O‘lim va vayronalarga qaramay, g‘azoliklar Trampning ko‘chirish rejasini rad etmoqda
Olam
−
08 iyul 3151 4 daqiqa
45 yoshli falastinlik Mansur Abu al-Xair G‘azoga nazar tashlagan sari, deyarli ikki yil davom etgan urush oqibatida yuzaga kelgan o‘lim va vayrongarchilikni ko‘radi. Bu haqda u “Reuters” bilan suhbatda so‘z ochgan.
Isroilning havo hujumlari va og‘ir bombardimonlari falastinliklarning hayotini parchalab tashlagan bo‘lsa-da, Abu al-Xair va boshqalar AQSH Prezidenti Donald Trampning Isroil qo‘llab-quvvatlagan G‘azo aholisini – 2,3 million kishini – ko‘chirish bo‘yicha rejasini qat’iy rad etmoqda.
“Bu bizning yerimiz. Biz uni kimga qoldiramiz? Qaysi tomonga keta olamiz?” deydi texnik mutaxassis Abu al-Xair.
Kecha, 7 iyul kuni Oq uyda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni qabul qilgan Tramp falastinliklarni G‘azo sohilidan ko‘chirishga qaratilgan nizoli tashabbus bo‘yicha “atrofdagi davlatlar tomonidan katta hamkorlik” mavjudligini aytdi. Netanyaxu esa jurnalistlarga shunday dedi:
“Agar odamlar qolmoqchi bo‘lsa – qolsin. Lekin agar ketmoqchi bo‘lsa, ketish huquqi bo‘lishi kerak. Bu hibsxona bo‘lmasligi kerak, ochiq joy bo‘lishi va odamlarga erkin tanlash imkoniyati berilishi lozim. Biz AQSH bilan yaqin hamkorlikda faoliyat yurityapmiz. Har doim falastinliklarga yaxshiroq kelajak berishni istaganini aytgan mamlakatlarni izlayapmiz. Menimcha, biz bir necha davlatni topishga yaqinmiz”, dedi u.
BMTning inson huquqlari bo‘yicha rasmiysi Ravina Shamdasani esa Jenevadagi matbuot anjumanida g‘azoliklarni ko‘chirish rejasini qoraladi.
“Majburiy ko‘chirish bilan bog‘liq jiddiy xavotirlar mavjud. Bu kabi vaziyatda ixtiyoriy ko‘chish tushunchasining o‘zi juda shubhali”, dedi u.
2025 yil yanvar oyida prezidentlik lavozimini qayta egallaganidan besh kun o‘tib, Tramp Iordaniya va Misrni G‘azodan falastinliklarni qabul qilishga chaqirgan va buni uzoq muddatli yechim sifatida ko‘rsatgan. Lekin Qohira va Amman bu “G‘azoni Yaqin Sharq Riverasiga aylantirish” g‘oyasini tezda rad etdi. Falastinliklar va inson huquqlari tashkilotlari buni etnik tozalash deb baholadi.
27 yoshli g‘azolik Said esa Tramp va Netanyaxuning G‘azo aholisini ko‘chirish haqida yana gapirgani haqidagi xabar bilan uyg‘onganidan bezovta bo‘lganini aytadi. Urush, ko‘chish va yo‘qotishlarga qaramay, u G‘azoni – 1948 yilda Isroil tuzilganidan so‘ng yuz minglab qochqinlarni qabul qilgan va bugungi kunda ham aholi zich joylashgan kichik hududni – o‘z uyi deb hisoblaydi.
“Biz o‘z xohishimiz bilan ketish, boshqa davlatlarga sayohat qilish huquqiga egamiz. Ammo majburiy ko‘chirish rejasini, falastinliklar sifatida, rad etamiz”, deydi Said.
Falastinliklar anchadan beri G‘arbiy Sheria, G‘azo va Sharqiy Quddusda mustaqil davlat tuzishni orzu qilib keladi. Bu orzu AQSH orqali olib borilgan tinchlik muzokaralarida asosiy masala hisoblanadi.
Nakba takrorlanishi xavfi
Ko‘plab falastinliklar Isroilni ularning davlat tuzish imkoniyatlarini qasddan buzishda ayblaydi – jumladan, G‘arbiy Sheriada noqonuniy manzilgohlar qurilishi va G‘azodagi keng ko‘lamli vayrona uchun. Isroil esa bu ayblovlarni rad etadi va o‘zini “ekstremist guruhlar bilan kurashyapti”, deb hisoblaydi. Shu bilan birga, yahudiy davlati G‘arbiy Sheriada tarixiy va diniy huquqlari borligini iddao qiladi.
Ko‘chirish – falastinliklar uchun eng og‘riqli mavzulardan biri. Ular 1948 yilda yuz bergan Nakba fojiasi – Isroil tashkil topishi ortidan yuz minglab falastinliklar o‘z uylaridan haydalishi – yana bir bor takrorlanishidan xavotirda.
Nakba voqeasi 75 yildan ortiq vaqt mobaynida falastinlik milliy shaxsiyatini shakllantirgan asosiy tarixiy jarayonlardan biri hisoblanadi va Isroil bilan munosabatlarda doimiy soya solib kelmoqda.
Falastin siyosiy va ijtimoiy tadqiqot markazi ma’lumotlariga ko‘ra esa, doimiy havo hujumlari va oziq-ovqat, yonilg‘i, dori-darmon hamda suv yetishmovchiligi ortidan, ayrim falastinliklar chiqish yo‘lini izlamoqda.
“G‘azo aholisining qariyb yarmi agar imkoni bo‘lsa, hududni tark etishni istaydi”, deyiladi 2025 yil may oyida chop etilgan hisobotda.
“Reuters” tomonidan o‘rganib chiqilgan va AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan munozarali yordam guruhi nomini olgan taklifda Falastin aholisini joylashtirish uchun G‘azo ichida va ehtimol uning tashqarisida “Gumanitar tranzit hududlari” deb nomlangan keng ko‘lamli lagerlar qurish rejasi tasvirlangan.
Biroq G‘azolik Abu Samir al-Faqaviyning fikri aniq:
“Men G‘azoni tark etmayman. Bu – mening Vatanim.
Bu yerda bolalarimiz shahid bo‘lgan. Oilamiz, do‘stlarimiz, qarindoshlarimiz shu yerda yotibdi. Trampga ham, Netanyaxuga ham yoqsin-yoqmasin – biz bu yerda qolamiz”.
G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil 7 oktyabrdan beri Isroilning hujumlari 57 000 nafardan ortiq falastinlikning hayotiga zomin bo‘lgan
Live
Barchasi