Umraga ketayotganlar qo‘shimcha 132 AQSH dollari to‘laydi
Jamiyat
−
08 Oktabr 2019
9107Umraga borishni rejalashtirayotgan o‘zbekistonliklar endi umumiy to‘lovdan tashqari yana 132 AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ni to‘lashlari kerak. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan Umra ziyorati bo‘yicha brifingda ma’lum qilingan.
“Joriy yil sentyabr oyidan boshlab SAP haj va umra ishlari vazirligi tomonidan har bir ziyoratchi uchun qo‘shimcha 132 AQSH dollari miqdorida mablag‘ joriy etilmoqda. Xarajatlar smetasiga ushbu mablag‘ kiritilmagan. Kelishuvga ko‘ra, mazkur qo‘shimcha mablag‘ umra ziyorati uchun joriy yil noyabr oyidan boshlab tuziladigan keyingi shartnomada qo‘shilishi belgilab olindi”, deyiladi brifingda.
Saudiya Arabistoni Podshohligi hukumati tomonidan haj va umra sohasida chet el ziyoratchilariga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatishning yangi tizimi, ya’ni elektron platforma joriy qilingan. Yangi tizim to‘liq ishga tushirilmaganligi sababli 20 kun SAPga kirish vizasi faoliyati to‘xtab qolgan. Shu yilning 25 sentyabr kunidan boshlab elektron platforma orqali dastlab kichik guruhli (5-25 nafar) umra ziyoratchilariga “V2S” turdagi kirish vizalari rasmiylashtirish boshlangan.
“Umra ziyoratiga kelishi rejalashtirilayotgan hukumatlararo kelishuv asosidagi katta guruhlarga esa mazkur portalning to‘liq ishga tushirilmaganligi sababli “V2V” turdagi viza berish tizimi hozirgacha ishga tushmaganligi haqida rasmiy bildirildi. Ushbu turdagi kirish vizasini rasmiylashtirish bo‘yicha O‘zbekiston hukumati tomonidan barcha amaliy ishlar amalga oshirilib, jarayon shay holga keltirilgan. SAPdagi hamkorlar tomonidan o‘zbekistonlik ziyoratchilarni kutib olish ishlari nihoyasiga yetgan. Barcha shart-sharoitlar hozirlab qo‘yilgan”, deydi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari M.Komilov.
Ma’lumot o‘rnida, 2019 yil umra mavsumi uchun sarf-xarajatlar smetasi loyihasi ishlab chiqilib, har bir ziyoratchidan olinadigan mablag‘ o‘tgan mavsumda umra safari uchun to‘lanadigan mablag‘ miqdoridan arzonlashtirilgan. To‘lov miqdori 11 600 000 so‘mdan 11 450 000 so‘mga tushirilgan.
Har bir ziyoratchi uchun to‘lanadigan mablag‘ ichiga:
• Saudiya Arabistoni Podshohligi rasmiy vizasi;
• Toshkent-Jidda-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha aviachipta;
• Makka va Madina shaharlaridagi 5 va 4 yulduzli mehmonxona;
• oshpazlar tomonidan tayyorlanadigan tansiq taomlar; sarxil mevalar, shirinliklar, salqin ichimliklar;
• 24 soatlik bepul to‘liq tibbiy xizmat;
• mamlakatimiz ramzlari tushirilgan maxsus nimcha va sumka;
• Umra qo‘llanmasi (kitobi), beyjik, qo‘l tasmasi, vaksina, zamonaviy transport hamda boshqa ziyorat xizmatlari kiritilgan.
LiveBarchasi