Urush davom etadi: Xitoy AQSH mahsulotlariga bojlarni 125 foizgacha oshirdi
Olam
−
11 aprel
5574Xitoy AQSH mahsulotlariga boj stavkalarini 84 foizdan 125 foizgacha oshirdi. Bu choralar AQSHning Xitoy importiga qo‘llagan bojlarini 145 foizgacha ko‘tarishiga javob bo‘ldi. Bu haqda Xitoy Moliya vazirligiga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Xitoyning AQSH mahsulotlariga qo‘ygan yangi boj stavkalari ertaga, 12 apreldan kuchga kiradi. Xitoy Moliya vazirligi hozirgi boj stavkalari bilan AQSH mahsulotlari mamlakatda bozor tomonidan qabul qilinishi uchun endi hech qanday imkon qolmaganini bildirgan. Shuningdek, vazirlik Donald Tramp ma’muriyatining harakatlarini “anekdot” deb atagan va ularni endi qarshi choralar ko‘rishga arzigulik deb hisoblamasligini ma’lum qilgan.
“Agar AQSH keyinchalik Xitoydan olib kiriladigan mahsulotlarga boj qo‘llashda davom etsa, Xitoy bunga e’tibor qaratmaydi”, deyiladi Xitoy Moliya vazirligi bayonotida.
“Euronews” ham bojlar oshirilgach, Xitoy AQSHning tarif o‘yinlariga javob bermaslikka va ularni e’tiborsiz qoldirishga qaror qilganini xabar bermoqda.
“Agar AQSH boj stavkalarini yanada oshirsa ham bu endi iqtisodiy ma’noga ega bo‘lmaydi va jahon iqtisodiyoti tarixidagi kulgili voqeaga aylanadi. Biroq agar AQSH Xitoy manfaatlariga jiddiy putur yetkazishda davom etsa, Xitoy qat’iy javob choralarini ko‘radi va oxirigacha kurashadi”, deyiladi Xitoy Moliya vazirligi bayonotida.
Shuningdek, Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Lin Szyan ham bayonot berib, Pekin savdo urushlarini istamasligini, biroq ulardan qo‘rqmasligini aytgan. https://qalampir.uz/news/khitoy-savdo-urushida-ak-shdan-k-urk-maydi-pekin-117242
“Agar AQSH muammolarni muloqot orqali hal qilishni xohlasa, haddan tashqari bosim o‘tkazish va asossiz choralarni bas qilishi kerak. Bunday harakatlarning bizga ta’siri yo‘q”, degan u.
Eslatib o‘tamiz, 2 aprel kuni Donald Tramp 185 ta davlatga nisbatan boj stavkalarini joriy qilishini e’lon qilgan edi. Tariflar 10 foizdan 50 foizgacha bo‘ldi. Boj joriy qilingan davlatlar ro‘yxatiga O‘zbekiston ham kiritilgandi.
Shundan so‘ng Xitoy ham javoban choralar ko‘rishini ma’lum qilib, AQSH mahsulotlariga 34 foizlik qo‘shimcha boj joriy qildi.
Keyin esa Tramp Xitoyga ultimatum qo‘ydi. Unga ko‘ra, agar Xitoy 8 aprelgacha javob tariflarini bekor qilmasa, AQSH yana qo‘shimcha bojlarni kiritishi kerak edi https://qalampir.uz/news/khitoy-gapga-k-ulok-solmasa-tramp-uni-yana-zhazolamok-chi-117095 . Xitoy esa bojlarni bekor qilmadi va oqibatda AQSH Xitoy mahsulotlariga boj stavkalarini 125 foizgacha oshirdi. Boshqa davlatlarga nisbatan esa boj choralarini 90 kunga to‘xtatdi.
Xitoy esa Trampning tahdidlariga bo‘ysunmasligini va Vashingtonning “shantaj”lariga yon bermasligini bildirdi. Pekin savdo urushida “oxirigacha kurashish”ga tayyor ekanini ta’kidladi.
Oxir oqibat Tramp yana bir bor Xitoydan olib kiriladigan mahsulotlarga boj stavkalarini oshirdi – endilikda ular 145 foizni tashkil etmoqda.
LiveBarchasi