“O‘ldirilishi ham mumkin edi”. JHQQ O‘zbekistonni Fotima Jo‘rayeva ishini oshkora tergov qilishga chaqirmoqda

Jamiyat

image

O‘zbekiston hukumati bloger Fotima Jo‘rayevaga qilingan hujum yuzasidan tezkor va oshkora tergov olib borishi va uning xavfsizligini ta’minlashi kerak. Bu haqda jahon Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi bayonotida so‘z boradi

“OAVda yozilishicha, 22 noyabr kuni Fotima Jo‘rayeva “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning Andijon viloyati Ulug‘nor tumani bo‘limi bosh hisobchisi Saydullo Mamadaliyev tomonidan kaltaklangan. Jo‘rayeva Mamadaliyevdan o‘zi huquqshunos sifatida ishlab kelayotgan fermer xo‘jaligiga oid elektr energiyasidan qarzdorlikni sun’iy ravishda oshirilganligi bo‘yicha tegishli hujjatlarni berishini talab qilgan. Shunda korxona bosh hisobchisi unga qo‘pol munosabatda bo‘lib, uni haqorat qilib, qo‘li bilan uning yuziga urgan va qo‘l telefonini sindirib yuborgan”, deyiladi bayonotda. 

Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi hisobchi Saydullo Mamadaliyevga Facebook orqali aloqaga chiqqan. Biroq Mamadaliyev tomonidan javob bo‘lmagan. Qo‘mita mazkur ish Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingani, tekshiruv harakatlari olib borilayotgani, biroq “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bayonotida Mamadaliyevning Jo‘rayevaga qo‘l ko‘targani rad etilganiga e’tibor qaratgan. 

“O‘zbekiston hukumati bloger Fotima Jo‘rayevaga qilingan hujumni chuqur va ishonchli tergov qilib, aybdorlarni javobgarlikka tortishi kerak. Korrupsiya bilan bog‘liq iddaolarni tergov qilayotgan o‘zbek jurnalistlari va blogerlari ko‘z o‘ngida rasmiylar ularga nisbatan zo‘ravonlik harakatlari jazosiz qolmasligi haqida aniq signal berishlari kerak”, deydi qo‘mitaning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha koordinatori Gulnoza Said.

Bayonotda ta’kidlanishicha, 2012 yildan beri blog yuritishda faol bo‘lgan Jo‘rayeva mahalliy aholining korrupsiya va boshqa adolatsizliklar haqidagi shikoyatlarini tez-tez tekshirib turadi.  Jo‘rayeva Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Jamoatchilik kengashining a’zosi. 

Qayd etilishicha, bloger Fotima Jo‘rayeva o‘ziga qilingan zo‘ravonlikdan so‘ng, huquq-tartibot organlariga qo‘ng‘iroq qilib, xabar bergan. “Agar u o‘z vaqtida ichki ishlar xodimlarini chaqirmaganda, yirik korrupsion sxemani fosh qilish jarayonida, balki o‘ldirilishi ham mumkin edi”, deyiladi bayonotda.

O‘tgan davr mobaynida Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Matbuot xizmatiga va jamiyatning Andijon viloyati hududiy bo‘limiga qo‘ng‘iroq qilib, elektron pochta manziligi maktub yo‘llagan. Shuningdek, Bosh prokuratura Matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovga ham bir qator savollar yo‘llab, izoh berishi so‘ralgan. Biroq Shamsutdinovdan javob bo‘lmagan. 


Maqola muallifi

Teglar

Fotima Jo'raeva

Baholaganlar

753

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar