Urush kengaymoqda: AQSH va Saudiya birgalikda Iroqdagi Eronga yaqin guruhlarni bombaladi

Olam

image

AQSH va Saudiya Arabistoni Eron qo‘llab-quvvatlaydigan Iroqdagi qurolli guruhlarga birgalikda zarba berdi. Bu AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘tgan hafta Eronga qarshi hujumlarni to‘xtatganidan keyin Yaqin Sharqda amalga oshirilgan ilk AQSH havo hujumi bo‘ldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Iroq xavfsizlik tizimi tarkibiga kiruvchi, ammo Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Xalq safarbarlik kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, AQSH va Saudiyaning mamlakatdagi bir nechta bazaga bergan zarbalari oqibatida kamida 20 nafar jangchi halok bo‘lgan, 32 nafari yaralangan.

Mosul shahrida halok bo‘lganlarning jasadlari shifoxonadan olib chiqilayotgan vaqtda yig‘ilganlar “Amerikaga o‘lim!” degan shiorlar bilan chiqish qilgan. Vashington va Ar-Riyod ushbu zarbalar Saudiyaning neft ob’ektlariga Iroq hududidan uyushtirilgan dron hujumlariga javob sifatida amalga oshirilganini bildirgan.

Bu Tramp o‘tgan hafta 13 kun davom etgan Eronga qarshi havo kampaniyasini to‘xtatganidan keyin AQSHning mintaqadagi birinchi yirik harbiy amaliyoti bo‘ldi.

Shuningdek, bu urush davomida Saudiya Arabistoni birinchi marta AQSH bilan birgalikda zarbalarda ishtirok etganini rasman e’lon qildi. Tahlilchilar fikricha, bu sunniy Saudiya Arabistonining Eronning shia ittifoqchilariga qarshi yangi frontda to‘qnashuvga jalb qilinishi orqali mojaroni yanada kengaytirishi mumkin.

Iroq hukumati esa favqulodda yig‘ilish chaqirgan. Mamlakat Prezidenti ma’muriyati ushbu hujumlarni “Iroq suverenitetining ochiqdan-ochiq buzilishi” deb baholagan. Shu bilan birga, qo‘shni davlatlarga qarshi qurolli guruhlar hujumlarini ham to‘xtatishga chaqirgan.

Eron AQSH va Saudiya hujumlarini AQSH hamda Isroilning urushni butun mintaqaga yoyishga qaratilgan urinishi deb atagan. Eronga yaqin “Hizbulloh” guruhi esa AQSH va Saudiya “og‘ir badal to‘laydi”, deya tahdid qilgan.

Yamandagi Eronga yaqin husiylar harakati esa o‘tgan hafta Qizil dengiz orqali Saudiya neft eksportini blokada qilishini e’lon qilib, kemalar va neft ob’ektlariga hujumlar uyushtirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “The Wall Street Journal” manbalariga tayanib, Quvayt va Bahrayn Eron hududidagi ob’ektlarga yashirin havo zarbalarini bergani haqida yozgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing