O‘rmonda adashgan armanlarni qutqarmoqchi bo‘lgan to‘rt askarimiz halok bo‘ldi – Ozarbayjon

Olam

image

Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasida vaziyat yana keskinlashishi mumkin. Tomonlar Ozarbayjon, Rossiya Prezidentlari va Armaniston Bosh vaziri tomonidan imzolangan Tog‘li Qorabog‘dagi o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi sulh buzilganini da’vo qilmoqda. Hudda o‘t ochish holatlari kuzatilgan. Ozarbayjon Respublikasi Mudofaa vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati bo‘layotgan voqealar yuzasidan qo‘shma bayonot berdi. Bayonot Ozarbayjon Respublikasi Mudofaa vazirligining rasmiy sahifasida e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, 9 noyabrda imzolangan bitimga binoan sulh e’lon qilinganidan so‘ng, ba’zi arman qurolli tuzilmalari Ozarbayjonning Xojavond viloyati Hadrut qishlog‘ining shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan o‘rmonzorda qolib ketgan. Armaniston tomoni Rossiya Federatsiyasining tinchlikparvar kuchlari qo‘mondonligiga ularni ushbu hududdan olib chiqib ketish to‘g‘risida iltimos bilan murojaat qilgan.

“Ozarbayjon tomoni o‘rmonda adashib qolgan arman qurolli tuzilmalarini hududdan olib chiqish uchun barcha sharoitlarni yaratib berdi. Qiyin ob-havo sharoitida Rossiya tinchlikparvar kuchlarining harbiy xizmatchilari ushbu hududga yetib kelishdi va karnaylar yordamida o‘rmonzor hududidagi arman qurolli otryadlariga murojaat qilib, ularni ushbu hududdan evakuatsiya qilish uchun zarur choralar ko‘rilganini aytishdi”, deyiladi bayonotda.

Bayonotda keltirilishicha, Arman qurolli otryadlari hududni tark etmagan. Aksincha ular jangovar pozitsiyalar yaratib, ushbu hududdagi Ozarbayjon harbiy xizmatchilariga qarshi terroristik-provokatsion harakatlarni amalga oshirgan. Hujum oqibatida jami 4 kishi vafot etgan va 2 kishi jarohat olgan.

“Arman qurolli otryadlari hududni tark etmadi, aksincha ular jangovar pozitsiyalar yaratdilar va so‘nggi kunlarda Ozarbayjon tomonida davlat xizmatini o‘tayotgan shaxslarga hamda ushbu hududdagi harbiy xizmatchilarga qarshi terroristik-provokatsion harakatlarni amalga oshirdilar. Shunday qilib, joriy yilning 26 noyabrida Xojavond viloyati Sur okkupatsiyasidan ozod qilingan, ushbu hududda rasmiy vazifalarini bajarayotgan Ozarbayjon Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilariga kutilmaganda hujum qilinishi oqibatida 3 nafar harbiy xizmatchimiz o‘ldirildi va 2 kishi jarohatlandi. 8 dekabr kuni bitta harbiy xizmatchi o‘ldirildi va “Azercell” kompaniyasi xodimi shu mintaqadagi Hadrut qishlog‘i yaqinida aloqa uskunalarini o‘rnatayotganda jiddiy jarohat oldi”, deyiladi axborotda.

Qo‘shma bayonotda qayd etilishicha, yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Ozarbayjon Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati ushbu hududda aksilterror operatsiyasini o‘tkazishga majbur bo‘lgan.

“Armaniston tomoni uch tomonlama bayonot qoidalarining bajarilishini ta’minlashi, sulh va tinchlik rejimiga rioya qilinishini qo‘llab-quvvatlashi, qolgan arman qurolli bo‘linmalari yoki Armaniston qurolli kuchlarining qoldiqlari orqali provokatsiyalar uyushtirishdan voz kechishi, shuningdek, vaziyatni atayin og‘irlashtirmasligi shart”, deyiladi bayonotda.

Axborotga ko‘ra, Ozarbayjon Respublikasi uch tomonlama bitim qoidalariga rioya qilgan holda, mintaqada tinchlikni ta’minlash bo‘yicha harakatlarini Rossiya Federatsiyasi tinchlikparvar kuchlari bilan yaqinlik va hamkorlikda davom ettiradi.

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 9 noyabr kuni Rossiya va Ozarbayjon Prezidentlari Vladimir Putin, Ilhom Aliyev hamda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish to‘g‘risida qo‘shma bayonotni imzoladilar.

Keyinchalik, Armaniston Mudofaa vazirligi Ozarbayjon Qurolli kuchlari Tog‘li Qorabog‘da hujumga o‘tganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Armaniston Qorabog'

Baholaganlar

590

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing