Urbanizatsiya uy-joylarni buzish degani emas – Aripov
Intervyu
−
18 iyul 2019
8502Joriy yilning 9 iyul kuni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga “O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilgacha urbanizatsiyani rivojlantirish Konsepsiyasi” joylashtirildi.
Xo‘sh, u nima? O‘z ichiga nimalarni qamrab oladi? Urbanizatsiya oddiy til bilan tushuntirganda, uylarning buzilishiyu o‘rniga yangi City`larning barpo etilishimi? O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligida vazir o‘rinbosari, Urbanizatsiya agentligi direktori Jasur Aripov bu haqda jurnalistlarga gapirib berdi.
“Yaqinda ota-onam qo‘ng‘iroq qilishdi. Uyimizni buzishayotganmish. Shumi urbanizatsiyang, o‘g‘lim, deb savol berishdi. (kulib) Xalqimizda urbanizatsiyani shunday tushunayotganlar ko‘p va biz qo‘ldan kelgancha ular bilan muloqot qilishga tayyormiz”, deydi Jasur Aripov so‘zi avvalida.
2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida shaharlashtirishni rivojlantirish konsepsiyasini yaratish jarayonida bir-biriga bog‘liq sohalarda 30 dan ortiq konsepsiya va dasturlar o‘rganilgan. Bular: uy-joy kommunal xo‘jaligi, qurilish, transport kommunikatsiyalari, yenergetika, ta’lim, sog‘likni saqlash va boshqa ko‘plab sohalar. Hujjatni ishlab chiqishda ushbu tarmoqlar uchun ma’sul bo‘lgan davlat idoralari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar OTV, Jahon banki, OESD va boshqa ekspertlar ishtirok etgan.
“Urbanizatsiya” tushunchasini hamma turlicha tushunadi va ayrim hollarda bu jumlani uy-joylarni buzish holatlari bilan bog‘lashmoqda. Aslida, urbanizatsiya uzoq va keng qamrovli jarayon, demografik tendensiyalar, migratsiya jarayoni, ish bilan bandlik, atrof-muhit xavfsizligi, ekologiya va boshqalardir. Umuman olganda, urbanizatsiya yerlarning samaradorligi, shaharlarni rejalashtirish, shahar infratuzilmasini rivojlantirish va uy-joy qurilish masalalari, shahar aholisining o‘sishi bilan bog‘liq. Va o‘z navbatida muhim hisoblangan, bu shaharlarning rolini oshirish, shahar madaniyati va munosabatlari, shaharlar tashqarisida shakllangan zamonaviy madaniy shahar xayotining tarqalishi jarayonidir”, deydi Aripov
Agentlik direktori shuni ham ta’kidladiki, Konsepsiya doirasida alohida shaharlar va shahar aglomeratsiyalarining qiyosiy va raqobatbardosh afzalliklarini hisobga olgan holda shaharlarda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini joylashtirish ham ko‘zda tutilgan.
“Konsepsiyani ishlab chiqishda asosiy e’tibor mutlaqo yangi uy-joy siyosatini amalga oshirishga qaratilgan bo‘lib, ushbu Konsepsiya muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmalar, qolaversa, jamoat joylarini rivojlantirishni ham o‘z ichiga olgan. Ma’lumki, shahar infratuzilmasining rivojlanganligi darajasiga shaharlarga jalb qilinadigan investitsiyalar hajmi va shaharlarga qishloqlardan aholining tabiiy migratsiyasi bog‘liq. Bu yo‘nalish bo‘yicha Konsepsiya doirasida 2030 yilga borib shaharlarda markazlashtirilgan suv va gaz ta’minotini 90% ga, suvoqava tizimi bilan ta’minlash 68,9%ga, kishi boshiga o‘rtacha to‘g‘ri keladigan uy-joy fondi hozirgiga taqqoslaganda 16 kv.m.dan 20 kv.m.ga, 19 yoshga to‘lgan aholini oliy ta’lim bilan qamrab olinishini 50%ga (hozir 20%) yetkazish ko‘zda tutilgan. Ushbu maqsadli ko‘rsatkichlarni keyinchalik o‘sish jihatdan qayta ko‘rib chiqish ehtimoli ham bor”, deydi Jasur Aripov.
Eslatib o‘tamiz, mazkur Konsepsiyaga ko‘ra, Sobiq Ittifoq davridagi tartib qayta “jonlanishi” kutilmoqda. Unga ko‘ra, OTMni tamomlagan talabalar ma’lum muddat mamlakatning boshqa hududlariga borib ishlab beradi.
LiveBarchasi