Ular majburan qaytarilmaydi – Ismatulla Irgashev O‘zbekistondagi afg‘on qochqinlari haqida

Jamiyat

image

Bugungi kunda 100 dan ortiq afg‘onistonlik qochqin O‘zbekistondan boshpana olgan va shu yerda yashab kelmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Irgashev Afg‘onistonda hokimiyat ag‘darilgach, O‘zbekistonga qochib o‘tgan, afg‘onlar bilan qanday yo‘l tutilgani haqidagi savollarga ham javob bergan.

“Mamlakatimiz hududida yashab kelayotgan afg‘on fuqarolarini majburiy ravishda Afg‘onistonga kuch bilan qaytarish niyatimiz yo‘q. Shu bilan birgalikda men shuni aytib o‘tishim kerak, “Termizda juda ko‘plab afg‘on qochqinlari yashab kelmoqda” degan ma’lumot noto‘g‘ri. Bunday qochqinlar Termizda ommaviy tarzda yashab kelayotgani yo‘q. Shuni aytib o‘tmoqchimanki, bunday qochqinlar yo‘q. 

Birinchi marta ommaviy axborot vositalari xodimlariga shu haqda gapirib bermoqchiman. Mana shu fojiali 14-15 avgust kunlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Amudaryodan suzib o‘tgan, taxminan 150 nafar afg‘on qochqinlari Termizda bor edi. O‘zingizga ma’lum, bir qancha afg‘onlar AQSH va Yevropa davlatlarining yordamida boshqa mamlakatlariga “qochoq” maqomini olgan holda ketishdi. Bizning hududimizga o‘tgan 150 nafar qochoqlarning moliyaviy imkoniyatlari juda tor. Ularning oilalari, farzandlari Afg‘onistonda qolib ketgan. Qocha-qoch davrida o‘tishgan. Ular bilan suhbatlashdim. Ular agar bizning xavfsizligimizni ta’minlab berishsa, “Tolibon” hukumati bilan kelishib, ular bizga tazyiq o‘tkazishmasa, o‘ldirishmasa, qamashmasa biz mamlakatimizga qaytsak, bizning moliyaviy imkoniyatlarimiz yo‘q deyishdi.

Men Tolibon hukumati bilan gaplashganimda ular qochoqlarga tegmaslikka kafolat berishdi. “Agar ular vatani uchun xizmat qilmoqchi bo‘lishsa, biz ularni afv etamiz”, deyishdi. Ularning orasida harbiylar ko‘p edi. qochoqlarda avval bu gaplarga ishonch bo‘lmadi. Lekin biz ularni qaytardik. Men o‘zim buni shaxsan nazorat qildim. Bironta qochoq afg‘onga tazyiq o‘tkazilmadi. Ular o‘zlari yashaydigan qishloqlarga yuborildi. Shuning bilar barcha 150 nafar afg‘on yurtiga qaytarildi”, deydi Ismatulla Irgashev.

Diplomat O‘zbekiston hududidagi turli shaharlarda yashab kelayotgan Afg‘oniston fuqarolari taqdiri nima bo‘lishini ham aytib o‘tdi.

“O‘zbekiston hududidagi turli shaharlarda yashab kelayotgan afg‘on fuqarolar haqida aytadigan bo‘lsak, ularning bir qismiga uchinchi davlatlarga qochoq maqomida ko‘chib o‘tishi uchun xalqaro institutlar yordam beradi, bu yerda qolib ishlash va yashash imkoniyatiga ega bo‘lganlar vizasi uzaytirilishiga yordam beriladi. Shu bilan birga, vizasi uzaytirilmaganlar majburiy ravishda mamlakatdan chiqarib yuborilmaydi”, dedi Prezidentning maxsus vakili.

Avvalroq Ismatulla Irgashev Afg‘onistondagi etnik o‘zbeklar “Tolibon” tomonidan qiynoqqa solinmayotgani, bu haqda tarqatilayotgan xabarlar asossiz ekani haqida ma’lumot bergani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

96

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing