Ultimatum muddati tugagan kuni Rossiya Buchadagi bolalar bog‘chasiga zarba berdi
Olam
−
08 avgust 8195 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Trampning rossiyalik mavqedoshi Vladimir Putinga Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha ultimatum muddati tugagan kuni Rossiya Federatsiyasi qo‘shni davlatga yangi yirik dron zarbasini berdi. Bugun, 8 avgustga o‘tar kechasi Rossiya kuchlari Ukrainaga 100 dan ortiq havo hujumi qurollari, jumladan, 104 ta Shahed tipidagi hujumchi uchuvchisiz samolyotlar, har xil turdagi dron imitatorlari, shuningdek, 8 ta tezyurar (reaktiv) dron bilan hujum qildi. Bu haqda Ukraina Harbiy-havo kuchlari ma’lum qildi.
“Zarba Smolensk viloyatidagi Shatalovo, Krasnodar o‘lkasining Kursk, Bryansk, Primorsko-Axtarsk, shuningdek, anneksiya qilingan Qrimdan amalga oshirildi”, deyiladi bayonotda.
Shu bilan birga, Ukraina bo‘linmalari mamlakat shimoli, janubi, sharqi va markazida 82 ta rus dronlarini, shu jumladan, 3 ta reaktiv va 79 ta Shahed tipidagi hujumchi dron va har xil turdagi dron imitatorlarini urib tushirishga yoki bostirishga muvaffaq bo‘ldi. 10 ta joyda 26 ta uchuvchisiz samolyotlar urib tushirilgan.
Rossiya tomonidan o‘qqa tutilgan nishonlardan biri Kiyev viloyatidagi Bucha fuqarolik infratuzilmasi edi. Shahar meri Anatoliy Fedoruk Facebook'da bolalar bog‘chasi va yettita xususiy uyga zarar yetganini ma’lum qildi. U havo hujumidan mudofaa kuchlarining samarali ishini qayd etib, hujum qiluvchi uchuvchisiz samolyotlarning aksariyat qismi yo‘q qilinganini bildirdi.
“Ayrim ob’ektlar vayron bo‘lgan va ularni qayta tiklash zarur. Asosiysi, hamma tirik”, dedi mer.
Yangilik telemafonida Fedoryuk Bucha shahriga 10 ta hujumchi dron yuborilganini aytdi. O‘z navbatida, Kiyev harbiy ma’muriyati rahbari Nikolay Kalashnik Rossiya hujumi oqibatida 16 yoshli qiz va 56 va 80 yoshli ikki ayol o‘tkir stress reaksiyasini boshdan kechirganini ma’lum qildi.
“Bucha tumanida 21 ta xususiy uy, xo‘jalik inshootlari, garajlar, qurilishi tugallanmagan ikkita ko‘p qavatli uy, 10 ta avtomobil zarar ko‘rdi”, deb yozadi u Telegram-kanalida.
Live
Barchasi