Ukrainaning NATOga kirishini hal qilish Rossiyaning ishi emas – Stoltenberg
Olam
−
13 yanvar 2022
6378Rossiya va NATO Kengashining yig‘ilishi keskin va murosasiz bahslarga to‘la ruhda o‘tdi. Tomonlar o‘rtasidagi ziddiyat hali ham jiddiyligicha qolmoqda. Bu haqda kecha, 12 yanvar kuni Bryusseldagi uchrashuv yakuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg ma’lum qilgan.
“Yevropada xavfsizlik masalalari juda muhim darajada turgan hozirgi vaqtda Rossiya bilan uchrashuv oson kechmadi. Ammo bu uchrashuv uzoq kutilgan va o‘tkazilishi zarur edi. Ukrainadagi vaziyat va Yevropa xavfsizligi masalalari bo‘yicha juda jiddiy va to‘g‘ridan-to‘g‘ri fikrlar almashildi. Bu masalalar borasida Rossiya va NATO o‘rtasida jiddiy kelishmovchiliklar mavjud”, degan, Stoltenberg o‘z nutqida.
Unga ko‘ra, ikkinchi tomon bilan pozitsiyalar borasida bir to‘xtamga kelish juda qiyin.
“Ular bilan yaqinlashish oson kechmaydi, lekin biz muzokaralar uchun ularni bir stol atrofiga yig‘a olganimizni ilk yutuqli qadamimiz, deya hisoblaymiz. Rossiya va NATO vaziyat taqazo etgan taqdirda muzokaralar formatini yangilashga kelishib oldi”, deya qo‘shimcha qilgan NATO Bosh kotibi.
Stoltenbergning bildirishicha, NATO ayrim davlatlar, shu jumladan, Ukrainaning ham ittifoqqa qabul qilinishi borasida Rossiya bilan muzokaralar olib borishdan bosh tortadi.
“Alyansga a’zo mamlakatlar alyansning prinsiplari haqida bir fikrni ma’qullaydi: har bir mamlakat o‘z yo‘lini ixtiyoriy ravishda o‘zi tanlaydi. Ukrainaning alyansga qachon kirishini faqat uning o‘zi va alyansga a’zo 30 ta davlat hal qiladi. Ukrainaning tashkilotga qo‘shilishi yoki qo‘shilmasligi masalasida Rossiya veto huquqiga ega emas. Ittifoqchi davlatlar Kiyevni NATOga a’zo bo‘lish yo‘lidagi say-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor”, deya ma’lum qilgan Bosh kotib.
Stoltenbergga Rossiya Federatsiya hamon Ukraina chegarasi yaqinidagi hududda og‘ir artilleriya va qurollangan harbiylarni saqlayotganini tanqid qilgan. U Ukraina Rossiyaga tahdid tug‘dirmasligi, balki buning aksi ekanligini, Kiyev o‘z xavfsizligini harbiy yo‘l bilan himoya qilishini, bu yo‘lda esa NATO davlatlari unga yaqindan yordam berishini bildirgan.
Bryusseldagi Rossiya-NATO Kengashining yig‘ilishi Moskva tomonidan ilgari surilgan Rossiya va G‘arb davlatlari o‘rtasida o‘tkazilgan Yevropa xavfsizligi bo‘yicha muzokaralarning ikkinchi bosqichi hisoblanadi.
Muzokaralarning birinchi bosqichi 10 yanvar kuni Jenevada Rossiya-AQSH o‘rtasida bo‘lib o‘tgan. YeXHT doirasidagi muzokaralarning uchinchi bosqichi 13 yanvar kuni Venada bo‘lib o‘tadi.
Behruz Saidov
LiveBarchasi