“Urush boshlandi”. Isroil Eronga zarba berdi
Olam
−
28 fevral 9023 1 daqiqa
Bugun, 28 fevral kuni Eron poytaxti Tehron shahrida kuchli portlash ovozi eshitilgani haqida xabarlar tarqaldi. Hodisa tafsilotlari hozircha noma’lum. Rasmiy idoralar voqea yuzasidan izoh berishmagan. Bu haqda “Al Arabiya” xabar berdi.
Mahalliy aholi vakillarining aytishicha, portlash ovozi shaharning bir nechta hududlarida sezilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ayrim videolarda favqulodda xizmatlar harakati kuzatilgani aytilmoqda, biroq bu ma’lumotlar rasmiy manbalar tomonidan tasdiqlanmagan.
Mazkur hodisa Eron va AQSH o‘rtasida Tehronning yadroviy dasturi masalasida keskinlik kuchaygan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda. So‘nggi haftalarda ikki tomon o‘rtasida bayonotlar almashinuvi va diplomatik ziddiyatlar kuchaygani kuzatilayotgandi.
Shu bilan bir vaqtda, Isroil hududida ham ogohlantiruvchi sirenalar yangragani ma’lum qilindi. Isroil harbiylari bergan bayonotga ko‘ra, bu “Isroil davlati hududiga raketalar uchirilishi ehtimoliga jamoatchilikni tayyorlash maqsadida berilgan proaktiv ogohlantirish” bo‘lgan.
Hozircha Tehrondagi portlash va Isroilda yangragan sirenalar o‘rtasida bevosita bog‘liqlik bor-yo‘qligi aniqlanmagan. Rasmiy manbalar vaziyat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroilda yashovchi o‘zbekistonliklar mamlakatdagi vaziyat murakkabligi sababli xavfsizlik choralariga alohida e’tibor berishga chaqirilgandi.
Live
Barchasi