O‘ldirilgan ayiq bolasi ishi IIBga oshirildi
Jamiyat
−
28 aprel 2022
11893Qashqadaryoda qo‘ng‘ir ayiq bolasining o‘ldirilishi bilan bog‘liq holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar Ichki ishlar organiga o‘tkazildi. Bu haqda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat ekologiya qo‘mitasi inspektorlari va tuman IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish jarayonida holat, Dehqonobod Davlat o‘rmon xo‘jaligining Qizilsoy o‘rmon bo‘limida joriy yilning 5 aprel kuni sodir etilgani aniqlangan.
Ayiq bolasining tanasidan ajratib olingan terisi “Oqqishloq” MFY hududida yashovchi K. Sh.ning yashash xonadonidan topilgan. Ayiq bolasi terisi dalolatnoma asosida olib qo‘yilib ekspertizaga yuborilgan. Holatdan xabardor bo‘lgan barcha fuqarolardan yozma tushuntirish xatlari olingan.
Ayiq bolasining o‘ldirilishi bilan O‘zbekiston Respublikasining “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi hamda “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi qonunlari talablari qo‘pol ravishda buzilgan. Holatda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 202-moddasida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari borligi sababli, to‘plangan hujjatlar Dehqonobod tuman Ichki ishlar bo‘limiga o‘tkazilgan.
LiveBarchasi