“Unutmoq osonmas sizlarni...” – 2020 yilda kimlar bizni tark etdi?
Bu qiziq
−
31 dekabr 2020
74497O‘tib borayotgan yil barcha davlatlar qatori O‘zbekiston uchun ham mushkulot va yo‘qotishlarga boy bo‘ldi. O‘zbek xalqi orasida o‘z obro‘ va hurmatiga ega bo‘lgan bir qator san’at, adabiyot va siyosat namoyondalari bu dunyoni tark etdi. Yo‘qotishlar orasida barcha uchun g‘oyibona qadrdon bo‘lib qolgan eski tanish yuzlar ham bor.
Xo‘sh, 2020 yil o‘zbek xalqi orasidan qaysi qadrdon yuzlarni olib ketdi? Quyidagi maqolada ana shu personalarni eslaymiz.
Aida Yunusova
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Aida Yunusova 21 yanvar kuni hayotining 72 yilida og‘ir kasallikdan vafot etdi. Aida Yunusova 1948 yilda Marg‘ilonda tug‘ilgan. 1970 yilda Toshkent davlat teatr va rassomchilik institutining drama va kino teatri fakultetini tamomlagan. Talabaligining oxirgi yilida u “Ko‘r yomg‘iri” filmida bosh rolga taklif qilingan.
Aktrisa uzoq vaqt davomida turli rollar ijro etgan. Jumladan, “Ajoyib xayolparast”, “Chinor ostidagi duel”, “Olovli yo‘llar”, “Oltin kuz”, “Mehrigiyo”, “Zulmatni tark etib”, ”Karvon”, “Anor”, “Birinchi yo‘lovchilar” kartinalarida qatnashdi.
G‘aybulla Hojiyev
2020 yilning 26 fevral kuni O‘zbek dublyajining eng yorqin vakillaridan biri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist G‘aybulla Hojiyev 64 yoshida olamdan o‘tdi.
Aktyor shoir Azim Suyunning “Sarbadorlar” asarida Abu Bakr Kalaviy, Abdulla Oripovning “Sohibqiron” asarida Xoja Ahmad Yassaviy, Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” spektaklida Solih maxdum, Ibrohim Sodiqovning “Afandining besh xotini” spektaklida Afandi, Hayitmat Rasulning “Piri koinot” spektaklida Ahmad Farg‘oniy, Shekspirning “Qirol Lir” asarida graf Gloster, Aleksandr Kosanoning “Yetti faryod” spektaklida Sabalo kabi o‘nlab rang-barang rollar ijro etgan.
Og‘ir xastalik tufayli teatrdan ketishga majbur bo‘lgan. Ammo, ijoddan to‘xtamay, turli tele va radio loyihalarda muntazam ishtirok etgan.
G‘aybulla Hojiyev “Uqubat”, “Shabbona”, “Umid”, “Oqpadar” kabi ko‘plab filmlarda turli rollarni ijro etgan, Aktyor “Shaytanat” teleserialida Ahmadbey rolini o‘ynagan.
Azim Suyun
Joriy yilning 9 mart kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Azim Suyun 72 yoshida olamdan o‘tdi. Azim Suyun 1948 yil 22 fevralda Samarqand viloyati Nurota tizma tog‘lari etagiga joylashgan Quduqcha qishlog‘ida tug‘ilgan. Nakurt qishlog‘ida Suyun bobosi tarbiyasida o‘sib, ulg‘aydi. Uning otasi Olim savodxon bo‘lganiga qaramay, “quloq”ning‘ o‘g‘li bo‘lgani uchun qo‘liga cho‘ponlik tayog‘ini olishga majbur bo‘lgan. Yosh Azim cho‘pon otasi ketida yurib, tabiat sirlari bilan oshno tutingan. Shu narsa bo‘lg‘usi shoirning shakllanishiga ta’sir o‘tkazgan.
Shoirning “Mening osmonim” (1978), “Zarb” (1979), “Zamin taqdiri” (1981), “Xayolot” (1984), “Ziyo yo‘li” (1986), “Jazo” (1987), “Olis tonglar” (1989), “Kuyganim – suyganim” (1994), “Qora ko‘zing sening” (1994), “Sarbadorlar” (1994) to‘plamlari nashr qilingan.
Oybarchin Bakirova
Ushbu yilning yana bir yo‘qotishi 20 mart kuni O‘zbekiston xalq artisti Oybarchin Bakirova vafot etishi bo‘ldi. Oybarchin Bakirova 1950 yil 27 iyunda Andijonda taniqli o‘zbek aktyori Abbos Bakirov oilasida tug‘ilgan. 1971 yil Toshkent teatr va rassomlik institutini tamomlagan.
Aktrisa o‘z faoliyatini 1971 yilda “O‘zbekfilm” kinostudiyasida boshlagan. U ko‘pchilikka tanish bo‘lgan “Yettinchi jin”, “Tangalik bolalar”, “Vodillik kelin”, “Armon”, “O‘yin” va “Farzandim” kabi o‘nlab filmlarda turli obrazlarni yaratgan. Oybarchin Bakirova tomoshabinlarga nafaqat kinoaktrisa balki dublyaj sohasidagi faoliyati orqali ham juda yaxshi tanish. Aktrisa bugungacha yuzdan oshiq kino va multfilm qahramonlariga ovoz bergan.
O‘zbekiston xalq shoiri, taniqli bolalar adibi Anvar Obidjon 11 aprel kuni 73 yoshida vafot etdi. Ushbu voqea o‘zbek adabiyoti uchun katta yo‘qotish bo‘ldi. Anvar Obidjon 1947 yil 25 yanvarda Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanining Poloson qishlog‘ida tug‘ilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning jurnalistika fakultetini tamomlagan. Yozuvchi o‘zbek bolalar adabiyotining zabardast vakili sanaladi. Undan bolalar uchun mo‘ljallangan o‘nlab she’riy va nasriy asarlar, qissa va dostonlar qoldi.
“Ona yer”, “Bahromning hikoyalari”, “Olovjon va uning do‘stlari”, “Ey, yorug‘ dunyo”, “Bezgakshamol”, “Alamazon va Gulmat”, “Masxaraboz bola“, “Juda qiziq voqea”, “Yerliklar”, “Oltin yurakli avtobola”, “Dahshatli Meshpolvon” kabi she’riy va nasriy asarlar, “Qo‘ng‘iroqli yolg‘onchi”, “Topsang hay-hay”, “Qorinbotir”, “To‘tiqul” kabi pesalar shular jumlasidan.
Ravshan Yo‘ldoshev
“Tarona records” kompaniyasi ta’sischisi, shou-biznesda taniqli bo‘lgan tadbirkor Ravshan Yo‘ldoshev 30 mart kuni kechqurun Toshkentda vafot etdi. Uning yurak xurujidan olamdan o‘tgani aytildi.
Ravshan Yo‘ldoshev 1961 yili 2 aprelda tug‘ilgan. Faoliyati davomida “Tarona records” leybelini tashkil etib, san’atkorlar orasida nom qozongan edi.
Anvar Obidjon
Joriy yilning 11 aprel kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati noxush bir xabar tarqatdi. U O‘zbekiston xalq shoiri, sevimli bolalar adibi, o‘zbek adabiyotining ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan biri Anvar Obidjon 73 yoshida hayotdan ko‘z yumgani haqida.
Anvar Obidjon 1947 yil 8 yanvarda Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanidagi Poloson qishlog‘ida tug‘ilgan.
U “Ona yer“, “Ey, Yorug‘ dunyo“, “Olovjon va uning do‘stlari“, “Bezgakshamol“, “Akang qarag‘ay Gulmat“, “Masxaraboz bola“, “Juda qiziq voqea“, “Yerliklar“, “Meshpolvonning janglari“, “Alamazon va Gulmat hangomasi“, “Ajoyibxona“, “Oltiariq hangomalari“, “Odobli bo‘lish osonmi?“, “Tanlangan she’rlar“, “O‘g‘irlangan pahlavon“, “Bahromning hikoyasi“ kabi doston, qissalar, she’rlar, pesalar va hajviy asarlardan iborat to‘plamlar muallifidir.
Hoshim Arslonov
Joriy yilning 29 may kuni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, dublyaj ustasi, taniqli aktyor Hoshim Arslonov 64 yoshida olamdan o‘tdi. Hoshim Arslonov 1956 yil 1 Avgust kuni Chust shahrida tug‘ilgan. 1977 yilda Toshkent teatr va rassomchilik san’ati institutini tugatgan. 1977 yildan 2017 yilgacha O‘zbekiston Davlat drama teatrida faoliyat yuritgan.
Faoliyati davomida turli spektakllar, film va seriallarda turli rollarni ijro etgan. “Uyg‘onish”, “Marg‘iyona”, “Otamdan qolgan dalalar”, “Alpomish”, ”Xo‘ja Nasriddin: o‘yin boshlandi”, “Aprel-May”, “Chavandoz”, “So‘zsiz sevgi”, “Dinozavr qoldirgan iz”, “Yorim-beozorim”, “Haqiqat kuni”, “Qasos”, “Mening akam bo‘ydoq”, “So‘nggi qo‘ng‘iroq”, “Singilginam”, “Xiyonat”, “Endi dadam bo‘ydoq”, “Ijarachilar” kabilar shular jumlasidandir.
Bekjon Toshmuhamedov
25 iyunda O‘zbekiston ilm-fani og‘ir judolikka uchradi. Taniqli olim, biofizika fanining O‘zbekistondagi asoschilaridan biri, akademik Bekjon Toshmuhamedov 85 yoshida vafot etdi.
Bekjon Toshmuhamedov biofizika, hujayra fiziologiyasi va tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha yirik tadqiqotchi sifatida tanilgan olim edi.
Bekjon Toshmuhamedov AQSH, Angliya, Germaniya, Fransiya, Shvetsiya, Daniya kabi mamlakatlarning bir necha xalqaro ilmiy markaz va akademiyalarining faxriy a’zosi edi.
Olim vafoti munosabati bilan davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev ham ta’ziya bildirdi.
Mahmudjon Tojiboyev
Maqom ilmi va san’atini puxta egallagan ijodkor, O‘zbekiston xalq hofizi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi professori, O‘zbek milliy maqom san’ati markazi ilmiy xodimi Mahmudjon Tojiboyev joriy yilning 11 iyul kuni 63 yoshida olamdan o‘tdi.
Mahmudjon Tojiboyev 1957 yilda Farg‘ona viloyati Quva tumanida tug‘ilgan.
Ijodkor repertuaridan Shashmaqom (“Saraxbori Navo”, “Saraxbori Dugoh”, “Mo‘g‘ulchai Segoh”, “Navro‘zi Sabo”, “Nimcho‘poniy” va boshqalar) va Farg‘ona-Toshkent maqom yo‘llari (“Dugoh”, “Chorgoh”, “Ushshoq”, “Shahnozi Gulyor”, “Bayot” va boshqalar), katta ashula (“Yovvoyi Chorgoh”, “Yolg‘iz”, “Ey dilbari jononim” kabi), mumtoz (“Topmadim”, “Asiriy” va “Ldoiy”, “Chorzarb”, ”Bozurgoniy”) o‘rin olgan.
Marhum Mahmudjon Tojiboyev shoirnafas hofiz sifatida ijro uslubi vazminligi, lirikaga moyilligi, ovoz va cholg‘u mutanosibligi bilan ajralib turgan.
Abduraim Abduvahobov
14 iyul kuni xalqimiz yana bir noxush xabar eshitdi, shu kunda u o‘zining sevimli farzandi, erka “shum bola”sidan ayrildi. O‘zbek milliy akademik drama teatri aktyori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abduraim Abduvahobov 57 yoshida vafot etdi.
Abduraim Abduvahobov 1963 yil 8 avgust kuni Toshkent shahrida tavallud topgan. Marhum aktyor tomoshabinlar yodida “Shumbola”, “Suyunchi”, “Muhabbat sinovlari”, “18-kvadrad”, “Firibgar”, “Osiy banda”, “Poyga”, “Bevalar”, “So‘nggi nafasimgacha”, “Shaytanat”, “Nazira” kabi film va seriallardagi hamda o‘nlab spektakllardagi ajoyib rollari bilan abadiy muhrlanib qoldi.
Ruslan Sharipov
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, taniqli musiqachi va bastakor Ruslan Sharipov 28 iyul kuni 54 yoshida vafot etdi. Uning vafotiga insult kasalligi sabab bo‘ldi.
Ruslan Sharipov 1966 yil 10 sentyabr kuni Samarqand shahrida tug‘ilgan. U faqatgina qo‘shiqchi emas, musiqachi va bastakor ham bo‘lgan. Iqtidorli ijodkor “Bolalar”, “Setora”, “Bayt” kabi mashhur guruhlarni tashkil qilgan. 1980 yillar oxiri 1990 yillar boshida o‘zbek estradasining rivojlanishi Ruslan Sharipov nomi bilan bog‘liq. U ko‘p yillar “Tarona” kompaniyasida ham faoliyat yuritgan. Ruslan Sharipov Nargiz Zokirovaning sobiq turmush o‘rtog‘i edi.
Shukrullo
19 iyul kuni O‘zbekiston xalq shoiri Shukrullo domla olamdan o‘tdi.
Uning qariyb sakson yillik ijodiy faoliyati davomida yaratilgan “Hayot ilhomlari”, “Umrim boricha”, “Inson va yaxshilik”, “Zarralar”, “Inson – inson uchun”, “Suyanchiq”, “Yashagim keladi”, “Sening baxting”, “Bahor sovg‘asi”, “Yulduzlar” kabi she’riy to‘plamlari, “Chollar”, “Ikki qoya”, “26-togotar” dostonlari, “Javohirlar sandig‘i” nasriy kitobi adabiyotimiz xazinasidan mustahkam o‘rin egalladi. Erkka tashna, mutelikdan nari shoir o‘zbek kitobxonlari qalbidan chuqur joy egallagan, asarlari orqali adabiyotda o‘ziga tiriklayin haykal qo‘ya olgan ijodkor edi.
Adib o‘tgan asrning elliginchi yillari boshida bir guruh ziyolilarimiz qatorida siyosiy qatag‘onga uchradi. Keyinchalik nomi va ijodi to‘la oqlanib, adabiyotimiz rivoji yo‘lida faol ijod qildi. Yozuvchi “Kafansiz ko‘milganlar” romanida ana shu davrda xalqimiz boshiga tushgan og‘ir sinov va adolatsizliklarni hayotiy misollar asosida haqqoniy tasvirladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev shoir vafoti munosabati bilan ta’ziya bildirdi.
Musa Yerniyazev
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazov koronavirusga chalinish oqibatida 31 iyul kuni 73 yoshida vafot etdi.
Musa Yerniyazov koronavirusga chalingani haqida iyul oyi boshida xabar tarqalgandi. 18 iyul kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi u Nukus shahrida koronavirusdan davolanayotganini tasdiqladi., 30 iyul kuni Koronavirusga qarshi kurashish shtabi Yerniyazovning ahvoli og‘irligi, u o‘pkaning sun’iy ventilyatsiyasi apparatiga ulangani haqida ma’lum qilgandi.
Musa Yerniyazov 1947 yil 20 dekabrda Kegeyli tumanida tug‘ilgan. 1971 yili Toshkent qishloq xo‘jaligini irrigatsiyalash va mexanizatsiyalash muhandislari instituti, 1986 yili Toshkent oliy partiya maktablarini bitirgan. 2019 yil “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.
Karim Kamolov
2 avgust kuni Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Kamolov koronavirusdan vafot etdi.
Karim Kamolov koronavirusga chalingani joriy yilning 30 iyul kuni ma’lum bo‘lgandi. U Toshkentdagi shifoxonada davolanayotgandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Kamolov shifoxonada davolanayotgan vaqtida vafot etgani haqida xabar tarqalgandi. Ammo keyinroq bu ma’lumot o‘z tasdig‘ini topmadi.
Ma’lumot uchun, Karim Kamolov joriy yilning 29 fevral kuni viloyat hokimi etib tayinlangandi.
Dilbar Ikromova
“Sotti” obrazi bilan o‘zbek xalqinign mehrini qozongan O‘zbekiston xalq artisti Dilbar Ikromova 25 avgust kuni og‘ir xastalikdan 73 yoshida olamdan o‘tdi. Aktrisa koronavirus-pnevmoniya xastaligidan davolanayotgan edi.
Dilbar Ikromova “Kelinlar qo‘zg‘aloni”, “Chimildiq”, “Dev bilan pakana”, “Devona”, “Afg‘on“, “Oyqiz ertagi” kabi juda ko‘plab filmlarda bir-biridan qiziqarli bo‘lgan turli rollarni mahorat bilan ijro etgan.
Alohida ta’kidlash joizki, Dilbar Ikromova “Kelinlar qo‘zg‘aloni” filmidagi Sotti roli bilan barchaning qalbidan chuqur joy egallagan.
Fathulla Ma’sudov
Joriy yilning 30 avgust kuni O‘zbek milliy akademik drama teatri direktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Fathulla Ma’sudov 57 yoshida vafot etdi. Fathulla Ma’sudov 1963 yil Toshkent shahrida tavallud topgan. 1980-1984 yillarda Toshkent teatr va rassomlik san’ati instituti talabasi bo‘lgan. 1986-1988 yillarda O‘zbek davlat akademik drama teatri rejissyor yordamchisi, 1988 yildan esa aktyor sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 2015 yildan O‘zbek Milliy akademik drama teatri direktori lavozimida ishlardi. 1999 yili “Shuhrat” medaliga sazovor bo‘lgan.
Asil Rashidov
16 sentyabr kuni O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi hamda o‘zbek adabiyoti ham og‘ir judolikni boshdan kechirdi. O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, taniqli pedagog olim, adabiyotshunos va tarjimon Asil Rashidov shu yil 15 sentyabr kuni 90 yoshida vafot etdi.
Asil Rashidov 1930 yili Jizzax tumanining Sovungarlik qishlog‘ida tug‘ildi.
Marhum olim o‘z faoliyati davomida "Inson va mehnat madhi", “So‘nmas yulduzlar”, “Asrga tengdosh maktab”, “Lesya Ukrainka”, “Chiniqish maktabi” singari ko‘plab ilmiy-ommabop asarlar yaratdi.
Asil Rashidov badiiy tarjima sohasida o‘ziga xos ijodiy maktab yaratgan hassos so‘z san’atkori edi. U mashhur qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatovning “Yuzma-yuz”, “Jamila”, “Bo‘tako‘z”, “Sarvqomat dilbarim”, “Alvido, Gulsari!”, “Somon yo‘li”, “Oq kema”, “Erta kelgan turnalar”, “Sohil bo‘ylab chopayotgan olapar”, “Asrni qaritgan kun” singari betakror asarlarini o‘zbek tiliga beqiyos mahorat bilan o‘girgan.
O‘ktam Barnoyev
Davlat va siyosat arbobi, O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev 20 sentyabrda 56 yoshida vafot etdi.
O‘ktam Barnoyev 1964 yilda tug‘ilgan. U 1997—2000 yillarda Buxoro viloyati Qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘ining iqtisodiyot va islohotlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ishlagan. 2000—2002 yillarda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tizimida rahbar lavozimlarda faoliyat olib borgan.
2002—2004 yillarda Vazirlar Mahkamasining agrosanoat majmuasida yetakchi mutaxassis, 2004—2005 yillarda hukumatning Qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha axborot-tahlil departamenti mudiri, 2005—2007 yillarda Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va xalq iste’moli mahsulotlari axborot-tahlil departamenti mudiri lavozimlarida ishlagan.
Shuningdek, 2007—2008 yillarda qishloq va suv xo‘jaligi vaziri birinchi o‘rinbosari, 2008—2010 yillarda Samarqand viloyati hokimi, 2011—2016 yillarda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining Respublika suv inspeksiyasi boshlig‘i, 2016 yilda “O‘zagrokimyo” kompaniyasi boshqaruvi raisi lavozimlarida faoliyat olib borgan. U 2016 yil dekabridan 2020 yil 28 fevraligacha Buxoro viloyatiga hokimlik bo‘lgan. 2020 yil fevral oyi oxirida Bosh vazir o‘rinbosari etib tayinlangandi.
Shuhrat Qayumov
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Shuhrat Qayumov 22 sentyabr kuni 51 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Xonanda va suxandon Shuhrat Qayumov 1969 yilda Qirg‘izistonning O‘sh shahrida tavallud topgan. 1991 yilda O‘zbekiston davlat san’at institutini tamomlagan.
Shuhrat Qayumov uzoq yillar “O‘zbekiston” teleradiokanalida “Assalom O‘zbekiston”, “Ohangrabo” kabi ko‘rsatuvlarini tayyorlagan.
Shomurod Baxshi
Shu yilning 24 sentyabr kuni O‘zbekiston xalq baxshisi Maxmanov Shomurod Tog‘ayevich (Shomurod Baxshi) vafot etgani haqidagi xabarlar tarqaldi.
Maxmanov Shomurod Tog‘ayevich 1932 yil 3 mart kuni Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanining Arabbandi qishlog‘ida tavallud topgan.
2000 yil “O‘zbekiston xalq baxshisi” unvoni bilan taqdirlangan.
O‘zbekiston xalq baxshisi Maxmanov Shomurod Tog‘ayevich 88 yoshida vafot etdi.
Sa’dulla Hakimov
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimov 2020 yilning 11 oktyabr kuni vafot etdi.
Marhum S. Hakimov 1951 yil 25 martda Jizzax viloyatining Forish tumanida tug‘ilgan.
Sa’dulla Hakkimov “Ma’rifat” gazetasi bosh muharriri, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Axborot markazi rahbarining o‘rinbosari, rahbari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha Davlat maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktorining o‘rinbosari, "Turkiston-press" nodavlat axborot agentligi bosh direktori, "O‘zbekiston adabiyoti va san’ati" gazetasi bosh muharriri kabi bir qancha lavozimlarda ishlagan.
Marhum 2016 yilning 29 dekabridan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi lavozimida ishlayotgan edi.
Shayx Alouddin Mansur
13 oktyabr kuni yirik din ulamosi Shayx Alouddin Mansur 68 yoshida bu dunyoni tark etdi.
Shayx Alouddin Mansur 1952 yilda Qirg‘izistonning O‘sh viloyatining Qorasuv shahrida tug‘ilgan.
Shayx Alouddin Mansur hazratlari Qur’oni karim ma’nolarining o‘zbekcha izohli tarjimasini tayyorlashdek ulkan vazifani sharaf bilan ado etgan etdi. Ushbu kitob 1991-1993 yillarda “Sharq yulduzi” jurnalida, keyin G‘afur G‘ulom va “Cho‘lpon” nashriyotlarida chop etilgan edi.
Evril Turon – Mamadali Mahmudov
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va “Ijod” jamoat fondi jamoasi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, yozuvchi Evril Turon – Mamadali Mahmudov vafot etdi.
U Jizzax viloyati, Forish tumanida tug‘ilgan. 80 yoshni qarshilagan Evril Turon – Mamadali Mahmudovning vafoti sabablari ma’lum emas.
Mamadali Mahmudov umrining 17 yilini qamoqda o‘tkazgan. Yozuvchi 2017 yilning aprel oyida ozodlikka chiqarilgan. 2018 yilning noyabr oyida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qayta tiklangandi.
Mamadali Mahmudovning asarlari Rossiya, Ukraina, Turkiya, Germaniya, AQSH, Fransiya, Angliya va boshqa mamlakatlarda chop etilgan va nashr qilinmoqda. Mamadali Mahmudov Cho‘lpon va xalqaro Xilman mukofotlari laureati bo‘lgan.
Omon Matjon
2020 yilning 28 oktyabridan 29 oktyabriga o‘tar kechasi O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, o‘zbek adabiyotining yana bir azim chinori quladi. Shoir Omon Matjon 77 yoshida Toshkent shahrida vafot etdi.
Omon Matjon 1943 yili Xorazm viloyatining Gurlan tumanida tavallud topgan.
Shoirning “Ochiq derazalar”, “Karvon qo‘ng‘irog‘i”, “Quyosh soati”, “Dramatik dostonlar”, “Yonayotgan daraxt”, “Yarador chaqmoq”, “Haqqush qichqirig‘i”, “Seni yaxshi ko‘raman”, “Daraxtlar va giyohlar”, “Ming bir yog‘du”, “O‘rtamizda birgina olma”, “Odamning soyasi quyoshga tushdi”, “Qush yo‘li”, “Iymon yog‘dusi”, “Diydor aziz”, “Xaloskor ruh” kabi yigirmaga yaqin she’riy to‘plami, “To‘rabekaxonim” nasriy qissasi va “Najmiddin Kubro”, “Ardaxiva” badialari chop qilindi.
Shoirning “Amu”, “Oybek”, “Shu’lalardan hayratlanish”, “Ona degan so‘z”, “Turnalar”, “Mezon”, “Chorlov”, “O‘n uchinchi eshik”, “Umrimiz haqida” kabi she’rlari zamonaviy o‘zbek she’riyatining eng yaxshi namunalaridandir.
Andrey Kubatin
Tarixchi, sharqshunos olim Andrey Kubatin, 29 oktyabr kuni koronavirus asoratlaridan vafot etdi.
Andrey Kubatin 2019 yilning dekabr oyidan buyon O‘zbekiston Fanlar akademiyasi milliy arxeologiya markazida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Olim turkiy xalqlar tarixiga oid uchta monografiya va saksondan ortiq ilmiy maqolalar muallifi. Shuningdek, O‘zbekiston va turkiylar tarixini o‘rganishda katta hissa qo‘shgan jamoat vakillaridan biri hisoblanadi.
Ubaydulla Uvatov
Taniqli olim, tarix fanlari doktori, professor Ubaydulla Uvatov shu yilning 3 noyabr kuni vafot etdi.
Olimning xizmatlari hukumatimiz tomonidan munosib qadrlanib, "Mehnat shuhrati" ordeni va "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi" faxriy unvoni bilan taqdirlangan.
Joriy yilning 22 fevralida esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Ubaydulla Murodovich Uvatovni “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risidagi Farmoni qabul qilingan edi.
Klara Jalilova
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Klara Jalilova 20 noyabr kuni 82 yoshida vafot etdi.
“Do‘stlik” ordeni sohibasi Klara Jalilova 1937 yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Aktrisa faoliyatini qo‘shiqchilikdan boshlagan. 1958 yilda suratga olingan "Maftuningman" filmidagi bosh qahramon — Yulduzxon obrazi aktrisaga olamshumul mashhurlik olib kelgan.
Aktrisa "Maftuningman", "Kelinlar qo‘zg‘oloni", "Chinor tagidagi duel", "Temir xotin", "Temir erkak", “Niqob” kabi filmlarda o‘zga xos rollarni ijro etgan. Ayniqsa, “Maftuningman” filmidagi roli o‘zbek xalqining yuragidan joy olgan.
To‘ra Mirzayev
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, filologiya fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi To‘ra Mirzayev 29 sentyabr kuni olamdan o‘tdi.
To‘ra Mirzayev – 1936 yil 6 martda Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida tug‘ilgan. U o‘zbek filologiyasining atoqli namoyandalaridan biri, xalq og‘zaki badiiy ijodiyotini keng ko‘lamda tadqiq etishdan iborat fundamental ilmiy maktabga asos solgan ulkan fan tashkilotchisi, eposshunoslikning ko‘plab nazariy masalalarini jahonshumul darajada hal qilgan yirik folklorshunos olim edi.
LiveBarchasi