Ummonda eri tomonidan tutqunlikda saqlangan ayol O‘zbekistonga qaytarildi
Jamiyat
−
20 iyun 8002 2 daqiqa
Ummonda xorijlik fuqaro bilan shar’iy nikoh asosida yashagan va uyda tutqunlikda saqlangan O‘zbekiston fuqarosi hamda uning farzandlari mamlakatga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Ummonda og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan fuqaro I.S. O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qilgan hamda ikki nafar voyaga yetmagan farzandi bilan mamlakatga qaytishida yordam so‘ragan.
Murojaatda qayd etilishicha, u 2019 yildan buyon Ummonning Al-Buraymi shahrida asli kelib chiqishi eronlik bo‘lgan, lekin hech bir davlat fuqaroligiga ega bo‘lmagan Ali ismli shaxs bilan shar’iy nikoh asosida birga yashab kelgan. I.S. shar’iy eridan 2020 yilda va 2022 yilda farzandlarni dunyoga keltirgan. Oila boshlig‘ining hech qanday hujjatga ega emasligi va qonuniy nikoh shartnomasining yo‘qligi sababli bolalarga tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalarni rasmiylashtirish ham yillar davomida ortga surilib kelgan.
Shuningdek, oiladagi kelishmovchilik, noqonuniy erning farzandlarga nisbatan tez-tez kuch ishlatish holatlari va ularni Al-Buraymi shahridagi xonadonda tutqunlikda saqlash holatlari ayolning O‘zbekiston elchixonasiga yordam so‘rab, ariza yozishga undagan.
Arizada qayd etilgan holatlar batafsil o‘rganilganidan so‘ng, joriy yilning 19 may kuni elchixona xodimlari Al-Buraymi shahridagi I.S. ushlab turilgan xonadonga tashrif buyurgan. Diplomatlar ko‘magida ona va uning ikki nafar voyaga yetmagan bolasi Maskat shahriga olib borilgan hamda vaqtincha yashash uchun joy bilan ta’minlangan.
Shundan so‘ng, elchixona konsullik bo‘limi tomonidan Ummon tegishli davlat idoralariga murojaatlar qilinib, I.S.ning voyaga yetmagan farzandlariga tug‘ilganlik haqidagi va mamlakatga qaytish uchun guvohnomalar rasmiylashtirilgan.
Mazkur oila 18 iyun kuni Maskat shahridagi xalqaro aeroportdan O‘zbekistonga kuzatib qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Interpolning O‘zbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosining kuzatuvi ostida xalqaro qidiruvda bo‘lgan ikki nafar ayol Ummonning Maskat shahridan Toshkentga olib kelingandi. Ikkala ayol ham firibgarlik va odam savdosi bilan ayblanib, qidiruvda bo‘lgan.
Live
Barchasi