Umrbodga qamalgan amerikalik multimillioner vafot etdi
Olam
−
12 yanvar 2022 8817 2 daqiqa
2021 yilning oktyabr oyida qotillikda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan amerikalik multimillioner Robert Dyorst 78 yoshida Kaliforniyaning Stokton shahridagi shifoxonada vafot etdi. Bu haqda uning advokati Chip Lyuisga tayanib, “The New York Times” gazetasi xabar berdi.
“Dyorst bugun erta tongda Kaliforniyadagi axloq tuzatish ishlari departamenti hibsxonasida vafot etdi”, deydi Lyuis.
Gazetaga ko‘ra, Dyorst sog‘lig‘i yomonlashgani tufayli Kaliforniya shtatidagi qamoqxonadan shifoxonaga o‘tkazilgan. Shifoxonada mahbusning yuragi urishdan to‘xtagan, jarrohlik muolajalari natija bermagan.
Ma’lumot uchun, 2020 yil dekabr oyida “Forbes” jurnali Dyorst oilasining boyligini 8,1 milliard dollarga baholagan. 2006 yilda u oilaviy biznesdagi o‘z ulushini qarindoshlariga 65 million dollarga sotgan. Shu tariqa Dyorstlar oilasi AQSHning eng boy oilalari ro‘yxatida 47-o‘rinni egallagan.
2015 yil mart oyida Dyorst yaqin do‘sti Syuzan Bermanni o‘ldirganlikda gumon qilinib, hibsga olingan. Ayol 2000 yilda o‘z uyida boshidan o‘q yegan holatda topilgan. 1982 yilda esa millionerning rafiqasi sirli ravishda g‘oyib bo‘lgan, keyinchalik uning vafot etgani e’lon qilindi.
2001 yilda Dyorst o‘zi bilan qo‘shni bo‘lib yashagan odamni o‘ldirgan. Ushbu qotillik uchun u sudlangan, ammo sud maslahatchilari uni o‘zini mudofaa qilish zarurati doirasida harakat qilgan, deb topgan.
2021 yilning 14 oktyabr kuni AQSH sudi millioner Robert Dyorstni umrbod qamoq jazosiga hukm qilgan.
Live
Barchasi