Urushning 2 yilligida G‘arb yetakchilari Kiyevga bordi
Olam
−
24 fevral
6606Bugun, 24 fevral kuni Ukraina poytaxti Kiyevga to‘rt nafar G‘arb yetakchisi yetib bordi. Bu haqda mahalliy nashrlar xabar berdi.
Xorijiy yetakchilar Ukraina bilan keng ko‘lamli qurolli mojaro boshlanganining ikki yilligi munosabati bilan Kiyevga borgan va Ukraina bilan birdamligini bildirgan.
Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni, Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo, Belgiya Bosh vaziri Aleksandr de Kro va Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen tunda qo‘shni Polshadan poyezdda Ukraina poytaxtiga yetib keldi.
Yetakchilar Kiyevga quruq qo‘l bilan kelgani yo‘q. Xususan, fon der Lyayen o‘zi bilan Ukraina politsiyasi uchun 50 ta avtomobil olib keldi.
Xabar qilinishicha, bugun Kiyevda videokonferensiya o‘tkazish rejalashtirilgan, unda G7 mamlakatlari yetakchilari ishtirok etadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham muhokamaga taklif qilingan.
Ma’lumot uchun, 2022 yil 24 fevralda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin telemurojaatida Ukraina sharqida “maxsus harbiy operatsiya” boshlanganini e’lon qilgan. Shundan beri Ukrainada urush davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 23 fevral kuni Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen Ukrainaga borgan va Lvovda Prezident Vladimir Zelenskiy bilan xavfsizlik bo‘yicha shartnoma imzolagandi.