Ukrainaning yangi Tashqi ishlar vaziri tasdiqlandi
Olam
−
05 Sentabr
6533Oliy Rada Ukraina Tashqi ishlar vazirining sobiq birinchi o‘rinbosari Andrey Sibiga yangi Tashqi ishlar vaziri etib tayinlanishini ma’qulladi. Bu haqda Ukraina parlamenti deputati Yaroslav Jeleznyak ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bu qarorni 258 deputat qo‘llab-quvvatlagan. Ilgari Ukraina Prezidenti devonida ishlagan Sibiga nomzodi avvalroq davlat rahbari Vladimir Zelenskiy tomonidan taqdim etilgan edi.
Ma’lumot uchun, Sibiga 1975 yilda Ukraina g‘arbidagi Ternopil viloyati Zborov shahrida tug‘ilgan. Lvov universitetining xalqaro munosabatlar fakultetini tamomlagan, shuningdek, huquqshunoslik malakasiga ega. 1997 yilda u Ukraina Tashqi ishlar vazirligida o‘z faoliyatini boshlagan va ham markaziy apparatda, ham xorijiy vakolatxonalarda ishlagan. 2012-2016 yillarda Tashqi ishlar vazirligi Konsullik xizmati departamentini boshqargan, 2016-2021 yillarda Ukrainaning Turkiyadagi elchisi bo‘lgan. 2021-2024 yillarda Ukraina Prezidenti devonining o‘rinbosari sifatida faoliyat olib borgan. 2024 yildan Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq sobiq Ukraina TIV rahbari Kuleba iste’foga chiqqani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi