Umra safarini biznesga aylantirganlar
Intervyu
−
20 fevral 2584 11 daqiqa
O‘zbekistonda Haj va Umra ziyoratini tashkil etish masalasi so‘nggi yillarda tortishuvli va hatto, fojiali soha sifatida tilga olinmoqda. Chunki, muqaddas ibodat safari deb boshlangan yo‘l ayrimlar uchun sinovga aylandi. Tur firmalarning ehtiyotsizligi tufayli ziyoratchilar hayoti xavf ostida qolgani, ziyoratchilar duch kelgan va kelayotgan muammolar, ulardagi kamchilik va yutuqlar hamda Umra kvotalari, narxlar haqida batafsil to‘xtalamiz. Muqaddas safar ortidagi achchiq haqiqatlar, tizimdagi bo‘shliqlar va yangi talablar – barchasini tahlil qilamiz.
O‘zbekiston mustaqillik yillarida diniy ziyorat turizmi, xususan Haj va Umra safarlari doimiy ravishda davlatning qat’iy nazorati ostida bo‘lgan. Biroq, 2016 yil oxirida boshlangan siyosiy islohotlar ushbu sohada ham tub burilish yasadi. Bu davrda “Haj” va “Umra” tadbirlari to‘liq davlat monopoliyasida edi. Raqobat yo‘q, tanlov yo‘q, yagona tashkilot – yagona narx siyosati. Safarlar faqat Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston Musulmonlari idorasi tomonidan tashkil etilar, xususiy firmalarning aralashuvi taqiqlangandi.
2017 yildagi islohotlarning boshlanishi va kvotalarning oshishi go‘yoki “muzlarning erishi” kabi tasniflanadi. 2016 yilga qadar O‘zbekiston uchun yillik Haj kvotasi 5 200 nafar, Umra kvotasi esa 6 000 nafar atrofida bo‘lib, bu o‘sha vaqtdagi 32 millionlik aholi uchun juda kam miqdor edi. Odamlar navbati kelishini yillab, ba’zan esa o‘n yillab kutishlariga to‘g‘ri kelardi. Ayrim holatlarda navbatni “tezlashtirish” uchun amaldorlar mahallalar va hokimiyat xizmatiga shaylanardi.
Vazirlar Mahkamasining Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha 364-sonli qarorida ushbu jarayon O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligi hamkorligida olib borilishi belgilangandi. Biroq, normativ hujjatlarda xususiy tur operatorlari umra tashkil qilishi mumkin emas, degan qat’iy taqiq ochiq yozilmagani huquqiy bo‘shliqni yuzaga keltirdi. Ana shu “yozilmagan taqiq” keyinchalik butun bir parallel bozor paydo bo‘lishiga zamin yaratdi.
2017–2021 yillarga kelib, Umra bozori amalda ikki yo‘nalishda ishlay boshladi: biri davlat orqali, ikkinchisi xususiy tur firmalar orqali. Davlat paketlari nisbatan arzonroq, tibbiy xodimlari, guruh boshlari, 3 mahal ovqat va tashkiliy kafolatlar bilan ajralib turardi. Shu jihatlariga ko‘ra, yoshi katta va surunkali kasalligi bor fuqarolar davlat tizimiga ishonch bildirardi. Biroq, davlat tomonidan tashkil etiladigan safarlar navbati uzundan uzun edi. Ayrimlar bir necha yillab navbatini kutishga to‘g‘ri kelgan.
Navbat kutishni istamagan, imkoniyati bir oz yuqori bo‘lganlar xususiy firmalarga murojaat qila boshladi. U yerda narxlar bir oz baland bo‘lib, xususiy firmalar mijozlarini Haramga yaqin mehmonxonalar va tez jo‘natishi bilan o‘ziga jalb qilardi. Muammo shundaki, firmalar O‘zbekiston emas, balki qo‘shni mamlakatlar orqali turli yo‘llar bilan umra ziyoratlariga olib chiqishdi. Ba’zi fuqarolar bu kabi “imkoniyat”dan foydalanib, Umraga Qirg‘iziston va Qozog‘iston orqali borishga urindi. Bu mamlakatlarda Umra bozori xususiy sektorga ochiq edi, shu bois fuqarolar tezroq safar qilish imkoniyatini qidirardi. Odamlarda soxta Qirg‘iziston yoki Qozog‘iston pasportlari orqali chiqish holatlari kuzatildi. Oqibatda Saudiya Arabistonida hujjatlar muammolari tufayli ayrimlar deportatsiya qilindi, boshqa bir guruh ziyoratchilar og‘ir holatlarga tushib qoldi. Bu voqealar davlat nazoratining keskinligini yanada kuchaytirdi va xizmatlarni tartibga solish choralarini qat’iylashtirishga sabab bo‘ldi.
2022 yildan boshlab mamlakatda xususiy turoperatorlarga Umra ziyoratini tashkil etishga rasman ruxsat berildi. 2023–2024 yillarda O‘zbekiston Umra ziyoratchilari soni bo‘yicha dunyoning eng yetakchi 10 ta davlati qatoridan joy oldi. Biroq, sohadagi ijobiy ko‘rsatkichlar bilan bir qatorda, ayrim xususiy turoperatorlarning faoliyatida mas’uliyatsizlik holatlari ham ko‘zga tashlanib qoldi. Bir-ikki yillik muvaffaqiyatli ishdan so‘ng ba’zi firmalar xizmat sifatiga bee’tibor bo‘la boshladi.
Oqibatda xususiy firmalar tomonidan sifatsiz tashkil etilgan safarlar ko‘pgina o‘zbekistonliklarni sarson qildi. Ziyorat davomida qiyinchiliklar va muammolar kelib chiqardi. 2022 yil 27 dekabr kuni Saudiya Arabistonida 50 nafar o‘zbekistonlik ziyoratchilarni olib ketayotgan avtobus haydovchisi mashina boshqarayotganida uxlab qolgani sababli avtohalokatga uchragan. Oqibatda 10 kishi jarohat olib, kasalxonaga yotqizilgandi. E’tiborli jihati, Umra safari xususiy firma tomonidan tashkillashtirilgandi.
Bu kabi holatlarning keti uzilmadi, ko‘plab o‘zbekistonlik ziyoratchilar safar davomida turli qiyinchiliklarga duch keldi. Achinarlisi, yillar davomida “misqollab” mablag‘ yiqqan keksalar bu zahmatlarni “ibodatning mashaqqati” yoki “taqdir sinovi” deb qabul qilib, “ha shunaqa bo‘lar ekan, ko‘chalarda uxlashimiz kerak ekan yoki 1 mahal ovqat yeb ziyorat qilarkanmiz”, degan tushuncha bilan qiyinchiliklarga duch kelgan.
Ko‘pchilik ziyoratchilar birinchi marta xorijga chiqayotgani sababli, ko‘chada qolish yoki ovqatlanishdagi muammolarni safarning ajralmas qismi deb o‘ylashadi. Vaholanki, qonunchilik mezonlariga ko‘ra, har bir ziyoratchining xavfsizligi va belgilangan xizmatlar bilan ta’minlanishi shart. Bunday holatlar turfirmalarning tashkiliy ishlarga yuzaki yondashuvi va o‘z mijozlari oldidagi mas’uliyatini his qilmayotganidan dalolat beradi. Xususiy turfirmalar faoliyatidan aziyat chekkanlardan biri QALAMPIR.UZ’ga boshidan o‘tkazganlarini so‘zlab berdi.
Yangi yil bayramini Umra ziyorati bilan qarshi olish niyatida ijtimoiy tarmoqlar orqali reklama qilingan O‘zbekistondagi turfirmalardan biriga murojaat qilgandim. Surishtiruvlarimga ko‘ra, mazkur turistik kompaniyasi litsenziyaga ega. Biroq, safar davomida ko‘rsatilgan xizmatlar darajasi qoniqarli bo‘lmadi. Asosiy muammolardan biri – guruhda ellikboshilar sonining kamligi, shuningdek, ularning yosh va tajribasiz ekani bo‘ldi. Ular ziyoratchilarga deyarli e’tibor qaratmadi, zarur yo‘l-yo‘riq va tushuntirishlar berilmadi. Bu esa safar davomida qator noqulayliklarni keltirib chiqardi. Yanvar oyida Pokiston havo yo‘li yopilgani sababli bir kun aeroportda qolib ketdik. U yerda bizni tashkilotchilar emas, umuman tanimagan bir yigit kutib oldi. Turfirma tomonidan yetarli tashkiliy yordam ko‘rsatilmagani vaziyatni yanada murakkablashtirdi. Muammoni oxir-oqibat Toshkentdagi tanishlarimiz orqali hal qilishga majbur bo‘ldik. Shaxsan mening ko‘p tanish-bilishlarim borligi bois masala yechimini topdi. Ammo, viloyat yoki chekka hududlardan borgan oddiy fuqarolar bunday vaziyatda kimga murojaat qilishini bilmay qolishi mumkin. Shu bois ziyorat safarlarini tashkil etayotgan turfirmalar ellikboshi sifatida yoshi ulug‘, tajribali va mas’uliyatli shaxslarni tayinlashi maqsadga muvofiq, deb hisoblayman. Ayniqsa, nuroniy ota-onalar uchun bunday holatlar yanada og‘ir kechishi mumkin.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, “Panorama Airways” va “Gulbahor Airways” aviakompaniyalarining xatti-harakatlari tufayli jami 2558 kishi jabr ko‘rgan. 2022 yilda tashkil etilgan “Panorama Airways” O‘zbekiston shaharlaridan Madinaga to‘g‘ridan to‘g‘ri parvozlarni yo‘lga qo‘ygan ilk mahalliy aviakompaniya bir edi. 2022 yil oktyabr oyida kompaniyaning Toshkent–Madina reysida uchgan samolyoti texnik muammolar sabab, 2 soat o‘tib Toshkentga qaytgan. Mazkur Aviakompaniyadagi nosozliklar tufayli umra ziyoratchilari sarson bo‘lgani haqida oldinma-ketin tanqidiy fikrlar keti uzilmadi.
Vaziyatga o‘z vaqtida yechim topilmagani bois, 2024 yilga kelib inqiroz eng yuqori nuqtasiga yetdi. 2024 yilda Umra ziyoratiga borgan 3 mingga yaqin o‘zbekistonlik “Panorama Airways” reyslari kechikkani sababli Arabistonda bir necha kun, hatto 10 kungacha qolib ketdi. Shu yilning o‘zida, Umra safari bilan bog‘liq muammo tufayli xususiy aviakompaniya mansabdor shaxslariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Masalaning qiziq jihati, xuddi shu ayblovlar bilan mijozlarning ishonchidan chiqqan “Gulbahor Airways” kompaniyasi va “Panorama Airways” kompaniyalarining norasmiy boshqaruvchisi bir kishi bo‘lib chiqqan.
Yana bir muhim ma’lumot, 2022 yildan boshlab o‘zaro raqobat tufayli narxlarning tushishi turpaketlar sifatiga, ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatishga salbiy ta’sir o‘tkazdi. Ayniqsa, yo‘lovchilarning aksariyati yoshi ulug‘ keksalar ekani va ularning salomatligiga e’tiborsiz bo‘lingani vaziyatning eng og‘riqli jihatidir. Ayrim holatlarda ba’zi xususiy firmalar orqali ketgan ziyoratchilarning sog‘lig‘i borasida umuman g‘amxo‘rlik qilinmagan. Afsuski, bu kabi holatlar hozir ham kuzatilyapti. Shunday vaziyatlar kishilar kimlarga qay tartibda murojaat qilishi borasida O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi bilan bog‘landik.
“2025 yil davomida “Umra” faoliyatini litsenziyasiz amalga oshirgan 71 ta turfirmada tekshiruv o‘tkazildi. 45 ta tadbirkorlik sub’ektiga BHM 200 baravari miqdorida jarimalar qo‘llanildi. Shuningdek, noqonuniy umra faoliyati va firibgarlarga aldanib qolmaslik bo‘yicha fuqarolarimiz xabardorligini oshirish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarda 207 ta chiqishlar, ma’lumotlar, roliklar, podkastlar joylashtirildi. Shuningdek, fuqarolarning ushbu masala bo‘yicha murojaatlari bo‘lsa, “Call markaz”ga 71 207-17-58 (ichki 123 yoki 124) hamda +99898 140-04-75 telefon raqamlari orqali bog‘lanishlari mumkin.”
Davlat tomonidan tashkil etilgan safarlarda esa 2 xil paket mavjud bo‘lgan. “Lyuks” va “Komfort” paketlar. Komfort safar muddati 10 kun, bahosi 16 million 600 ming so‘mdan boshlanib, unda Umra vizasi va tibbiy sug‘urta, aviachipta, imom-xatib va mudarrislardan iborat ellikboshilar, Madina, Makka va Jidda yo‘nalishlarida xizmat ko‘rsatadigan zamonaviy avtobuslar, 3-4 yulduzli mehmonxona, uch mahal issiq ovqat – nonushta, tushlik va kechki taom, eng muhimi kun va tunning istalgan vaqtida tibbiy xizmat, sumka va nimcha hamda safardan qaytishda zam-zam suvi kiritilgan. Lyuks paket safarining bahosi 20 million 400 ming so‘mdan boshlanadi. Ularning asosiy farqi – mehmonxonalar necha yulduzli ekani, Harami shariflarga qanchalik yaqinligi, xonalarda necha kishi yashashi bilan farqlanadi.
Ammo, aksar xususiy turfirmalar ziyoratchilar xavfsizligi va sharoitlarini o‘ylamay, sifatga emas songa e’tibor qaratib, ko‘pchilikning e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Yuzlab malakasiz firmalar tez va oson pul topish ilinjida ko‘payib ketdi, oqibatda esa mehmonxona va qaytish chiptalari bilan bog‘liq firibgarliklar soni oshib ketdi. Bundan tashqari, litsenziyasiz faoliyat yuritgan bir qator firmalar ustidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Bu voqealar davlatni keskin choralar ko‘rishga majbur qildi. Shu bois, 2024 yilda Umra ziyorati qattiq nazoratga olindi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 668-sonli qarori bilan xususiy sektor uchun “filtr” o‘rnatildi. Unga ko‘ra, Umra tashkil etuvchi firmalar uchun 100 000 AQSH dollaridan 1 million AQSH dollarigacha (Ziyorat jamg‘armasiga) garov mablag‘i qo‘yish talabi kiritildi. Shuningdek, diniy bilimga ega bo‘lgan mutaxassis-gidlar shtatda bo‘lishi shart qilib qo‘yildi.
Bugungi kunda Haj va Umra safar navbatlari elektron tizim orqali shaffoflashtirildi. Bunda tizimga kirib, har biri kishi navbatini o‘zi ko‘rib turishi imkoni yaratildi. Davlat idoralari bilan bir qatorda hozirda 12 ta litsenziyaga ega xususiy turfirmalar ham faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ammo, litsenziyaga ega turfirmalarda hozirgacha qator kamchiliklar ko‘rinib qolyapti. Ular vositachi “uddaburonlar”lar bilan o‘zaro kelishgan holda, xizmat ko‘rsatuvchilarining sonini oshirmoqda. Ya’ni, chayqovchilik qilayotganlar xususiy firmalardan arzonroq narxda joy o‘rinlarini olib, ustiga o‘zlarining xizmat haqqini qo‘yib, safarni tashkillashtirib bermoqda. Oqibatda, tashkilotchi xizmatidan to‘g‘ridan to‘g‘ri foydalanmagan, ziyoratchilar yana va yana turli noqulayliklarga duch kelyapti. Bunga asosiy sabab o‘rtadagi vositachilar bo‘lyapti. E’tibor bering va’da uchinchi kishilar tomonidan berilyapti. Bunda ziyoratchilarning xavfsizligi, xizmat sifatlari gumon ostida qoladi. Muammo aynan shu yerda boshlanadi. Agar reys kechiksa, mehmonxona bilan muammo chiqsa yoki aviakompaniya shartnomani bajarmasa, javobgarlik masalasi havoda osilib qoladi. Vositachi firma “biz faqat odam yig‘dik” deydi. Asosiy kompaniya esa “bizga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilinmagan” deyishi mumkin. Natijada ziyoratchi ikki o‘rtada sarson.
Ichki ishlar vazirligining 2026 yil yanvar oyidagi xabariga ko‘ra, O‘zbekistonda 19 ming 547 nafar fuqaroni Umraga noqonuniy yuborganlar ushlangan. Ular 2 yil davomida fuqarolardan 22 mln 846 ming 590 AQSH dollari miqdorida naqd pullar olgan. Ularga nisbatan tegishli tartibda jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Joriy yilning 27 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev jinoiy to‘dalar biznesni niqob qilib olib, noqonuniy tashkil etilayotgan umra va haj ziyoratlarini keskin tanqid qilgandi.
Hukumat talablarni kuchaytirdi, depozit qo‘yildi, ro‘yxat qisqartirildi. Lekin savol ochiq qolmoqda, nega murojaatlar kamaymayapti? So‘nggi oylarda tahririyatlarga kelayotgan shikoyatlar bir xil mazmunda: “samolyot uchmay qoldi”, “reys bekor bo‘ldi”, “mehmonxona tayyor emas”, “ovqat yo‘q”, “gid yo‘q”, “hech kim javob bermayapti”. Eng xavotirlisi bu holatlar faqat litsenziyasiz “ko‘cha firmalari” bilan emas, rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalar nomi atrofida ham uchramoqda. Hukumat qat’iy talab qo‘ygan bo‘lsa-da, firibgarlik to‘liq yo‘qolgani yo‘q. Ziyorat biznes emas. U yerda insonning ishonchi bor. Ishonch esa bir marta sinsa, tiklash juda qiyin. Litsenziyaga ega firmalar yanada ko‘proq daromad orttirish maqsadida qo‘shimcha yollovchi, mijoz topuvchilardan foydalanyapti. QALAMPIR.UZ’ga kelib tushgan xabarlarga ko‘ra, xususiy firmalar “nomidan foydalanish” holatlari kuzatilmoqda. Ya’ni, bir kompaniya litsenziya oladi, boshqalar uning soyasida ishlaydi. Muammo chiqqan paytda esa javobgarlik mas’uliyati ochiq qolib ketishi mumkin. Agar fuqaro to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma qilmasa, vositachilar zanjiri uzilmasa, sarsonlik holatlari, muammolar davom etaveradi, safar mashaqqatlari qiyinlashaveradi.
Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda “Haj va Umra yagona portali” ishga tushirildi. Endilikda ziyoratga borish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun ushbu portal orqali ro‘yxatdan o‘tish majburiy etib belgilangan. 2026 yil 1 fevraldan boshlab Haj tadbiriga, 2026 yil 1 maydan boshlab umra tadbiriga borish uchun portalda ro‘yxatdan o‘tish majburiy etib belgilandi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning bildirishicha, bu jarayon aholi o‘rtasida hech qanday navbatlar yuzaga keltirmaydi. Aksincha bu tizim fuqarolarga bir qancha yengilliklar beradi. Endilikda, ziyoratchilar haqidagi ma’lumotlar portalga kiritilmasdan turib safarlarni tashkil etishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu ma’lumotlarni portalga kiritish litsenziyaga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari va O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshiriladi. Shuningdek, fuqarolarga qonuniy tadbirkorlik sub’ektini noqonuniysidan ajratib olish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bundan tashqari, litsenziyaga ega tadbirkorlik sub’ekti hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan taklif etilayotgan umra xizmatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni fuqaro uyidan chiqmagan holda o‘ziga ma’qul shaklda tanlash va onlayn band qilishi mumkin bo‘ladi.
Live
Barchasi