Sovet Ittifoqida ikkinchi o‘rinda turgan Ukraina o‘z mustaqilligini e’lon qildi. Faqat uning mustaqilligi SSSR parchalanganidan so‘ng tan olindi.
1992 yilda deputat Viktor Nikolayevich Tixonov Lugansk viloyati xalq harakatining ikkinchi qurultoyida Donetsk-Krivoroj Respublikasini qayta tiklash zarurligini e’lon qildi. Biroq uning bu taklifi Ukraina Oliy Radasi tomonidan rad etildi.
1994 yilda Donetsk va Lugansk viloyatlarida referendum bo‘lib o‘tdi. Unda taxminan 90 foiz aholi rus tilini ukrain tili bilan bir qatorda rasmiy til sifatida tan olish, shuningdek, rus tilini mintaqaviy darajada yagona rasmiy til sifatida belgilashga ovoz berdi. Biroq referendum Kiyev hukumati tomonidan bekor qilindi. Tabiiyki, bu Donetsk va Lugansk xalqiga yoqmadi. Ular Rossiyaga talpinishdi.
Zarg‘aldoq inqilobi
2004 yilda Ukrainada prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi. Prezidentlikka asosan ikki nomzod da’vogarlik qildi. Birinchi nomzod Rossiyaga yaqinlashish tarafdori bo‘lgan Viktor Yanukovich, ikkinchi esa asosan Yevropa Ittifoqi bilan integratsiyani kuchaytirish tarafdori Viktor Yushenko edi. Saylovda Yanukovich g‘alaba qozondi. Biroq, muxolifat yetakchisi Viktor Yushenko saylov natijalarini tan olmadi. Oqibatda uning tarafdorlari mamlakatda norozilik namoyishlarini boshlab yubordi.
Namoyishlar ortidan Ukraina Oliy sudi saylov natijalarini tekshirishni boshladi. Tekshiruv natijasiga ko‘ra, ovoz hisoblashda qonun buzilishi holati aniqlandi. Shundan so‘ng, ikkinchi tur natijalari bekor qilindi va uchinchi tur o‘tkazildi. Bu safar Yushenko g‘alaba qozonadi va mamlakat Prezidentiga aylandi. Shunday qilib, Ukrainada G‘arb pozitsiyasi mustahkamlandi. Ayni shu voqealardan so‘ng, Ukraina Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar ipi taranglashdi.
2014 yilgi inqiroz
2010 yilda o‘tgan Ukraina Prezidenti saylovida Viktor Yanukovich g‘alaba qozondi. Tabiiyki, Rossiya bilan munosabatlar qayta tiklandi. Qora dengiz floti bo‘yicha Xarkov shartnomasi imzolanib, unga ko‘ra, ijara muddatini yana yigirma besh yilga uzaytirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Yanukovich bir tomondan Rossiya, boshqa tomondan esa Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni davom ettirishga intilaverdi. Biroq “katta og‘a” Yanukovichga bosim o‘tkazib, Ukrainani Yevropa Ittifoqiga kirishiga qarshilik qildi. Kremlning chizgan chizig‘idan chiqa olmagan Yanukovich, Yevropa Ittifoqiga kirish jarayonini to‘xtatdi. Bu esa mamlakatda ommaviy norozilik namoyishlarining boshlanib ketishiga sabab bo‘ldi.
Ukrainada boshlangan tartibsizliklar ortidan, Rossiyaning ta’siri kuchli bo‘lgan mamlakatning janubi-sharqiy hududlarida qurolli harakatlar boshlanib ketdi. Rossiya Donetsk va Luganskdagi rus ayirmachilaridan foydalandi. Ular Ukrainadagi yangi hukumatni tan olmadi. 2014 yil 7 aprel kuni Donetsk, 27 aprel kuni Lugansk mustaqilligini e’lon qildi. 11 may kuni tan olinmagan har ikki yangi respublikada referendum o‘tkazildi. Unda aholining ko‘pchilik qismi Rossiyaga qo‘shilishga ovoz berdi. Tabiiyki, bu qaror Ukrainaga yoqmadi va Donetsk hamda Luganskka o‘z harbiylarini yubordi. Oqibatda urush boshlanib ketdi. Rossiya separatistlarga qurol-yarog‘ va harbiy kuchi bilan yordam berdi.
Donetsk va Lugansk xalq respublikalari xalqaro miqyosda tan olinmadi. 2014 yil 5 sentyabr kuni Minsk shahrida Donetsk va Lugansk viloyatlari hududida o‘t ochishni to‘xtatishni bo‘yicha uch tomonlama shartnoma imzolandi. Kelishuvni Rossiya tomonidan Rossiya Federatsiyasining Ukrainadagi Favqulodda va muxtor elchisi Mixail Zurabov, Ukraina tomonidan mamlakat rahbariyatidan mandatga ega bo‘lgan sobiq Prezident Leonid Kuchma imzoladi. Shuningdek, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti vakili Xaydi Talyavini, Lugansk xalq respublikasi va Donetsk xalq respublikasi tomonidan Igor Plotnitskiy hamda Aleksandr Zaxarchenko hujjatga imzo chekdi. O‘sha kuni mahalliy vaqt bilan soat 18:00 dan sulh kuchga kirdi. Biroq shunga qaramay, ikki o‘rtada to‘qnashuvlar bo‘lib turdi.
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi
2022 yilning boshiga kelib Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi ziddiyatlar ipi anchayin taranglashib ketdi. Bir qancha Yevropa mamlakatlarining rahbarlari ikki davlat munosabatlarini yumshatish uchun o‘rtaga tushib ko‘rdi. Ammo bu harakatlar besamar ketdi.
21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan LXR va DXR tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri urushga ishora edi.
23 fevral kuni DXR va LXR rahbarlari Ukraina “tajovuzi”ni qaytarish uchun Rossiya Prezidenti Vladimir Putindan yordam so‘radi. Shundan so‘ng, Putin xalqqa murojaat qilib, Ukrainani qurolsizlantirish uchun maxsus operatsiya o‘tkazishini ma’lum qildi. Shu kuni Rossiya harbiylari Ukrainaning Kiyev, Xarkov va Dneprdagi harbiy infratuzilma ob’ektlariga raketa hujumlari uyushtirdi. Shuningdek, Rossiya Mariupol va Odessaga desant tushirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyaning qurolli hujumi birinchi kunida 137 nafar Ukraina fuqarosi halok bo‘lgan, 316 nafari yaralangan. Qurbonlar va yaradorlar orasida qancha harbiy va oddiy fuqarolar borligiga aniqlik kiritilmagan.
Ukraina Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Qurolli Kuchlarining jangovar yo‘qotishlar statistikasi: 7 ta samolyot, 6 vertolyot, 30 dan ortiq tank va 120 zirhli texnika, 800 tagacha shaxsiy tarkib.
Ijtimoiy tarmoqlarda Kiyev osmonida Rossiyaning harbiy samolyot va vertolyotlari uchib yurgani aks etgan videolar tarqaldi. So‘nggi yangliklarga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari Kiyev tomon harakatlanmoqda.
LiveBarchasi