Urush davom etmoqda. Rossiya Kiyevga, Ukraina esa Samaraga zarba berdi
Olam
−
28 avgust 10347 3 daqiqa
Bugun, 28 avgustga o‘tar kechasi Rossiyaning Kiyevni o‘qqa tutishi oqibatida to‘rt kishi, jumladan, 14 yoshli bola halok bo‘ldi, yana 30 ga yaqin kishi jarohatlandi. Bu haqda Ukraina Ichki ishlar vaziri Igor Klimenko ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, vayronalar ostidan uch kishi qutqarib olingan, biroq yana boshqa odamlar vayronalar ostida qolgan bo‘lishi mumkin.
Kiyev shahar harbiy boshqarmasi rahbari Timur Tkachenkoning ma’lum qilishicha, jarohatlanganlar orasida 10 va 18 yoshli ikki aka-uka ham bor, 10 yoshli bola shifoxonaga yotqizilgan. Bundan tashqari, 17 yoshli o‘smir jarohat olgan.
Kiyevning bir qancha tumanlari yirik havo hujumiga uchragan. Darnitskiy tumanida besh qavatli turarjoy binosi va 16 qavatli bino “sezilarli” shikastlangan.
“Darnitskiy tumanida birinchi qavatdan beshinchi qavatgacha bo‘lgan besh qavatli binoga zarar yetkazildi”, dedi Kiyev meri Vitaliy Klichko.
Xususiy turarjoy binosi va bolalar bog‘chasi ham zarar ko‘rgan. Kiyevning boshqa hududlarida 25 qavatli turarjoy binosi, bir nechta ma’muriy binolar va xususiy turarjoy binosi o‘qqa tutildi.
Kecha, 27 avgust kuni kechqurun Kiyevda havo hujumi haqida ogohlantirish e’lon qilingan va tuni bo‘yi otishmalar davom etgan. Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, shaharga dronlar, qanotli raketalar va ballistik raketalar hujum qilgan.
Rossiyada esa Ukraina uchuvchisiz uchoqlarining hujumlari oqibatida Krasnodar o‘lkasi va Samara viloyatidagi ikkita neftni qayta ishlash zavodida yong‘in sodir bo‘ldi.
“Krasnodar o‘lkasidagi Afipskiy neftni qayta ishlash zavodida yong‘in sodir bo‘ldi”, deb xabar berdi mintaqaviy tezkor guruh.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, neftni qayta ishlash zavodlaridan biri uchuvchisiz samolyot qoldiqlari tushishi tufayli yonib ketgan. Yong‘in 20 kvadrat metr maydonni qamrab olgan.
“Astra” va “Exelinova+” Telegram-kanallari Samaradagi Kuybishev nomidagi neftni qayta ishlash zavodida yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar berdi . Guvohlarning suratlarida neftni qayta ishlash zavodi tepasida quyuq qora tutun ko‘tarilayotganini ko‘rish mumkin. Mahalliy hokimiyat zavodga zarba haqidagi ma’lumotga izoh bermadi.
Ukraina uchuvchisiz uchoqlari 28 avgustga o‘tar kechasi Rossiyaning boshqa hududlariga ham hujum qildi. Volgograd viloyatidagi hujum oqibatida Petrov Val shahridagi lokomotiv deposida yong‘in kelib chiqdi, poyezdlar harakati to‘xtatildi. Rostov viloyati Mankovo-Kalitvenskoye qishlog‘ida xususiy uyning tomiga uchuvchisiz samolyot qoldiqlari tushib, elektr simlariga zarar yetkazgan. Tomga yopishib qolgan kallak portlash xavfi tufayli 89 kishi – shu va qo‘shni 50 ta uyda yashovchilar evakuatsiya qilingan.
Rossiya Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, havo hujumidan mudofaa kuchlari bir kechada Rossiya hududlari osmonida 102 ta dron, jumladan, Rostov va Samara o‘lkasida 21 ta, Krasnodar o‘lkasida 18 ta va Volgograd o‘lkasida 2 ta uchuvchisiz samolyot urib tushirilgan.
Oxirgi haftalarda Ukraina Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlarni kuchaytirdi. “Reuters” agentligining 25 avgust kuni taqdim etgan hisob-kitoblariga ko‘ra, 10 ta neftni qayta ishlash zavodiga qilingan hujumlar kuniga 1,1 million barrel neftni qayta ishlovchi Rossiya neftni qayta ishlash quvvatining kamida 17 foizi ishini to‘xtatgan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr